Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:58

"Islomiy davlat" Markaziy Osiyodan oilalarni jihodga yollashga urinmoqda


O‘zini Abu Amin, deb tanishtirgan keksa jangari
O‘zini Abu Amin, deb tanishtirgan keksa jangari

Iroq va Shomda janglar kuchayib, talofotlari oshayotgan "Islomiy davlat" Markaziy Osiyodan oilasi bilan jihodga borgan jangarilar da’vati o‘rin olgan targ‘ibot videolarini peshma-pesh e’lon qilmoqda. O‘tgan haftada ekstermist guruhlarning rus tilidagi saytlarida bola-ota-bobo tilidan da’vatlar yangragan ikki video chop etildi. Ulardan biridagi bobo - yoshi 60dan oshgan o‘zbek janggarisi bo‘ldi.

Yangilangan targ‘ibot

"Islomiy davlat" (ID) g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlarda yoyib kelayotgan Furat Media guruhi tarqatgan videolardan biri 30 daqiqalik va unda asli o‘shlik bo‘lgan 60lar atrofidagi jangari hamyurtlari, ayniqsa, Turkiyada yurgan hamyurtlarini Suriyaga chorlaydi.

O‘zini Abu Amina, deb taqdim qilgan keksa jangarining ko‘zyoshlari aralash ravon nutq bilan qilgan da’vati Markaziy Osiyoning barcha yoshdagi musulmonlariga qaratilgan.

Yana bir videoda esa qozog‘istonlik jangarilar bolalari bilan birga hamyurtlarini Suriyaga jihodga kelishga chorlaydi. Bu videoda 4-6 yoshlar atrofidagi go‘dak qo‘lida qurol bilan kadrga o‘qtalib, prezident Nursulton Nazarboev nomiga tahdid so‘zlarini takrorlaydi.

Oilalarga chaqiriq

Har ikki videoda jangarilar ID halifaligi bir davlatga aylangani, uning ichida boshqaruv va davlat tizimi shakllangani, maktablar, bog‘chalar, ishxonalar ishlab turilganiga urg‘u bermoqdalar.

Ana shu asos bilan ular hamyurtlari oilalari bilan jihodga halifalikka kelishga chorlamoqdalar. Har ikki videoda jangarilar o‘g‘illari va nabiralari bilan birga aks etgan.

Jumladan, o‘shlik Abu Amina nabiralaridan biri bilan tushgan suratini ham e’lon qilgan. U avval juda ko‘p gunoh ishlar qilgani, O‘shdagi masjidlardan biriga qatnab yurib, haqiqatni tanigani va buning ortidan oilasi halifalikka kelib erlashganini ta’kidlaydi.

Qizlari, kuyovlari va 60 yashar xotini bilan ID halifaligiga o‘tib, oyiga 51 AQSh dollari miqdoridagi maosh bilan yashayotganini aytgan Abu Amina halifalikda oilalari bilan kelayotgan jangarilar uchun hamma sharoit borligini da’vo qiladi.

Hikoyasiga ko‘ra, bu veteran jangari IDga qo‘shilguniga qadar Afg‘oniston va Pokistonda ham bo‘lgan.

ID targ‘iboti qahramonlari

ID targ‘ibot roligining navbatdagi qahramoni - o‘zini "Ollohning O‘shda katta bo‘lgan quli" sifatida tanishtirgan Abu Amina o‘ta ravon va aniq maqsadga yo‘naltirilgan nutq bilan yarim soat davomida kadrda qoladi.

Ozodlik bu jangari shaxsiga oid ma’lumotlarni topishga urindi, hozircha muvaffaq bo‘lmadi. Ozodlik iltimosi bilan bu videoni tomosha qilgan qirg‘izistonlik ekspertlardan biri esa uning nutqini tahlil qilarkan, bu "asosan, Turkiyadagi markaziy osiyolik musulmonlarga qaratilgan o‘ta agressiv da’vat" deb baholadi.

