Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:34

Eron Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qildi


Yakshanbaga o‘tar kechasi Eron Isroilga 300 dan ortiq raketa va dron bilan hujum qildi
Yakshanbaga o‘tar kechasi Eron Isroilga 300 dan ortiq raketa va dron bilan hujum qildi

Yakshanbaga o‘tar kechasi Eron Isroilga dronlar va raketalar bilan yalpi zarbalar yo‘lladi.

Ikki mamlakat bir-biriga dushman bo‘lsa-da, bunaqasi birinchi marta yuz bermoqda – shu paytgacha Suriya, Livan yoki Yamandagi eronparast guruhlargina vaqti-vaqti bilan Isroilga zarbalar berib turgan.

Eron Isroilga qarata yuzlab kamikadze dronlar uchirdi. Bu haqda shanba kuni kechqurun Isroil mudofaa armiyasi – SAXAL ma’lum qildi.

Dronlar bir necha turkum qilib yo‘llangan. Keyinroq esa qanotli va ballistik raketalar ham uchirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

14-aprel Toshkent vaqti bilan soat 3.45 larda Isroilda havo trevogasi sirenalari yoqildi. Erondan uchirilgan dronlar va raketalar Isroil havo hududiga kirgan edi.

Isroil HHM tizimi havodagi nishonlar, xususan Quddus ustidagi nishonlarni urib tushirdi.

Toshkent vaqti bilan soat 4.00 (msk 2.00) holatiga dron yoki raketa biron bir obyektga borib tekkaniga doir ma’lumot yo‘q edi. Faqat, Isroil hududidagi badaviylar manzilgohlaridan birida 10 yashar o‘g‘il bola yaralangani xabar qilindi.

Eron bir kechada Isroilga 300 dan ortiq dron va raketalarni uchirdi, ularning 99 foizi urib tushirildi, deya xabar qildi Isroil harbiylari. Mamlakat qurolli kuchlari to‘liq faoliyat ko‘rsatayotgani va keyingi qadamlarni muhokama qilayotganini bildirdi.

«Kecha tunda Eron Isroilga qarshi 300 dan ortiq raketa va dronlar bilan hujum boshladi. Eron tahdidi Isroil Mudofaa Kuchlarining havo va texnologik ustunligi bilan to‘xtatildi. Biz Isroil hududiga uchirilgan raketa va dronlarning 99 foizini urib tushirdik. Bu juda muhim strategik yutuq. Bugun Eron Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirishtiruvchi juda og‘ir qadamni qo‘ydi. Biz Isroil fuqarolarini himoya qilish uchun hamma narsani qilyapmiz» dedi Isroil armiyasi matbuot kotibi kontr-admiral Daniyel Hagari.

Iordaniya o‘z havo hududini buzgan har qanday dron yoki raketani urib tushirishidan ogohlantirdi.

Isroil televideniyesi AQSH va Britaniya harbiy samolyotlari Iroq-Suriya chegarasi hududida Isroilga uchirilgan bir necha dronlarni urib tushirishda ishtirok etganini xabar berdi.

Eron hujumni tasdiqladi

Eron Isroilga qarata zarba berajagi haqida so‘nggi kunlarda o‘z manbalariga tayangan holda ko‘plab OAVlar yozdi, muhtamal hujum to‘g‘risida jumladan AQSH prezidenti Jo Bayden ham ogohlantirdi.

Shanba kuni kechqurun Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (EIIMK) bayonot bilan chiqib, Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga bergan zarbasiga javoban Isroil hududidagi muayyan hadaflarga qarata “o‘nlab dronlar va raketalar” bilan zarbalar yo‘llanganini bildirdi.

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Humayniy ijtimoiy tarmoqlarda: “Zararkunanda sionist rejimi jazosini oladi”, deb yozdi.

Eronning BMTdagi vakolatxonasi bayonot e’lon qilib, unda mazkur hujumni Damashqdagi konsulxonaga berilgan zarbaga javob deb atadi (Isroil Damashqdagi voqea uchun javobgarlikni rasman o‘z bo‘yniga olmagan).

