Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2024, Тошкент вақти: 07:08

"Odam bolasi bunday urmaydi". Denovlik oila IIBni shafqatsiz qiynoqlarda ayblamoqda


Сурхонлик ака-ука полвонлар ИИБда шавфқатсиз урилганини иддао қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:34 0:00

Surxonlik aka-uka polvonlar IIBda shafqatsiz urilganini iddao qilmoqda

Tog‘li qishloqda qo‘lbola fitnes yasab, o‘zidan usta polvon va chavandoz yasagan surxondaryolik aka-uka o‘zlarining Denov Ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida shafqatsiz qiynoqqa tutilganliklarini aytishmoqda.

Shu yilning iyulidagi hodisa ortidan ularning kichigi yotoqqa mixlanib qolgan. IIB aka-ukalarning qiynoqqa solinganini inkor qilmoqda.

Bu shikoyat Ozodlikka O‘zbekistonda qiynoqdan bo‘lgan o‘lim uchun mas’ul shaxslarga javobgarlik kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinayotgan bir paytda keldi.

12-avgustdan 27-avgustgacha muhokamaga qo‘yilgan loyiha ushbu jinoyatni sodir etganlarga 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Bu Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan buyon qiynoqqa qarshi qabul qilingan o‘nlab qonun va qarorlarning navbatdagisidir.

Inson huquqlari va jamoatchilik faollari so‘nggi bir necha yil ichida aynan panjara ortiga qisqa muddatga tashlangan shaxslar o‘limining ortishi - katta va’dalar bilan qabul qilingan qonunlar aslida amalda ishlamayotgani isboti, demoqda.

-----------------------------------------------------------

Bu yilgi uloq mavsumiga qattiq hozirlik ko‘rayotgan polvon chavandoz Boymurod Yoqubov IIB hibsxonasidan chiqqanidan beri yotoqda. 29 yashar chavandoz qishlog‘ida "Boyka" laqabi bilan tanilgan.

Dovrug‘i Denov tumanidan oshib, Surxondaryoga yoyilgan. U asosan ot sporti va kurash bilan shug‘ullanadi. Har yili kuzda bo‘ladigan uloqning markazida u turardi.

Boymurod Yoqubov
Boymurod Yoqubov

Sina qishlog‘idagi boshqa chavandoz yigitlar uning hovlisida qo‘lbola yasab olgan mashg‘ulot joyi - zamonaviy til bilan aytganda, fitnesiga havas qilishadi.

Ikki oy muqaddam tun-u kun uloqqa hozirlik ko‘rib yurgan chavandoz Boyka endi qachon oyoqqa turishini ham bilmaydi.

Ozodlikka da’vo qilishicha, uni shu yilning 17-iyulida ichki ishlar xodimlari uyidan olib ketgan, Denov tumani IIBsida o‘lasi qilib kaltaklashgan va natijada hibsxonadan to‘g‘ri jarrohning stoliga tushgan:

“Yarim soatlar, qancha minutlar urdi. Keyin akam o‘zini mening ustimga tashladi. “Urmanglar buni”, deb ustimga o‘zini tashladi. Keyin akamni boshini devorga qo‘yib, uni urishdi. Keyin, akamni urgandan keyin yana meni urdi. Akam yana o‘zini mening ustimga tashladi, keyin yana akamni urdilar. Keyin elektroshokerni mening boshimga qo‘yib, urdi. Hech sababsiz, biror narsani so‘ramasdan, faqat urdi. Hech kim yo‘q edi, akam bo‘lmaganda, o‘ldirarmidi balki... Shunaqa narsani his qildim-da, akam bo‘lmasa o‘ldirarmidi, deb o‘yladim”.

Boymurod Yoqubov shifoxonada
Boymurod Yoqubov shifoxonada

Aytishicha, IIBdagi hodisa yuz bergan kechaning ertasiga sud ularni 7 sutkaga hukm qilgan, ammo ular yoki yaqinlarining qo‘liga na hukm va na boshqa hujjat berilgan.

Og‘ir ahvoldagi aka-uka hibsga tashlangan. Hibsdagi kunlarini akasi Jamshid tush kabi, deb xotirlaydi:

“Hech narsadan xabarimiz yo‘q, mana shunday bir paytda bizni uyimizdan olib chiqib ketishyapti. Biz tortishuvda bo‘lmaganmiz, mushtlashuvda bo‘lmaganmiz… Ukam o‘lib qoladi, deb qo‘rqdim. To‘rt kun ichagi nima qilib, 50 xil dard kirdi-da bu bolaga… Qon qusadi, ovqat yeya olmaydi, faqat chirillab yotdi. Bir payt qorni shishishni boshladi. Keyin ukam menga qarab: “Aka, endi o‘laman. Bilaman buni, o‘lik nimalari kelyapti”, dedi”.

Yoqubovlar da’vosicha, shu kungacha Denov tuman IIB bu aka-uka nega qo‘lga olingani-yu nega sudlanganiga oid rasmiy hujjat taqdim etmagan.

Ularni chaqirtirgan IIV xodimlari bir to‘yda mushtlashuv bo‘lgani, unda Yoqubovlarning bir qarindoshi ishtirok etgani va shuning uchun bu aka-ukadan ham ko‘rsatma olish maqsadida ular IIBga chaqirtirilganini aytishgan.

Yoqubovlar bunday janjalga umuman aloqasi yo‘qligi, janjal bo‘lgan kezda uyda bo‘lishganini da’vo qilishadi.

Boymurod Yoqubov uni IIB binosida kaltaklashganida ichaklari yorilib ketganini iddao qilmoqda. Ayni da’voni uning akasi - Jamshid Yoqubov ham ilgari suradi.

Uch farzandning otasi bo‘lgan 39 yashar Jamshid ham polvon. U ham uloq mavsumida kurash maydoniga tushib turadi, boshqa paytlar nonvoylik va somsapazlik qiladi.

Jamshid ham tanasida ko‘plab qiynoq izlari borligi, o‘zi ham uzoq muddat shifoxonada yotganini aytadi.

Jamshid Yoqubovga berilgan rentgen surati
Jamshid Yoqubovga berilgan rentgen surati

Yoqubovlar Ozodlikka taqdim qilgan tibbiy hujjatlarda Boymurodning "ichki ishlar xodimlari urdi", deb shikoyat qilgani qayd etilgan. Ammo, u olgan jarohatlar kaltaklash natijasida sodir bo‘lgani haqida biron qayd yo‘q.

Boymurod Yoqubovga “o‘tkir gangrenozli teshilgan appenditsit” deb tashhis qo‘yilgan. Jamshid Yoqubovning esa umurtqa pog‘onasida deformatsiya qayd etilgan, ammo bu qanday hosil bo‘lgani aytilmagan.

Aka-ukalarning iddaosicha, ular tan jarohatlarini IIB hibsxonasida olgani uchun mahalliy shifokorlar buni hujjatlarda aks ettirishdan tiyilmoqda.

Buni biri polvon, biri chavandoz ukalari birin-ketin yotoqqa tushgach, ularning haqqini so‘rab, yugurib yurgan opasi - 53 yashar To‘ti Yoqubova aytmoqda:

“Qanday appenditsit bo‘ladi? Appenditsit bo‘lsa ham, ikki oy yotadimi? Kim ishonadi bu gapga?.. Birovni urmagan bo‘lsa, o‘g‘rilik qilmagan bo‘lsa. Uyda o‘tirgan bolani olib borib, shu ahvolga solishyapti. Shunchalik ham uradimi? Elektroshokerlarni kallalariga suqqan, kallalarini devorga urgan. Ikki soat shunchalik urganki, odam bolasi bunday urmaydi-da!”

Ozodlik Yoqubovlar shikoyati ortidan Denov tumani hamda Surxondaryo viloyati hokimligi va ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Murodbek Davlatov Ozodlik murojaatiga javoban: “Bu masalani bizning jurnalist va blogerlar o‘rgangan ekan. Ancha bo‘libdi. "Diyor24" saytida ham joylashtirgan”, degan javobni berish bilan cheklandi.

"Diyor24" sayti - Termiz shahrida joylashgan, muassisi «Diyor 24» ommabop axborot nashri MCHJ.

Bu saytda 30-avgust, ya’ni Ozodlikning Yoqubovlar taqdiri bo‘yicha rasmiy murojaatidan bir kun o‘tib joylangan maqolada aka-ukalarning IIB binosida kaltaklangani haqidagi iddaosi to‘liq rad qilingan.

Maqolada keltirilishicha, Qiziriq tumani Qishloq-qozon mahallasida yashovchi N. Dilobar ismli shaxs shu yil 17-iyul - aka-uka Yoqubovlar IIB bo‘limiga olib ketilib kaltaklangan kuni - shikoyat tushgan. Bu ayol Yoqubovlar uni va oila-a’zolarini kaltaklashganini da’vo qilgan.