"Nutq uslubi 90-yillar boshida ko‘paygan ko‘cha bolalari - "razborshik"lar yoki qamoqda o‘tirib chiqqan "smotryashiy"larning uslubi. Bir qanchasi singan-tushgan tilla tishlari bu taxminni yanada quvvatlaydi. Bir vaqtlar bunday kishilarning bozori qaynagan. Hozir ularning aksariyati din yo‘liga o‘tib, Suriyaga ketvorishdi. E’tibor berilsa, juda agressiv hamda vaqti-vaqti bilan samimiy ohangda so‘zlayapti. Ilmi haminqadar, omi musulmonga etadigan darajada. Nutqidagi da’volarning aksari "Salafiylar" oqimidan olingan tayyor ko‘chirmalardan iborat. ID targ‘ibotchilari bu kishini bejiz tanlamagan", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan va ismini ochiqlashni istamagan ekspert.

Bundan tashqari, bu qahramonlarning musulmonlar ishonchini qozonish maqsadida o‘tmishdagi hayotini ta’sirli uslubda hikoya qilishga urinishi kuzatiladi. Jumladan, o‘zini Rinat Jumabekov, deb tanishtirgan qozog‘istonlik jangari muqaddam huquq-tartibot idoralarida ishlaganiyu keyini Ollohni taniganini aytadi.

Keksa o‘zbek jangarisi esa ko‘p yillar davomida Afg‘oniston va Pokistonda yurib, ko‘plab adashgan o‘zbek mujohidlarini ko‘rgani, bular orasida "Islomiy jihod ittihodi" guruhining yetakchilaridan biri Najmiddin Jalolov ham bo‘lganini aytarkan, "adashgan" o‘zbek mujohidlarini bugungi ID jangarilariga qiyoslab, qoralaydi.

ID qarshi kurash va raqobat iskanjasida

Turkiya va MOdagi markaziy osiyoliklarga nisbatan kuchli ohangdagi targ‘ibot o‘rin olgan bu videolarning tarqalishi IDning talofotlari oshayotgan va uning raqibi bo‘lgan "Jabhatan Nusra" bilan raqobat kuchayayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Terrorchi sanalgan har ikki guruh targ‘ibotda bir-biridan farqli g‘oyalardan foydalanmoqda. ID halifalik g‘oyasi, "Jabhanat Nusra" esa o‘z xalqini ezayotgan prezident Asad armiyasiga qarshi jihod g‘oyasini targ‘ib qilmoqda.

Zero, "xalqini qirayotgan Asadga qarshi jihod" g‘oyasi Markaziy Osiyo va Rossiyaning musulmon o‘lkalaridan borayotgan jangarilar uchun hanuz ta’sir kuchini saqlab turibdi.

Xususan, Suriyadagi o‘zbek jihodchilarining yirik guruhi - "Tavhid val Jihod" katibasi ham ayni g‘oyani muttasil targ‘ib qiladi. Bu katiba ana shu maqsad ostida "Al-Qoyda"ning qanoti bo‘lgan "Jabhatan Nusra"ga birikkanini e’lon qilgan.

Darvoqe, "Tavhid val Jihod" katibasi ham o‘z videomateriallarini peshma-pesh ijtimoiy tarmoqlarda yoyishga urinarkan, Suriyada rus uchoqlari bombasi ostida qolgan oddiy aholi vakillari aks etgan kadrlardan faol foydalanadi.

Xavfsizlik xizmatlari ta’siri

Bundan tashqari, keyingi paytlarda Markaziy Osiyo respublikalari va Rossiyada ham IDga odam yollayotgan guruhlar hamda radikallashayotgan jamoalar ustidan nazorat kuchaymoqda.

Xususan, O‘zbekistondan chetga ishlagani ketgan va IDga xayrixoh bo‘lganu bo‘lmagan hamma-hammaning yaqinlari o‘z yurtida qisuv va nazoratga olina boshlagani kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi bosimi ostida qolgan Turkiya hukumati ham keyingi oylarda Suriya bilan chegarasini qattiqroq nazorat qilishga urinmoqda.

Bu kabi choralar natijasida jihod umidida dunyoning turli o‘lkalari, shu jumladan, O‘zbekistondan borganlarning Suriya va Iroqqa o‘tishi nisbatan ozaya boshlagani aytilmoqda.

Shu bois, ID targ‘ibotni kuchaytirish va ijtimoiy tarmoqlar orqali mujohidlarni da’vat qilish, yollashga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG