Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2024, Тошкент вақти: 00:18

"G‘alaba jinbazmi". Rossiyada 9-may urushni targ‘ib qilish vositasiga aylangani haqida


Rossiya bog‘chasida G‘alaba bayrami.
Rossiya bog‘chasida G‘alaba bayrami.

Rossiyada 9-may bayrami bolalar uchun urushga bag‘ishlangan spektakl tomosha qilish, urush ramzlari namoyish etiladigan tadbirlarda, yulduz shaklida tizilish va tiz cho‘kib xotirlash marosimlarida qatnashish, “O‘zimiznikilarni tashlab qo‘ymaymiz” shiori ostida gumanitar yordam yig‘ish va Ukrainaga qarshi jang qilayotgan askarlarga maktublar yozish bilan o‘tadi.

“Uning bolaligiga barham bergan urush”

May oyining boshlarida Novosibirskdagi “Xvoya” park-otelida bolalarga mo‘ljallangan harbiy spektakl anonsi paydo bo‘ldi. Afishada – tank va harbiy kiyimli shodon bolakay tasviri, tepada yozuv: “Mening bolaligimda urush bo‘lgan edi”.

“9-may kuni “o‘sha urush”dagi g‘alabani bayram qilamiz-ku, o‘tgan zamonlarga havolaki gap-da bu. Nega undan, go‘yo hozirgi bolalar urushni boshidan kechiryapti, degan ma’no chiqarasizlar?! Buncha qizishasizlar, biz tushunmayapmiz. Spektakl bolalar uchun, ularda vatanparvarlik hislarini uyg‘otishga mo‘ljallangan. Bu o‘tgan asrda yashagan Lyosha ismli bolaning hayotidan olingan, Ulug‘ Vatan urushi uning bolaligiga barham bergan va bola urushga ketgan. Bolajonlarga o‘sha davrlarni eslatishning nimasi yomon?” – ajablanadi mehmonxona mutasaddisi. “Bu kabi spektakllar urushni targ‘ib qilmayaptimikan?” degan savoldan keyin esa u go‘shakni qo‘yib qo‘yadi.

Spektakl 9-may kuni qo‘yilishi kerak edi. Biroq, o‘z ta’birlaricha, afisha chiqqanidan so‘ng darg‘azab shaharliklar va jurnalistlar qo‘ng‘iroq qilaverib “quloqni teshib yuborishiga bir bahya qolgan”. Xullas, hozir mehmonxonada ushbu spektakl afishasi yo‘q.

Ushbu spektaklni qo‘ygan “Koza-Yegoza” nomli xususiy teatrdagilar ham urush propagandasi haqidagi savoldan ajablanib, “mavzuga talab katta” deya javob berishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Bolaligimda urush bo‘lgan edi” spektakli chiqqaniga bir yildan oshibdi: “Koza-Yegoza” uni maktab va bog‘chalarga gastrollarda qo‘yib turar, “hech kim norozi bo‘lmagan” ekan. Shunga qaramay, rezonansdan keyin teatr uni interaktiv sahna asarlari repertuaridan olib tashladi.

“Bu afishaga ancha oldin, o‘g‘limni tug‘ilgan kunida teatrga olib borish uchun yaxshi spektakl izlab yurganimga duch keluvdim. Ertak-pyesa bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib, biryo‘la buni ham so‘radim. Maktab va bog‘chalar ko‘pincha shunaqa spektakllarga buyurtma berishadi, dolzarb mavzu, qolaversa madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdik deb hisobot berishlari uchun ham kerak, deb ochiq aytishdi. Qotib qoldim, deya olmayman, chunki bundan badtar ishlarni ko‘rib yuribman: o‘g‘limning maktabida o‘quvchilardan goh bir juft paypoq yoki ustara olib kelishni, goh askarlarga xat yozishni talab qilishadi. Bir kuni “Bolam repetitorga kechikyapti, bunaqa narsalar ixtiyoriy-ku”, deganimda shunday javob berishdi: “Ha, ixtiyoriy, lekin bolangiz sinfda yakkamoxov, “dushman” bo‘lib qolishini istamaysiz-ku, to‘g‘rimi? Imtihonlardan eson-omon o‘tishini xohlaysiz-ku, to‘g‘rimi?” Men bu gapni tahdid deb tushundim. Aytganlarini qilyapmiz, nachora, bunaqa to‘nkalarni deb bolam jabr chekmasin”, deydi Novosibirsk turg‘uni Galina.

Xususiy teatr asoschilari avvalroq “Pod’yom” nashri bilan intervyuda “Ulug‘ Vatan urushi qanday bo‘lgani, Sovet Ittifoqi qanaqa harbiy texnikalardan foydalangani, askarlar kimligi, tibbiy hamshiralar qanday boshqarilgani, ularga hayvonlar qanday yordam bergani, razvedkachilar kimligi” haqidagi hikoyalar orqali bolalarda “vatanparvarlik hissini uyg‘otish”ni ko‘zlaganlarini so‘zlab berishgan.

Tver viloyatidagi bolalar bog‘chasi ijtimoiy tarmoqda mualliflar “interaktiv” qo‘shish va bolalarga askar xaltasini to‘ldirishni taklif qilish bilan birga, urush xronikasi kadrlarini ham ko‘rsatishganini aytib spektaklni maqtagan.

“Bolalar maroq bilan tomosha qilishdi, qahramonning singilchasi yo‘qolib qolganida unga qo‘shilib xafa bo‘lishdi. Alyoshka turli harbiy kasblar haqida juda qiziq narsalarni gapirib berdi. Spektaklni ko‘rish orqali bolalar Vatanimizning shonli o‘tmishiga doir bilimlarini boyitib oldilar”, deb yozishgan Beliy shahridagi 2-sonli bolalar bog‘chasi tarbiyachilari.

Ammo ota-onalar boshqacha fikrda. Internetda ushbu spektakl haqida g‘azab yozilgan postlar ko‘p.

“Men ham salbiy mazmunda izoh qoldirdim. Afishani olib tashlaganlari yaxshi bo‘libdi, demak, hamma birdek norozilik bildirsa, shunga qarab ish qilishga majbur bo‘lishar ekan. Ha, xalq buni to‘xtatish uchun ko‘chalarga chiqolmaydi, ammo internetda yozish orqali bolalarni asrash imkoniyati hammada bor. Qamoqqa tushmasdan norozilik bildirishning yagona usuli shu, shekilli”, deydi Novosibirskda yashovchi Lyudmila ismli ayol.

OzodNazar: Хотира куни нега яна Ғалаба байрамига айлантирилмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:40:05 0:00

“Ajina kiyimiga niqoblovchi parchalar”

Shu kunlar Rossiyaning ko‘plab maktab va bog‘chalarida “G‘alaba soati” aksiyasi bo‘lyapti. Chelyabinsk viloyatining Ust-Katave shahridagi 13-sonli bog‘chaga esa kuni kecha “Vatan jangchilariga ko‘mak” shtabi volontyorlari kelib, bolalar bilan birga frontdagi askarlar uchun rasmlar chizishibdi, “ajina kiyimiga niqoblovchi parchalar” qadashibdi.

Ikkinchi jahon urushi Rossiyada ko‘p yillardan beri propaganda maqsadlarida, xususan, bog‘cha va maktablarda urushni targ‘ib qilishda qo‘llanmoqda.

Georgiy tasmalari, “mojem povtorit” yozuvli stikerlar, “O‘lmas polk” hududiy tashabbusining davlat ixtiyoriga o‘tishi – bular bari tez-tez quloqqa chalinadigan “g‘alaba jinbazmi” (originalda – “pobedobesiye”)ning bir qismi, xolos.

“Bugungi “pobedobesiye” qariyb yarim asr burun boshlangan jarayonlarning qayg‘uli natijasidir. 1965-yili, uzoq tanaffusdan so‘ng 9- may harbiy paradlari tiklanib, Kreml ideologlari Ulug‘ Vatan urushi haqidagi kollektiv xotirani o‘zgartirishni boshlashdi va uni sokin motamdan oshkora iftixorga aylantirdilar. O‘z siyosiy omadsizliklarini xaspo‘shlash maqsadida shunday qilishdi. Buning ikki yomon oqibati bo‘ldi. Birinchidan, sovet mafkurasining rivojlanish vektori butkul o‘tmishga qaratilib, ma’lum va mashhur “turg‘unlik” davrini boshlab keldi. Ikkinchidan, xalqning urush haqidagi xotiralari – real tarixiy xotira bilan umumiyligi juda oz bo‘lgan dabdabali, sun’iy shishirilgan davlat afsonasiga aylandi”, deydi tarixchi Ilya Bobrik.

“Putin prezident bo‘lgach “o‘tmishga o‘girib qo‘yilgan bosh”ni va G‘alaba mifologiyasini yo‘nib silliqlab, ichiga o‘z retroutopiyasini joylab va har turli tanqidlardan himoyalovchi qonunlar chiqarib, so‘ngra ularni rossiyaliklarga qaytadan sotdi. Odamlarni xotirasidan va tafakkur qilish qobiliyatidan ayirib, G‘alabani ko‘klarga ko‘tarish va madaniyatda militarizmda madh etish uchun katta maydon qoldirishdi. Tarix bilan bunaqa o‘yinlar rossiyaliklar ommaviy idrokida urush fojiasi – kamsitilishiga, g‘alaba potensiali – oshirib ko‘rsatilishiga, inson hayoti esa qadrsizlanishiga olib keldi”, deya so‘zini tamomlaydi ekspert.

“O‘zimiznikilarni tashlab qo‘ymaymiz” (“Svoix ne brosayem”) tadbirlari hududlarda fevraldayoq boshlangan edi. Masalan, Tataristonda maktab yarmarkalari chog‘ida bolalardan pul yig‘ib, front uchun UAZ avtomobili sotib olingan. Visokogorsk tumani rahbari Ravil Xisamutdinov bu tumandan urushga jo‘natilgan 23-mashina ekanini aytib, maqtandi.

Krasnoyarsk maktablarida harbiylar uchun hojatxona qog‘ozi va sovun yig‘ishmoqda. Tadbir “G‘alaba bizniki bo‘lgan va bo‘ladi” aksiyasi doirasida barcha tumanlarda o‘tkazilyapti.

Maktab o‘quvchilariga va barcha xohlovchilarga Rossiya armiyasi uchun namlangan qog‘oz salfetkalar, tish pastalari va cho‘tkalari, shampun, suyuq sovun, ustara, kir yuvish kukuni, hojatxona qog‘ozi, qo‘lga suriladigan krem, antiseptiklar, paxtali cho‘plar yig‘ish taklif qilinmoqda.

Bulardan tashqari, ichkiyimlar, uyqu qoplari, turli anjomlar, yara bog‘lash ashyolari, dorilar, gaz plitalari, konservalar, idish-tovoq ham yig‘ilmoqda.

Shuningdek, aksiya ishtirokchilariga “MHA” hududidagi askarga xat yozish tavsiya qilinadi. Uslubiy qo‘llanmada maktubni “Aziz qahramonim, himoyachim, shavkatli askar! Seni 1945-yilgi Buyuk G‘alaba kuni bilan tabriklayman! Senga mustahkam sog‘liq, matonat, jasorat, kuch-quvvat va, albatta, tug‘ishganlaring yoniga eson-omon qaytishingni tilayman” degan so‘zlar bilan boshlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Novosibirsk davlat agrar universiteti 9-may kuni barcha xodimlar va talabalarni G‘alaba kuni tantanalari niqobi ostida tashkil qilingan Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash aksiyasiga chaqirdi. OTM saytida xabar qilinishicha, yoshlar “Qahramon yulduzi” va “Askarga maktub” tadbirlari doirasida maxsus harbiy amaliyotda qatnashayotgan jangchilarni tabriklashlari mumkin. “Askarga maktub” aksiyasini Rossiya maorif vazirligi o‘ylab topgan.

