Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:09

Eronning Isroilga hujumi Rossiya uchun manfaatli(mi)?


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Eron prezidenti Ibrohim Raisi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Eron prezidenti Ibrohim Raisi.

Eronning Isroilga yirik raketa va dron hujumidan so‘ng bir muddat sukut saqlagan Rossiya nihoyat munosabat bildirdi: Rossiya tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida «mintaqadagi so‘nggi xavfli keskinlashuv»dan Moskva qattiq «xavotir»da ekanini bildirdi.

Moskvaning bu «xavotiri»ni tushunsa bo‘ladi, chunki Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli urush Putin hukumati manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, demoqda tahlilchilar.

«Yaqin Sharqda vaziyatning mavhum tus olayotgani hozircha Putin uchun eng ijobiy voqelik», deydi, Vashingtonda joylashgan Strategik Yevropa markazining Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo dasturi bo‘yicha tahlilchisi Hanna Notte.

Birinchidan, so‘nggi hodisa dunyo e’tiborini Ukrainadagi urushdan uzoqlashtiradi. Hozir Kiyev frontda jiddiy muammolarga duch kelmoqda, bu esa kelgusi hafta va oylarda yanada yomonlashishi mumkin. Kamiga, Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasini ayovsiz vayron qilmoqda.

Oktyabr oyida Isroilning HAMASga qarshi urush boshlashi G‘arbning Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash sa’y-harakatlarini zaiflashtirib yubordi.

Eronning Isroilga hujumi Kreml uchun manfaat jihatidan ham keng, ham o‘ziga xos xarakterga ega. Rossiya Ukrainaga bosqinni boshlaganidan beri ikki yildan ortiq vaqt davomida urushni tobora kengroq qarama-qarshilikning bir qismi sifatida ko‘rsatishga urinib keldi. Ya’ni, Rossiya o‘zini va butun dunyoni G‘arbdan, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan himoya qilmoqda, degan tasavvurni uyg‘otishga harakat qilib kelmoqda.

«Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya va Xitoyda G‘arb zaiflashgan degan fikr bor. Amerikaning munosabati va siyosati endi ittifoqchilarining xavfsizligini kafolatlay olmaydi», deydi Kiyevdagi Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi direktori Igor Semivolos "Current Time” nashriga bergan intervyusida.

Eronning hujumi Rossiya va Xitoy singari maslakdosh davlatlarga bir qutbli dunyoga qarshi chiqish imkoniyatini beradi. Bu haqida Putin, Si Szinpin va Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ko‘p gapirgan”.

“Yaqin Sharqdagi beqarorlik «G‘arb e’tibori va resurslarini Ukraina va NATOning Sharqiy qanotidan Yaqin Sharqqa yo‘naltiradi. AQSHning mintaqaviy ittifoqchilari o‘rtasida ishonchsizlik tug‘dirib, G‘arb mintaqada tinchlikni ta’minlay olmaydi, degan kengroq, global tushunchani shakllantiradi» deydi Notte.

«Xulosa qilib aytganda G‘arb va global dunyo uchun Ukrainadagi urush qolgan urushlar qatori bir mojaro, xolos, degan tasavvurni shakllantirib qo‘yadi. Bu esa Kreml uchun ayni muddao»

Kongressda nima gap?

Eronning Isroilga hujumi AQSHning Ukrainaga uzoq vaqtdan beri kechiktirib kelayotgan yordami haqidagi mavhumlikni biroz aritgandek.

AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina va Isroilga harbiy yordam uchun 60 milliard dollarlik yordam paketini taklif qilganidan qariyb olti oy o‘tib, Vakillar palatasining amaldagi spikeri, respublikachi Mayk Jonson yaqin kunlar yoki haftalarda Ukrainaga yordam masalasida oldinga siljish bo‘lishiga ishora qildi.

15-aprel kuni Mayk Jonson Senat Isroil, Ukraina, Tayvan va boshqa ittifoqchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida qonun loyihalarini ishlab chiqish va yana bir qonun loyihasini kiritish orqali respublikachilarni tinchlantirishni rejalashtirayotganini aytdi.

Qo‘shma Shtatlardagi yordam borasidagi tortishuvlar qanday tugashidan qat’i nazar, Putin Eronning Isroilga hujumini Moskvaning Yaqin Sharqdagi ta’sirini oshirish uchun bir imkoniyat sifatida ko‘rishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Kremlning Eron bilan aloqalarini kuchaytirdi. Rossiya Ukrainada Eron dronlaridan keng foydalanmoqda.

Eron dron ishlab chiqarish texnologiyasini ham Rossiya bilan baham ko‘rdi, biroq Putin yillar davomida Eronning mintaqaviy raqiblari Isroil va Saudiya Arabistoni kabi Fors ko‘rfazi mamlakatlariga ham intilyapti.

Buni Moskvaning Yaqin Sharqdagi ta’sirini kuchaytirish va AQSH nufuzini tushirish harakatlarining bir qismi sifatida ko‘rish mumkin.

Rossiya Eron bilan tobora yaqinlashar ekan, Yaqin Sharq davlatlari Moskvani Eronni jilovlash va tinchlantirishda muhim vosita o‘laroq ko‘ra boshlaydi.

Bu Putin Rossiyasi uchun klassik yondashuv: avval u yoki bu darajada muammolarni yaratishga yordam beradi, keyin esa o‘sha muammolarni Kremlga foyda keltiradigan tarzda hal qilishga urinadi. Rossiya va mintaqa bo‘yicha tahlilchilar Moskva Isroil va Eron o‘rtasida keng ko‘lamli urush bo‘lishini xohlamasligini aytishadi.

"Bunday ssenariy Rossiya uchun katta xavf tug‘diradi. Bu holat Rossiyaning Suriyadagi harbiy hozirligini murakkablashtirish bilan birga, Eronga bo‘ladigan ehtimoliy og‘ir zarba Moskvaning Ukrainadagi imkoniyatlarini jiddiy zaiflashtirishi mumkin.

Qolaversa, «to‘laqonli urush Rossiyaning mintaqadagi muvozanatni saqlash harakatini deyarli to‘xtatib qo‘yadi. Bu Rossiyani bir tomonni tanlashga majbur qiladi».

Moskva Eron bilan qanchalik yaqinlashmasin, u bilan «hamisha» birga bo‘lishni istamaydi”, deya xulosa qildi Hanna Notte.

XS
SM
MD
LG