Bayonotda aytilishicha, buni yakuniy nuqta deb hisoblash mumkin, biroq Isroil AQSH ko‘magida Eronga oid nishonlarga yana hamla qilgudek bo‘lsa, Tehron yanada qudratli zarbalar yo‘llashga tayyor.

AQSH hujumni qaytarishga yordamlashdi

Oq uy Eron Isroilga hujum boshlagani haqidagi xabarlarni tasdiqladi va Qo‘shma Shtatlar Isroil xalqini va uning o‘zini mudofaa qilish huquqini qo‘llab-quvvatlayajagini ma’lum qildi. Eronning xatti-harakatlarini Buyuk Britaniya ham keskin qoraladi.

Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, AQSH HHKning Yaqin Sharqdagi bazalarda turgan uchoqlari Isroilga yo‘llangan dronlarni yo‘q qilishda ishtirok etgan.

Eron dronlari Isroilga yetish uchun bir necha soat uchishi kerak. Isroillik harbiylar mamlakat havo hududidan tashqarida 100 dan ziyod dron urib tushirilganini aytishmoqda.

Dronlar hujumini daf qilishda Buyuk Britaniya va Iordaniya havo kuchlari ham qatnashgan.

Raketalar va dronlar

Avvalroq AQSH OAVlari o‘z manbalariga tayanib, Eronning muhtamal zarbasi qurama shaklda, ya’ni dronlar va raketalarni qo‘llagan holda amalga oshirilishi haqida yozgan edi.

Hujum harbiy nishonlarga qaratilgan, deyish mumkin. Ayni paytda uning kuchini baholash mushkul, biroq yuzlab dron va raketalar uchirilgani aniq.

AQSHning ismi ochiqlanishini istamagan mulozimi AVS telekanaliga ular soni 400-500 ta bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shanba kuni kechqurun xalqqa telemurojaatida mamlakat hukumati Eron tarafidan bo‘lajak to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga shayligini ma’lum qildi.

U Isroil aholisini Front orti qo‘mondonligining ko‘rsatmalariga so‘zsiz rioya qilishga chaqirdi, shuningdek, Eron Isroilga zarba bergudek bo‘lsa, bu oqibatsiz qolmasligini aytdi.

Avvalroq Front orti qo‘mondonligi yaqin ikki kun ichida Isroildagi barcha ta’lim muassasalarini yopishga farmoyish bergan edi.

Havo hududining yopilishi

Avvalroq xabar qilinishicha, yakshanbaga o‘tar kechasi Iordaniya o‘z havo hududini “bir necha soat” yopib qo‘ygan. Uning ortidan Iroq ham fuqaroviy aviatsiya uchun o‘z havo hududini yopdi.

Isroil ham Ben-Gurion xalqaro aeroporti va mamlakat ustidagi havo kengligi bir necha soatga yopilajagini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Rosaviatsiya Rossiya aviashirkatlarining Iordaniya, Isroil va Iroqqa reyslari vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi.

Mazkur choralarning Eronga daxli yo‘q, chunki u parvozlarga cheklov qo‘ymagan.

Yana ma’lum qilinishicha, Isroilning o‘nlab jangovar uchoqlari havoga ko‘tarilgan.

Bayden ta’tilini bekor qildi

Ta’tilga chiqib, Delaver shtatida dam olayotgan AQSH prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgani tufayli ta’tilni to‘xtatib, Vashingtonga qaytdi. U vaziyatni hukumat a’zolari va Milliy xavfsizlik kengashi bilan birga muhokama qilmoqda.

Pentagon bayonotiga ko‘ra, AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan so‘zlashib, Vashington Isroilni Eron va mintaqadagi eronparast kuchlar tarafidan bo‘lajak muhtamal hujumlarda qo‘llab-quvvatlajagiga ishontirgan.

XS
SM
MD
LG