Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:18

Nobiometrik pasport bilan Rossiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik jarimaga tortiladi


Bir guruh o‘zbekistonlik muhojirning eski pasport bilan Ukrainadan Rossiya orqali O‘zbekistonga ketish urinishiga munosabat bildirgan Rossiya Chegara xizmati eski o‘zbek pasporti bilan mamlakat sarhadiga yaqinlashgan har bir fuqaro jarimaga tortilishidan ogohlantirdi.

Ukrainaning Xarkov viloyatida ishlab kelgan bir guruh o‘zbekistonlik muhojir samolyot bileti qimmatligidan Rossiyaga o‘tib¸ Moskvadan poezd yoki avtobusda vatanga qaytishga bir emas¸ bir necha marta urinish qildi.

Niyozali ismli qashqadaryolik muhojir yigitga ko‘ra¸ ularga o‘zini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi deb tanishtirgan shaxs elektron maktub orqali shunday maslahat bergan:

- O‘tgan oydan beri Xarьkov granitsasiga ikki marotaba bordik. Biz Ukrainadan O‘zbekistonga ketishimiz kerak edi. Biz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yozgan edik, “O‘tsalaring bo‘ladi – yaqinda qonun qabul qildik”, dedi. Ikki martadan beri boramiz – Rossiya o‘tkazmayapti, ortga qaytarib yuborayapti. Faqat samolyot bilan pryamoy reys orqali O‘zbekistonga uchsalaring bo‘ladi, deyapti. Biz yozganimizda “Lyuboy transport bilan o‘tsalaring bo‘ladi” degan edi, dedi Niyozali.

Suhbatdoshning aytishiga qaraganda, ular ikki marotaba chegaraga borib ikkala taraf tomonidan ham jarimaga tortilgan.

Bunday qimmat va besamar urinishlardan keyin Niyozali va uch sherigining O‘zbekistondagi qarindoshlari uchoq biletiga pul jo‘natishini kutib yotishdan o‘zga chorasi qolmagan:

- O‘zbekistonga samolyotda uchamiz – boshqa iloji yo‘q! Har bir borganimizga chegarachilar bizni ikki ming rubldan shtraf qildi – bilmaymiz nima uchun... “Dokumentlaring, kak qog‘oz. Rossiyada bo‘lganlaringda O‘zbekistonga ketsalaring bo‘lardi. Rossiya orqali keta olmaysizlar: hech qaysi transportda Rossiya orqali keta olmaysizlar”, deyildi o‘sha erda. Shuni bilganimizda, birdaniga pul xarajat qilmasdan¸ uchib ketgan bo‘lardik Ukrainadan. Ikki marotabadan beri borib, Ukrainaga ham, Rossiyaga ham shtraf to‘ladik! Rossiyadan, Moskvadan O‘zbekistonga qatnaydigan avtobuslar ko‘p-ku, arzonroq bo‘ladimi, deb o‘ylagan edik. Hozir bu yerda masloboyniga ishga chiqib turibmiz: kuniga 80-100 grivna (salkam 4 AQSh dollari – tahr.) ishlab, kunimizni o‘tkazayapmiz. Uydan pul chaqirtirdik. Moskvagacha avtobusga olgan bilet pulimizni ham qaytarib bermadi shoferlar. “Bilet olsang oxirigacha, Moskvagacha olasan. O‘tasanmi-o‘tmaysanmi chegaradan – bizga qizig‘i yo‘q”, deydi, deb hikoya qiladi qashqadaryolik mehnat muhojiri.

Rossiya FSBsining Belgorod va Voronej viloyatlari bo‘yicha Chegara boshqarmasi rasmiysi nobiometrik o‘zbek pasporti egalarining joriy yil 1 yanvaridan Rossiya ichkarisiga kiritilmasligi, shuningdek hech qanday tranzit yo‘llar bilan O‘zbekistonga o‘tkazilmasligini bildirdi.

- Eski pasport bilan hech kimni o‘tkazishmaydi. Yangi yil boshidan O‘zbekiston fuqarolarida biometrik chipi bor pasportlar bo‘lishi shart. Eski pasportlar amal qilmaydi va ular egani Rossiyaga kiritilmaydi. Rossiya orqali tranzit yo‘li bilan ham bu shaxslar O‘zbekistonga kirib bora olmaydi. Undan tashqari, ular har kelganda jarimaga tortilaveradi, dedi Rossiya Chegara boshqarmasi vakili.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi eski nusxadagi nobiometrik pasport bilan faqat vatanga qaytish mumkinligi haqida maxsus xabar bergan edi.

Hujjatda eski pasportlar chet davlatlarda “muddati o‘tgan” deb hisoblanishi, 1 yanvardan boshlab ularni O‘zbekistonga qaytish bileti olishdan tashqari boshqa narsalarga ishlatish umuman mumkin emasligi aytilgan.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston ichkarisida bu pasportlarni almashtirish uchun belgilangan avvalgi muhlat 2018 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi.

Ozodlikning “Biometrik pasport: Ming bir savol va javob” sahifasi orqali biometrik pasportga o‘tish jaraëniga oid savollarga javob topishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG