Линклар

Шошилинч хабар
08 октябр 2024, Тошкент вақти: 17:06

"Navalniy qamoqxonada zaharlab o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin"


Aleksey Navalniyning qamoqdagi oxirgi videosidan skrinshot.
Aleksey Navalniyning qamoqdagi oxirgi videosidan skrinshot.

The Insider nashri rus muxolifatchisi Aleksey Navalniyning joriy yil fevral oyida Yamal-Nenes muxtor okrugidagi “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasida vafot etgani bilan bog‘liq yuzlab rasmiy hujjatlarni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.

Hujjatlar orasida Navalniy o‘limi fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorning ikki versiyasi mavjudligi aytilmoqda. The Insider ta’kidlashicha, qarorning yakuniy versiyasidan muxolifatchi zaharlab o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beruvchi simptomlar chiqarib tashlangan.

The Insider qarorning ikki versiyasini e’lon qilib (ikkalasiga ham 2024-yil 26-iyul sanasi qo‘yilgan), ularni taqqoslagan. Aytilishicha, hujjatning avvalroq yozilgan versiyasida “Navalniy 16-fevral kuni qorin sohasidagi kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan, unda reflektor tarzda qayt qilish va qaltiroq boshlangan va u hushidan ketgan”, deyilgan. Biroq qarorning tahrir qilinib, keyinchalik ochiqlangan talqinida bu gaplar yo‘q. The Insider yozishicha, uning ixtiyorida Navalniy o‘limidan so‘ng xatlangan obyektlar ro‘yxati bo‘lib, unga ham, go‘yo keyin ekspertizaga berilgan “qusiq namunalari” kiritilgan.

Немис клиникаси: Навалний заҳарланган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:37 0:00

The Insider muxolifatchining bevasi Yuliya Navalnaya eri “o‘limi arafasida qorni qattiq og‘riganidan shikoyat qilgan”ini aytganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq e’lon qilingan rasmiy hujjatlarda Navalniy gipertonik kasallik va boshqa xastaliklar zo‘rayishi natijasida vafot etgani, o‘limning bevosita sababi esa “yurak ritmining buzilishi” ekani iddao qilingan edi. The Insider'ga izoh bergan shifokorlarga ko‘ra, qarorning oldinroq yozilgan versiyasida bayon qilingan simptomlar Navalniy “Novichok”ga o‘xshash tarkibli kimyoviy modda bilan zaharlangan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Eslatib o‘tamiz, muxolifatchi 2020-yilda aynan “Novichok” bilan zaharlanib, tirik qolgan edi.

Navalniy safdoshlari u o‘lgan kundan beri muxolifatchi Rossiya hukumatining buyrug‘i bilan o‘ldirilganini urg‘ulab kelishmoqda. The Insider esa endilikda ushbu farazning hujjatli dalillari paydo bo‘ldi, demoqda. Nashr o‘zi ochiqlayotgan hujjatlarni qayerdan olganini yozmagan, Kreml The Insider maqolasi yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Avgustda Yuliya Navalnaya Aleksey Navalniyning qamoqxonada vafot etishi munosabati bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qilgan edi, unda, xususan, siyosatchining o‘limiga “qurama kasallik – gipertoniya xastaligi, qon tomirlari va a’zolar shikastlanishi, bosh miya shishiga olib kelgan diffuz miokardioskleroz, yurak fibrillyatsiyasi, o‘pka shishishi” sabab bo‘lgani aytiladi.

Алексей Навалнийнинг сўнгги сўзи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:13 0:00
Бевосита линк

Tibbiyot hamjamiyati vakillari siyosatchi Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlarining “o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida o‘lgan”ini ta’kidlab, ularni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Navalniy safdoshlari esa qarorda muxolifatchi vafotining chin sababi ko‘rsatilganiga ishonmasliklarini bildirdilar.

3-sentyabrda Yamal-Nenes muxtor okrugi prokuraturasi tergov organining Navalniy o‘limi fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni noqonuniy deb topgani ma’lum bo‘ldi. Safdoshi Ivan Jdanov bu haqda xabar qilib, hujjatni ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.

Prokuratura xatiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilinib, materiallar YANMO tergov qo‘mitasiga qaytarilgan. Hozirda surishtiruv davom etmoqda.

Navalniy 2020-yil avgustda Rossiyada zaharlanishni boshidan kechirgan, shundan so‘ng birmuncha vaqt komada qolgan va Germaniyada uzoq davolangan edi. Mutaxassislar uning organizmidan “Novichok” turidagi zaharli modda izlarini topganlar. Muxolifatchining o‘zi uni Kreml buyrug‘iga ko‘ra zaharlashganini, safdoshlari bilan surishtiruv o‘tkazib, bu voqeada FSB xodimlarining qo‘li borligini aniqlaganini da’vo qilgan edi.

Rossiya hukumati bir tarafdan zaharlanish faktini inkor etgan bo‘lsa, boshqa tomondan Navalniyni G‘arb maxsus xizmatlarining o‘zlari zaharlaganiga shama qilgan. Navalniy muolajani tugatib 2021-yil yanvarda Rossiyaga qaytgan va Moskva aeroportidayoq ushlanib, dastlab hibsxonaga va suddan keyin qamoqqa yo‘llangan.

XS
SM
MD
LG