3-may kuni Baykalorti o‘lkasida “madaniy front”ning birinchi bolalar shu’basi ochildi. O‘lka gubernatori Aleksandr Osipovga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun xalqaro sanksiyalarga uchragan Davlat Dumasi deputati Nikolay Burlyayev rahbarlik qiladigan mazkur harakatning maqsadi “Rossiyaning o‘ziga xos madaniyati, qadriyatlari va tarixini asrash”dir.

“O‘tgan yili Baykalorti regional shu’basi ochilgan edi, bugun bolalar shu’basini ochdik. Bolalar madaniyat loyihalarini amalga oshirishda bizga yordam berishadi, vatan tuyg‘usi va ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarni o‘z san’atlari orqali xalqqa yetkazishadi”, deb yozdi Osipov o‘z telegram-kanalida.

2023-yilning bahorida Rossiya mulozimlari bolalarni bog‘cha davri va birinchi sinfdan vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boshlanishini e’lon qilishgan edi. Vatanparvarlik alifbosida “armiya”, “an’analar”, “vatan”, “ishonch”, “sharaf” kabi so‘zlar bo‘ladi.

2024-yil byudjeti loyihasida vatanparvar yoshlar tashkilotlarini moliyalash uchun rekord summa – 45,9 mlrd rubl mablag‘ ajratish nazarda tutilgan edi.

May arafasida ko‘plab regionlar “yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” tadbirlariga katta-katta mablag‘ ajratdi.

Chunonchi, Krasnodar o‘lkasida aprel oyi davomida Ofitserlar uyida tashkil qilingan tadbirlarning o‘ziga 30 million rubldan ko‘proq pul sarflangan. Shundan:

13 mln – “Yunarmiya” (“Yosh armiya”) o‘smirlarni tarbiyalash regional markazi instruktorlarining ish haqiga;

10 mln – “Yunarmiya” klublari uchun harbiy kiyim-bosh sotib olishga;

5 mln – harbiy-vatanparvarlik festivallarini tashkil qilishga;

2,2 mln – 9-may kuniga ko‘rgazma vagonlar tashkil qilishga xarj qilingan. Ushbu aksiya “Krasnoyarsk Berlingacha borgan” deb ataladi.

Shuningdek, Rossiya maktablarida o‘quvchilarning cho‘kka tushgan holda “Ulug‘ Vatan urushi yillarida genotsid qilingan sovet xalqini yod etishi” urfga kirmoqda. Rossiya hukumatining 2021-yilgi bu “kashfiyoti”ga ko‘ra, har yili 19-aprel kuni o‘quvchilar shunday marosimda ishtirok etadilar.

“Agentstvo” nashri maktablarning “Vkontakte”dagi guruhlaridan bolalar yulduz shaklida safga tizdirilgani aks etgan 300 dan ortiq fotohisobotlarni topdi. Mordova, Chuvashiya, Boshqirdiston, Omsk va Rostov, shuningdek anneksiya qilingan Qrim maktablarining hisobotlarida bolalar cho‘kkalab turibdi. Irkutsk viloyatining Usolya-Sibirsk shahridagi 16-maktabda esa hatto birinchi sinflar ham tiz cho‘ktirilgan. Omskdagi bir maktabda qizlar yulduz shaklida polga yotqizilgan bo‘lsa, Krasnoyar o‘lkasining Bellik shahridagi maktabda bolalar Z harfi shaklida saf torttirilgan.

XS
SM
MD
LG