"2024-yilning 24-iyulida fuqaro Y.Boymurod appenditsit kasalligi bo‘lib tibbiy muolaja olgan. Respublika sud tibbiy ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, Y.Jamshid va Y.Boymurodlarda urish natijasida ortirilgan tan jarohatlari aniqlanmagan", deyiladi maqolada.

Yoqubovlar Denov tumani IIBda ham ularga shu shikoyatni aytib, N.Dilobar hamda uning oilasini kaltaklash aybini qo‘yishga uringanini aytmoqda. Ammo, o‘sha kezda voqea joyida bo‘lmagani va buni isbotlovchi talay dalillarni ilgari surganiga qaramay, ularni kaltaklashganini da’vo qilishmoqda.

Bu so‘nggi paytlarda O‘zbekiston ichki ishlar idoralarida yuz bergani aytilayotgan navbatdagi qiynoq iddaolaridir.

Boymurod Yoqubov
Boymurod Yoqubov

Ko‘pincha IIB qiynoq qo‘llaganiga oid da’volarni to‘liq inkor qiladi va xodimlarning qiynoq qo‘llaganini yopishga urinishlar kuzatiladi.

Jumladan, o‘tgan yil dekabrda Toshkent viloyati Chirchiq shahar IIBdan 22 yashar yigitning o‘ligi chiqqan, yaqinlari norozi bo‘lib, IIB binosi oldiga yig‘ilgan edi.

Rasmiylar yigit o‘zini osganini iddao qilishgan.

O‘shanda viloyat mahalliy kengashining sobiq deputati Jahongir To‘laganov hibsga olingan shaxsning tanasida jarohat izlari borligiga e’tibor qaratgandi.

O‘tgan yilning 7-iyulida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida chorva o‘g‘irlashda gumonlangan 36 yoshli fuqaro Usmon Salimboyev ham hibsxonada vafot etgan. Yaqinlarining noroziligi va qiynoqlar bilan bog‘liq iddaolari yana keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

O‘tgan yil 13-avgustiga o‘tar kechasi Toshkent shahar IIBB tergov izolatoridan 33 yashar D. U.ning jasadi chiqdi. Tarmoqlarda marhumning tanasida ehtimoliy qiynoq izlari - tanasining qoraygan, ko‘kargan joylari aks etgan tasvirlar yoyilgandi.

Bu kabi yana o‘nlab holatning ayrimlarida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati hodisaga aloqador xodimlar hibsga olingani va ayrim rahbarlar ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan. Ammo, qiynoq iddaolari to‘liq tergov qilinib, natijasi jamoatchilikka ochiqlangani Ozodlikka ma’lum emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganida huquq-tartibot idoralari, xususan kuch ishlatar tuzilmalarni isloh qilish hamda qiynoqlarga to‘liq barham berishni va’da qilgan.

Bir qator yangi normativ hujjatlar imzolangan, IIV tizimidagi hibsxona, so‘roqxona, qamoqxonalarga kamera-kuzatuv tizimlari o‘rnatilgandi.

Ammo, inson huquqlari faollariga ko‘ra, qanchalik qo‘shimcha kuzatuv jihozlari qo‘yilmasin, aslida kuch ishlatar tuzilmalarning xulqida katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Jumladan, To‘ti Yoqubova tergov hibsxonasidan kamera qaydlarini so‘ragani, ammo so‘roviga tegishli javob bo‘lmaganini aytadi:

“Qayerda, bermaydi bizga. Bizni hech kim kiritmaydi, so‘ramaydi. Aksincha, men borsam: “Hamma joyni titib tashlayapsiz. Hamma joyda qidiryapsizlar, o‘zlaringizga qiyin bo‘ladi!” deydi. Keyin men aytdim: “Mening ukam o‘lganidan keyin menga yashash nima kerak!”. Meniyam qamaydimi, o‘ldiradimi - nima qilsa qilsin ichki ishlar. Men qo‘rqmayman. Birovimiz o‘lib, birovimiz organdan qo‘rqib yashashimizning nima keragi bor bizga?!”

O‘zbekistonda qiynoqdan bo‘lgan o‘lim uchun mas’ul shaxslarga javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida muhokamaga qo‘yilgan yana bir qonun loyihasi qiynoq qo‘llaganlarga 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov, vaziyatni qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan qonunlarni ketma-ket qabul qilish bilan tuzatib bo‘lmasligini aytadi.

