Линклар

Шошилинч хабар
08 октябр 2024, Тошкент вақти: 17:07

Kutilmagan iste’fo. Komil Allamjonov siyosatdan ketdimi?


Komil Allamjonov xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytgan.
Komil Allamjonov xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytgan.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov prezident administratsiyasidan ketdi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 30-sentyabr kuni o‘zining rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilgan qisqa videoda unga administratsiyadagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirgan va "keyingi loyihalarida" omad tilagan.

Videoda Allamjonov xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytadi.

Kutilmagan iste’fo

Oldinroq Ozodlikning hukumatdagi manbalari Komil Allamjonovning lavozimdan ketishi hukumat va administratsiyadagi ko‘pchilik uchun “kutilmagan” bo‘lganini aytishgandi.

Manbalar 40 yashar Allamjonov prezidentning to‘ng‘ich qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva “komandasida qolishi”ni aytishgan.

Ozodlik gaplashgan hukumatdagi bir-biridan mustaqil ikki manba Allamjonov yuqori lavozimga tayinlanishi mumkinligi haqidagi farazlarni rad etgan edi.

Oldinroq prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Allamjonov iste’fosi haqidagi xabarida uning prezident administratsiyasi mulozimi sifatidagi faoliyatini maqtagan va “yangi faoliyatida muvaffaqiyat tilagan”.

Bu va iste’foning oktyabr oyi oxirida o‘tadigan parlament saylovlari arafasida yuz bergani Allamjonov yangi, yuqoriroq lavozimga tayinlanishi haqidagi farazlarga yo‘l ochgan.

Allamjonovning nima uchun ishdan bo‘shatilgani va qaysi lavozimga o‘tkazilgani haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Allamjonovning iste’fosini e’lon qilgan prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Allamjonov o‘z Telegram-kanalidagi xabarda uning “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” bo‘shatilganini ma’lum qildi.

Komil Allamjonov yurtimizda so‘z erkinligini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda katta natijalarga erishdi”, deb yozgan prezident matbuot kotibi o‘z hamkasbi Allamjonovga “kelgusidagi faoliyatida” muvaffaqiyat tilagan.

Алламжонов пайдо бўлди ва "дезинформация"дан огоҳлантирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:08 0:00

"Uchinchi odam"

O‘zbekiston prezidentining katta qizi Saida Mirziyoyevaning yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riladigan Allamjonov prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga o‘tgan yil avgustida tayinlangan edi.

Ozodlik manbalari ushbu lavozim Allamjonovni prezident administratsiyasida uchinchi odamga aylantirganini aytishgan.

Bunga qadar AOKA, Mass-media va PAda yonma-yon ishlagan Mirziyoyeva-Allamjonov tandemining prezident administratsiyasining yangi vertikalida yanada yuqorilashi Saida Mirziyoyeva mavqe’ining kuchayishi sifatida talqin qilingandi.

Avvalroq Ozodlikning hukumatdagi manbasi Allamjonov bilan prezident Mirziyoyevning kichik kuyovi Otabek Umarov hamda DXX o‘rtasida “urush” borligini iddao qilgan.

Bu "urush"ning motivi Ozodlikka ma’lum emas, ammo vaziyatdan xabardorligini aytgan yana bir manba Otabek Umarov oldinroq Toshkentda prezident kuyoviga aloqadorligi iddao qilingan "qudratli ofis"ning fosh etilganidan g‘azabga kelganini iddao qildi. Uning da’vosicha, Umarov "mahalliy tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosimlar o‘tkazib kelgani" iddao qilingan "ofis"ning fosh etilishida "Allamjonovning qo‘li borligini" taxmin qilgan.

Ozodlik manbalari bu xabarlar ortidan "Darxondagi ofis"da tekshiruv olib borilgani va unga aloqador Umarovning atrofidagi qator shaxslar "Dubayga qochgani"ni iddao qilishgan. O‘zbekiston rasmiy idoralari bu xabarlarni sharhlagan emas.

Biznesdan siyosatga va yana biznesga?..

Ilk bor 2018-yilda tadbirkorlikdan hukumatga kelgan Allamjonov monopoliya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq qator iddaolar markazida bo‘lgan.

Uning o‘zi xalqaro jurnalistlarning hokimiyatdagi lavozimidan biznes manfaatlarini ilgari surishda foydalangani haqidagi iddaolarini rad etgan.

Алламжоновнинг қайтиши: Матбуот эмас, 'мафкура котиби'
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:03 0:00

2018-yildan buyon prezidentning to‘ng‘ich qizi va amalda administratsiya rahbari bo‘lgan Saida Mirziyoyeva bilan tandemda ishlab kelayotgan Komil Allamjonov o‘zini so‘z va matbuot erkinligi himoyachisi hamda islohotlarning faol tarafdori sifatida taqdim qilib keladi.

U 2022-yil iyulida prezident administratsiyasiga qaytganidan so‘ng ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bois "barcha biznes loyihalari, kompaniyalarini boshqa egalariga topshirishi"ni e’lon qilgan edi.

Ammo Allamjonovning biznes manfaatlari bilan bog‘liq iddaolar shundan keyin ham davom etgan.

30-sentyabr kuni Saida Mirziyoyevaning Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda Komil Allamjonov o‘z faoliyatini "xususiy sektorda davom ettirib, iqtisodiyotning muhim sohalariga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirayotgani"ni aytgan, ammo tafsilotlar haqida gapirmagan.

Bu Komil Allamjonovning siyosiy faoliyati nihoyasiga yetganini anglatadimi, ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG