Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:37

O‘zbekistondagi hokimiyat uchun kurashda ogohlantiruvchi o‘q otildimi?


Komil Allamjonov.
Komil Allamjonov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘ng‘ich qizining eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Komil Allamjonov shu yil yozida bosim ostida qolgandek edi.

Iyul oyida mahalliy OAV rahbarlari va jurnalistlar bilan brifingda u mamlakat axborot makonida "soxta xabarlar va dezinformatsiyalar ko‘payib borayotgani"ni qoraladi.

Ushbu chiqishdan bir necha hafta oldin jamoatchilik ko‘zidan yo‘qolib qolgan Allamjonov tafsilotlarga to‘xtalmadi, ammo aynan shu paytda uning qayerdaligi va siyosiy kelajagi haqidagi mish-mishlar kuchaygan edi.

Internetda uning mamlakatdan qochib ketgani, tergov qilinayotgani haqida mish-mishlar urchidi.

Ma’lum bo‘lishicha, Allamjonov sentyabr oyi oxirigacha Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimida ishlashda davom etgan.

Nihoyat, u o‘z iste’fosini e’lon qildi. E’lon qilarkan, yana videoda otasi administratsiyasining yordamchisi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva bilan birga paydo bo‘ldi. Mirziyoyeva xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytgan Allamjonovni qo‘llab-quvvatladi.

“Парда ортидаги ўйинлар”. Кичик куёв, ДХХ, Саида ва Алламжонов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:57 0:00

Prezidentning to‘ng‘ich qizi unga "prezident bergan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, davlat va jamiyat uchun muhim bo‘lgan katta loyihalarni amalga oshirdingiz, matbuot va ta’lim tizimini takomillashtirishda o‘z hissangizni qo‘shdingiz", deya minnatdorchilik bildirdi.

Biroq, bir oydan so‘ng Allamjonov O‘zbekiston rasmiy idoralari tomonidan suiqasd sifatida tergov qilinayotgan hodisa nishoniga aylandi.

26-oktyabr kuni sodir bo‘lgan hujumdan 40 yoshli Allamjonov ham, u o‘tirgan Range Rover haydovchisi ham omon qoldi. Politsiyaning aytishicha, mashinaga bir necha marta o‘q uzilgan.

Hujum bilan bog‘liq kamida to‘rt nafar gumonlanuvchi hibsga olingan.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda mashinalar o‘qqa tutilishi, ayniqsa, taniqli siyosatchini olib ketayotgan mashina bo‘lsa, odatiy hol emas. Shu bois, buning ortida kim turgani va bu Mirziyoyevning oilaviy boshqaruviga asoslangan rejimi uchun nimani anglatishi haqida ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda.

Davlat ichidagi davlat ssenariysi

Bu yerda bir necha jihatni aytib o‘tish joiz.

Birinchidan, gap O‘zbekiston haqida ketmoqda. O‘zbekistonda siz ba’zi narsalarni eshitishingiz, ammo hech narsaga amin bo‘lmasligingiz mumkin.

Ikkinchidan, hodisa yuzasidan rasmiy tergov qanday xulosani e’lon qilmasin, aslida undan ko‘proq yoki kamroq narsa bo‘lishi ehtimoli katta.

Uchinchidan, oylar va yillar o‘tib ham, hech narsani aniq bilmasligingiz mumkin.

Shunday ekan, Allamjonovning dushmanlari borligiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

Mirziyoyev hukmronligining dastlabki yillarida jurnalist va blogerlarga nisbatan yumshoqroq siyosat bilan chambarchas bog‘langan Allamjonovning o‘zini favqulodda erkin tutishi uni marhum rahbar Islom Karimovning qattiq boshqaruvidan har qanday chekinishni keraksiz xavf deb bilgan xavfsizlik xizmatlariga qarama-qarshi qo‘ydi.

So‘nggi bir necha yil ichida ommaviy axborot vositalarida 2016-yilda boshlangan iliqlik davri tugab, yana "sovuq" tusharkan, Allamjonovning hokimiyatdagi eng mustahkam aloqalari Saida Mirziyoyeva bilan bog‘langandi.

Joriy yil kuzida Prezident Adminstratsiyasidan ketguniga qadar Allamjonov Mirziyoyeva siyosiy faoliyatining har bir bosqichida unga hamrohlik qildi.

Bu holat 2023-yilda o‘zgardi. Mirziyoyeva prezident yordamchisi etib tayinlandi. Bu lavozim yaqinda tugatilgan ma’muriyat rahbari lavozimiga o‘xshash bo‘lib, Prezident Adminstratsiyasida otasidan keyin eng qudratli lavozim hisoblanardi.

Mirziyoyeva Allamjonovning rahbari bo‘lib qoldi va 67 yoshli Mirziyoyev hokimiyatdan ketadiganga o‘xshamasa ham, bu ko‘tarilish Mirziyoyevaning yuqori lavozimga tayyorlanayotgani haqidagi taxminlarga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, Mirziyoyev va Allamjonov siyosiy hamkorlar sifatida ko‘rinishda davom etdi.

Bu Allamjonovga ko‘proq matbuot oldida ko‘rinish va siyosiy vazn berdi. Garchi uning o‘sib borayotgan biznes manfaatlari ommaviy axborot vositalarida ko‘plab surishtiruvlar va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi da’volar nishoniga aylangan bo‘lsa ham.

Ammo Mirziyoyevning yaqin ittifoqchisi bo‘lish unga kuyov bo‘lish bilan barobar emas.

Mirziyoyevaning singlisi Shahnozaning turmush o‘rtog‘i Otabek Umarov ana shunday maqomga ega.

Алламжонов билан Отабек Умаров ҳамда ДХХ ўртасида уруш кетяпти- манбалар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:13 0:00

2016-yilda Mirziyoyev prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimini egallaganidan beri, Umarov ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, sport homiysi sifatida qahramon qiyofasini yaratdi. Uning Instagram sahifasida deyarli 38 million kuzatuvchi bor va u xorijlik yulduzlar bilan bilan tez-tez suratga tushadi.

Shu bilan birga, "Ozodlik" radiosi surishtiruvlari 40 yoshli Umarov oilaviy aloqalari orqali ulkan boylik to‘plagani va mamlakatning siyosiy hamda iqtisodiy elitasi orasida sahna ortidagi qudratli shaxs sifatida ko‘rilishini o‘rtaga chiqargan.

So‘nggi oylarda "Ozodlik" radiosining qator yuqori martabali manbalari Umarov va Allamjonov o‘rtasida tanglik borligini aytib kelganlar.

Manbalardan birining aytishicha, ularning mojarosi Umarov Allamjonovni Toshkentda ishbilarmonlar va siyosatchilarga bosim o‘tkazib kelgan maxfiy, norasmiy tashkilot - "Ofis" ishini to‘xtatishga urinishda gumon qilganidan keyin keskinlashgan.

Iyul oyida "Ozodlik" radiosi bilan suhbatlashgan manbaning aytishicha, Allamjonovning aralashuvi Umarov boshqarib kelgani iddao qilingan "Ofis"ning tekshirilishi va faoliyatining bir muddat to‘xtatib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.

Bu davlat ichidagi davlatdek eshitiladi.

"Ozodlik" manbalarining Allamjonov mashinasiga o‘q uzilishi bo‘yicha tergovni hozirda Umarovning odamlari nazorat qilayotgani haqidagi iddaolari ham shunday.

Ayni paytda, ushbu voqeaning o‘zbek Telegram kanallarida aylanib yurgan eng ommabop talqiniga ko‘ra, Allamjonov raqiblarini sharmanda qilish uchun o‘ziga qarshi soxta suiqasd uyushtirgan.

27-oktyabr kuni Bosh prokuratura hujum bilan bog‘liq "tasdiqlanmagan va asossiz" taxminlar urchiyotganiga e’tibor qaratib, "aholi orasida soxta, noto‘g‘ri va vahima uyg‘otuvchi ma’lumotlar tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik" borligi haqida ogohlantirdi. Ammo bu mish-mishlar oqimini deyarli kamaytirmadi.

Одат бузилди. Президентнинг оиласи билан фотоси чиқмади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:35 0:00

Oilaviy masala

Hozircha Umarov yoki O‘zbekiston hukumatining boshqa a’zolarini otishma bilan bog‘lovchi biror aniq, jamoatchilikka ma’lum dalil yo‘q.

Ammo haqiqat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hokimiyat nuqtayi nazaridan vaziyat yaxshi ko‘rinmayapti.

Otishma hukumatga sodiq qonun chiqaruvchi organga saylovlardan bir kun oldin sodir bo‘ldi.

Garchi bu hammasi odatdagidek davom etayotganiga ishoradek ko‘rinsa-da, Mirziyoyev rejimidagi asosiy shaxslar atrofida urchiyotgan gap-so‘zlar vaziyat buning aksi ekanligini ko‘rsatmoqda.

"Ozodlik" radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi videolaridan birida Mirziyoyev oilasining saylov kunida tushgan surati oldingi saylovdagi suratlar bilan taqqoslandi.

Prezident ma’muriyati tomonidan tarqatilgan suratda birinchi xonim Ziroatxon Mirziyoyevaning ikki tomonida Mirziyoyeva va Umarov turgani ko‘rinsa-da, Mirziyoyevning o‘zi yo‘q edi.

Buyuk Britaniyadagi tahlilchi Alisher Ilhomovning fikricha, bu 67 yashar davlat rahbari oilaning ayrim a’zolaridan noroziligini ko‘rsatayotgan edi. Garchi Ziroatxon Mirziyoyeva "oilani birlashtiruvchi shaxs" rolini o‘ynayotgan bo‘lsa ham.

O‘zbekistonda prezident qarindoshlari o‘z mavqeidan yuqori ko‘tarilishi ilgari ham kuzatilgan. Mirziyoyev hukmron oilani nazoratda saqlash qanchalik muhimligini ko‘pchilikdan ko‘ra yaxshiroq tushunadi.

Karimov vafotigacha o‘n yildan ortiq bosh vazirlik qilgan Mirziyoyevning hukumat rahbarligi Karimov qarindoshlarining o‘zboshimchaliklari avjiga chiqqan pallaga to‘g‘ri kelgan.

Omma oldida chiroyli qiyofada paydo bo‘ladigan va so‘zga chechan 39 yoshli Saida Mirziyoyeva, qaysidir ma’noda Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga o‘xshamaydigan yo‘sinda tarbiyalangan bo‘lsa kerak.

Karimovaning o‘zboshimchaliklari va aytilishicha, korrupsiyaga moyilligi mamlakat ichi va tashqarisida muammolarni keltirib chiqargan.

Gulnora mojarosi uning otasi tirikligida qamoqqa tashlanishi bilan tugadi. Bungacha u Tvitterda onasi va singlisini noqonuniy qilmishlarda ayblab chiqqan edi.

Gugusha nomi bilan ham tanilgan Karimova hamon vatanida qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lsa-da, xalqaro jinoyat tergovlari markazida qolmoqda.

Shu ma’noda Karimova Mirziyoyev rejimi uchun haligacha davom etayotgan bosh og‘rig‘iga o‘xshaydi.

Biroq hozirda O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti undan ham katta va o‘tkirroq bosh og‘rig‘iga duch kelmoqda.

XS
SM
MD
LG