Oldinroq mamlakatda qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashib borayotgan qator faollar Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilishgandi.

Iste’foga chaqiriqlar javobsiz qolgan, Bobojonov esa Mustaqillik kuni arafasida prezident tomonidan birinchi darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, kuch ishlatar idoralarning 20 ga yaqin rahbariga “Mardlik”, “Jasorat”, “Do‘stlik” orden-medallari topshirildi.

Xalqaro tashkilotlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qiynoqlar yana ko‘payganidan jiddiy xavotir bildirmoqda.

Jumladan, Hyuman Rayts Uotch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti shu yil 24-may kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonning vaqtincha tergov izolyatorlari va qamoqxonalarida qiynoqlar davom etayotganini qayd etdi.

AQSH Davlat departamenti ham bu yilgi hisobotida kuch ishlatar tizimlardagi qiynoq va tahqirlarga alohida e’tibor qaratgan.

“Inson huquqlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlarining qayd etishicha, alohida mahbuslarga nisbatan muvofiqlashtirilgan, yuqoridan pastga buyruq berish orqali qiynoq qo‘llash amaliyoti to‘xtagan bo‘lsa-da, tergov hibsxonasidagi qiynoqlar odatiy hol bo‘lib qolmoqda”, deyiladi hisobotda.

Denov tumanidagi Sina qishlog‘ida yashab yurgan Yoqubovlar oilasi qariyb ikki oydan beri to‘shakka mixlangan Boymurod chavandozning ahvolidan xavotirda.

Aka-uka Jamshid (chapda) va Boymurod Yoqubovlar
Aka-uka Jamshid (chapda) va Boymurod Yoqubovlar

Bu oila qadimdan chavandoz bo‘lgan. Sina qishlog‘i va Surxon vohasida bo‘lgan ot choptirish, kurash va uloq musobaqalarida qatnashib, pul ishlab, mukofotlar olishgan.

Oilasi Boyka chavandoz bu yil ham musobaqalardagi mukofotlarni yig‘ib kelishiga qattiq ishongandi.

Sina qishlog‘i Termiz shahridan 130 kilometr olisda, tog‘li hududdagi eski qishloqlardan biri. Qishloqda 12 ming atrofida aholi yashaydi. Bu yerda aholi asosan chorva bilan shug‘ullanadi va shu bilan kun kuradi.

Yoqubovlar oilasi ham qishloqdagi oddiy oilalardan biri. Butun ro‘zg‘or oila a’zolari mehnati va kamsuqum daromadi bilan qurilgan. Oilada biror davlat yoki boshqa ishda ishlab, muntazam oylik oladigan odam yo‘q.

Ya’ni, Sina qishlog‘ida yoshlarning asosiy qismi ishsiz, ko‘proq Rossiya va Qozog‘istonga muhojirlikka qatnaydi.

Bu qishloq aholisi orasida Ukrainaga borib ishlaganlar ham ko‘p edi. Ammo, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri, Ukrainaga qatnov qariyb to‘xtagan. Darvoqe, sinaliklardan bir nechasi Buchada bedarak ketgan o‘zbeklar orasida bo‘lgan.

Agar, bu voqea bo‘lmasa, Boymurod va akasi hademay kuzgi xirmon tegrasida avj oladigan uloqlarning boshida bo‘lishi kerak edi.

Aka-uka har yili uloqlar markazida, buning uchun o‘zlari yasab olgan trenajyorda kuniga mashq qilishardi.

O‘z qo‘llari bilan yasagan mashqxonasini hatto o‘rnidan turib ko‘rolmaydigan ahvolga tushirilgan Boyka chavandoz kelajagiga juda katta xavotir bilan qaraydi.

Ko‘rsatma olish uchun chaqirib, o‘lar holda u yerdan chiqargan IIV tizimiga ishonmasligi, ammo bu holat boshqalar boshiga tushmasligi uchun albatta chora ko‘rilishi kerak, deb ta’kidlaydi:

"Bu narsani chorasini ko‘rmasa, yana qancha odamlar bu ahvolga tushishi mumkin. Biz dardimizni kimga aytaylik? Ishonganimiz prezidentimiz, Shavkat Mirziyoyev. Meni olib borib urishganidan beri hamma joyim og‘riydi. Sharoitimiz ham yo‘g‘roq, biror joyga olib borib ko‘rsatish uchun... Birovning umidini sindirish yomon narsa. Mehnatimni kuydirdi bular…”

XS
SM
MD
LG