Bishkekda 8-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilishi ortidan Ichki ishlar va Maorif vazirligi ommaviy axborot vositalari orqali aholini ijtimoiy tarmoqlardagi “Ko‘k kit” o‘yini xavfli oqibatlaridan ogohlantirmoqda. Rossiyada 15, Qozog‘istonda 15 o‘smir shu o‘yinga qo‘shilgach, o‘zini o‘ldirgani aytilmoqda. Qirg‘izistonda esa bu o‘yin ommalasha boshlagan bir oy ichida 15 o‘smir joniga qasd qildi.
Bishkekda sahar soat 4larda 8-sinf o‘quvchisining o‘z joniga qasd qilishiga “Ko‘k kit” o‘yini sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi tahminlar Qirg‘iziston jamoatchiligini tashvishga soldi. Bishkek militsiyasi o‘smir sahar vaqti o‘zini ko‘p qavatli binoning 4-qavatidan tashlab o‘ldirgan va bunga “Ko‘k kit” o‘yini turtki bergan bo‘lishi mumkin, degan versiyani o‘rganmoqda.
- Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi voqea yuzasidan tergov-tekshiruv ishlarini olib bormoqda. O‘quvchi joniga nega qasd qilgani tekshiruv yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilinadi. Qirg‘izistonda so‘nggi kunlarda o‘smirlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani sabablari ham alohida tergov qilinmoqda, - dedi ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seyitov.
Mazkur voqeadan so‘ng Qirg‘iziston Ichki ishlar va Qirg‘iziston Maorif vazirliklari mamlakatdagi barcha ommaviy axborot vositalari orqali aholiga murojaat qilib, farzandlarining Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan “Ko‘k kit” o‘yiniga qo‘shilib qolmasligini nazorat qilishga chaqirdi.
Ma’lumotlarda aytilishicha, Rossiyada bu o‘yinni o‘ynagan 15 o‘smir, Qozog‘istonda ham 15 o‘smir o‘zini o‘ldirgan. Qizig‘i shundaki, Qirg‘izistonda “Ko‘k kit” yanvar oyidan boshlab ommalasha boshlagan, ammo shu muddat ichida 15 bola o‘z joniga qasd qilgan. Bu esa o‘tgan yilning yanvar oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 200 foizga ko‘pdir.
Biroq, hozircha qirg‘izistonlik o‘smirlar o‘limiga Rossiya va Qozog‘istonda “O‘lim guruhi” sifatida tanilgan “Ko‘k kit” o‘yinining aloqasi bor yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Bu borada Ichki ishlar vazirligi tekshiruv olib borayapti.
Mazkur o‘yin shartlari bilan tanishgan bishkeklik o‘quvchilardan biri matbuotga mana bularni bildirdi:
- Bu o‘yin, asosan, Instagram orqali keng tarqatilmoqda. Har bir lentada “4.20” degan yozuvni ko‘rish mumkin. O‘yin tashkilotchilari “Agar o‘zingni o‘ldirmasang, yaqinlaring yoki ota-onangni o‘ldiramiz”, deb muntazam qo‘rqitib kelishadi. Keyin ular sahargi soat 4 da telefon qilishadi va “O‘ladigan vaqting keldi”, deb aytishadi. O‘yin ishtirokchilariga 50ta topshiriq beriladi. Birinchi topshiriq “Qo‘lingga ko‘k kit suratini chiz”, degan topshiriq. Keyin “Badaningga chizgan kitni tig‘ bilan o‘yib chiq”, deb topshiriq berishadi. Elliginchi va eng so‘nggi topshiriq esa “qon tomiringni kes” yoki “o‘zingni ko‘p qavatli binodan tashla” va yoki “o‘zingni os”, degan topshiriq bo‘ladi”, - dedi o‘zini Jo‘o‘mart deb tanishtirgan o‘quvchi.
Qirg‘izistondagi barcha ommaviy axborot vositalarida 1 fevraldan boshlab ekspertlar tomonidan tarqatila boshlagan ma’lumotlarda aytilishicha, agar farzandingizning ijtimoiy tarmoqlardagi profayllarida 1dan 50gacha bo‘lgan sonlarni, F57, F58 degan raqamlarni va rus tilida yozilgan “Kitlar yuqoriga qarab suzmoqda”, “Meni 4.20 da uyg‘ot”, “Tinch xonadon”, “Rina”, “Nya.poka”, "Kitlar ko‘p”, “Mengacha bo‘lgan 50 kun”,"Men o‘yindaman”, "Sen o‘yindasan”, degan yozuvlarni topsangiz, xavotirlanishingizga asos bor.
Eng qo‘rqinchlisi esa farzandlaringiz profayllarida 1dan 50 gacha bo‘lgan sonlarning mavjudligidir.
Jamoatchilik orasida “O‘lim guruhi”deb tanilgan “Ko‘k kit” o‘ynini 2013 yilda Rossiya vatandoshi bo‘lgan 22 yoshli Filipp Budeyko o‘ylab topgan. U "V Kontakte" tarmog‘ida “O‘lim guruhlari”ni tashkil etgan. Mazkur guruhga a’zo bo‘lgan ko‘plab yoshlar o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng, Filipp Budeyko 2016 yilning noyabr oyida qamoqqa olingan edi. U tergov jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olgan.