Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2024, Тошкент вақти: 14:43

G‘arb BAAdan Rossiya bilan savdoni kamaytirishni talab qilmoqda


Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri manzarasi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri manzarasi

AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylaridan o‘z shirkatlariga xalqaro sanksiya ostidagi Rossiya shirkatlari bilan savdo-sotiqni taqiqlashni talab qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi diplomatik doiralardagi uch manbadan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.

O‘tgan haftada Yevropa va AQSHdan bo‘lgan qator davlat arboblari BAAga safar qilishgan. O‘z tashriflari chog‘ida ular BAAdan Rossiyaga sanksiya ostiga tushgan tovarlarni yetkazib bermaslikni talab qilishgan, deya ma’lum qilgan Britaniya Tashqi ishlar vazirligida ishlaydigan mulozim. Manbalarga ko‘ra, g‘arblik diplomatlar BAAdan Rossiyaga eksport qilinayotgan mollar va harbiy maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan qo‘sh maqsadli tovarlar reeksportiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishni ham so‘rashgan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi manbalar Rossiyaga bunday tovarlar (yo‘q deganda joriy yilda) yetkazib berilganini rad etishmoqda.

BAA Ukraina urushi ortidan Rossiyaga qarshi Yevropa va AQSH tomonidan e’lon qilingan sanksiyalarga qo‘shilmagan. Biroq AQSH qonunlari Qo‘shma Shtatlar sanksiyasi ostida bo‘lgan davlatlar bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan mamlakatlarni ikkilamchi sanksiyaga tortishga imkon beradi.

Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklari banklari ikkilamchi sanksiya xavfi tufayli Rossiya bilan hisob-kitoblarga cheklov kiritgan hamda shirkatlar va jismoniy shaxslarning hisobraqamlarini yopa boshlagan edi. AQSH va YI sanksiyasiga ostiga Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda suyultirilgan gaz va neft mahsulotlari tashishda yordam berayotgan BAAdagi kemachilik shirkatlari tushishi mumkin.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2023-yil dekabrida Birlashgan Arab Amirliklarini Rossiyaning arab olamidagi asosiy savdo hamkori, deb atagan hamda 2022-yilda Rossiya bilan BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-sotiq hajmi 68 foizga oshib, hanuz ko‘payishda davom etayotganini bildirgan.

Ayni paytda Birlashgan Arab Amirliklari Ukraina bilan ham ikki tomonlama savdo-sotiq ishlarini yuritmoqda. 29-aprel kuni Ukraina va BAA iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Mazkur hujjatda Ukraina sanoati va infratuzilmasini tiklash ishlarida Kiyevga yordam berish bo‘yicha BAAning majburiyatlari ham aks etgan.

XS
SM
MD
LG