Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2024, Тошкент вақти: 23:47

Ozodlik surishtiruvi: Toshkentda sukut, tarmoqda qarg‘ish


Ozodlik "O‘rtakash kuyov: Gaz sxemasi va millionlar" deb nomlangan jurnalistik surishtiruvini e’lon qilgandan beri qariyb ikki hafta o‘tdi. Bu vaqt ichida surishtiruv videosini birgina YouTubeda bir milliondan ko‘proq odam ko‘rdi¸ minglab izoh qoldirildi.

Surishtiruv¸ tuzilar-tuzilmas maxfiy qarorlar bilan davlat kompaniyalariga tabiiy gaz sotish va Turkmanistondan gaz import qilish imtiyozi berilgan o‘rtakash kompaniyaning prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari va Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov hamda uning sheriklariga aloqadorligini fosh qildi.

Qonunlarda ko‘zda tutilmagan bunday o‘rtakashlikdan millionlab dollarni o‘zlashtirgan Ultimo Group Limited MCHJga berilgan imtiyozlar O‘zbekiston energetika sohasidagi korrupsion sxemalardan biri xolos.

Surishtiruv bu sxemaning Umarovga aloqador xorijdagi kompaniyalar zanjiriga bog‘lanishini¸ qolaversa bu zanjirni biriktirib turgan real va nominal shaxslar tarmog‘ini ko‘rsatdi.

Ozodlik surishtiruv e’lon qilinishidan bir hafta oldin Prezident administratsiyasi¸ Energetika vazirligi¸ “O‘zbekneftgaz”¸ “O‘ztransgaz” kabi davlat idoralari va shirkatlari¸ shuningdek surishtiruvda nomi tilga olingan shaxs va xususiy kompaniyalarning har biriga yozma savollar bilan murojaat qildi.

O.Umarovning kengayib borayotgan biznes tarmog‘ida uning O‘zbekistondagi turli sport federatsiyalari boshqaruviga tayinlangan yaqin sheriklari muhim o‘rin tutadi.Ulardan biri Dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov (chapdan beshinchi) Umarov tomonidan taqdirlanganlar safida.
O.Umarovning kengayib borayotgan biznes tarmog‘ida uning O‘zbekistondagi turli sport federatsiyalari boshqaruviga tayinlangan yaqin sheriklari muhim o‘rin tutadi.Ulardan biri Dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov (chapdan beshinchi) Umarov tomonidan taqdirlanganlar safida.

Ultimo Group Limited MCHJning ikki ta’sischisidan biri – Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevdan boshqa biror shaxs yoki idora bu savollarga javob bermadi. O‘z javobida Anvarxo‘jayev kompaniyaning Umarovga aloqador ekanini inkor qildi.

Surishtiruv e’lon qilinganidan ikki hafta o‘tib ham bu korrupsion sxemaga yo‘l ochib bergan davlatning vakolatli idoralari churq etmadi. Ozodlikning avvalgi surishtiruvlarida kuzatilgani kabi¸ bu gal ham mutasaddi idoralar tarmoqdagi bo‘ron bosilishi va unutilishini kutgandek sukut saqlashdi.

Ayni paytda¸ surishtiruv qahramonlaridan ayrimlari unda keltirilgan ba’zi ma’lumotlarni o‘zgartirish taraddudiga tushdi.

Xususan¸ tuzilganidan beri ishlamay kelayotgan ultimogroup.uz veb sahifasi surishtiruv chiqar-chiqmas “ishlab ketdi”.

2021-yil aprelida registratsiya qilinganidan to Ozodlik surishtiruvi e’lon qilingunga qadar ultimogroup.uz sayti mana shu ko‘rinishda edi.
2021-yil aprelida registratsiya qilinganidan to Ozodlik surishtiruvi e’lon qilingunga qadar ultimogroup.uz sayti mana shu ko‘rinishda edi.

Ozodlik bilan telefon suhbatida Ultimo Group Limited MCHJ direktori Ravshan Mutalov kompaniyaning qariyb ikki yildan beri ishlamayotganini aytdi. Ammo bu suhbatdan sanoqli kun o‘tib “ochilib ketgan” saytda Ultimo Group Limited MCHJ o‘zini “O‘zbekiston Respublikasiga tabiiy gaz yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya. Kompaniyaning biznes manfaatlari asosan Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo hududlarini qamrab oladi”¸ deb taqdim etdi.

Ozodlik surishtiruvi e’lon qilinishi ortidan Ultimo Group vebsahifasi mana bu ko‘rinishga o‘tdi.
Ozodlik surishtiruvi e’lon qilinishi ortidan Ultimo Group vebsahifasi mana bu ko‘rinishga o‘tdi.

Saytning ochilishi va unga qo‘yilgan bu ma’lumot ortidan Ozodlik yana Ultimo Group Limited MCHJga aloqador shaxslarga murojaat qildi. Ulardan kompaniyaning Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo hududlaridagi biznes manfaatlariga oydinlik kiritishni so‘radi. Ayni shunday¸ kompaniyaning hozirda qanday gaz oldi-berdisi bilan shug‘ullanayotgani bilan qiziqdi. Ammo bu savollar ham javobsiz qoldirildi.

Ultimo Group Limited MCHJ egalari uni O‘zbekiston Respublikasiga tabiiy gaz yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya sifatida ko‘rsatish ilinjida ochilgan saytga o‘ndan oshiq yangilik ham ilib qo‘ydi. Bu yangiliklarning aksar qismi mahalliy matbuotda gaz va energetikaga oid chop etilgan maqolalar sarlavhasi bo‘lsa¸ qolganlari bo‘m-bo‘sh sarlavhadan boshqa narsa emas.

Uch yilda qilinmagan saytni ishga tushirish jarayonini bir kechada ijro qilganidanmi¸ ultimogroup.uz sayti mualliflari¸ shoshilinchda saytning qachon ro‘yxatga olinganini yoddan chiqarib qo‘ygan ko‘rinadi.

Qo‘yilgan birinchi bo‘m-bo‘sh sarlavha ostida 2021-yil 11-mart¸ aniqrog‘i kompaniya ro‘yxatga olinidan bir kun keyingi sana qayd etilgan.

Ammo ochiq manbalardagi ma’lumotlar¸ ultimogroup.uzsayti domenda faqat 2021-yil 6-aprelida ro‘yxatdan o‘tganini ko‘rsatadi.

Whois.com sayti ultimogroup.uz vebsahifasining domenda qachon ro‘yxatdan o‘tganini aniq ko‘rsatadi.
Whois.com sayti ultimogroup.uz vebsahifasining domenda qachon ro‘yxatdan o‘tganini aniq ko‘rsatadi.

Yo‘qni bor qilishga bel bog‘lagan sayt ijodkorlari jamoatchilikni bu mifga ishontirishda jonbozlik ko‘rsatib¸ yangiliklardan biriga hali saytning asari ham bo‘lmagan sanani yozib qo‘yibdi! Bu ham yetmagandek¸ shoshilinchda tarmoqda mavjud bo‘lmagan telefon raqamlarini ham kompaniya bilan bog‘lanish uchun taqdim etishgan. Uch yildan beri saytda osig‘liq turgan +99899 917 01 10 va +99899 918 01 10 raqamlari oldin qanday ishlamasa¸ saytda hayot alomati ko‘ringanidan so‘ng ham ishlamayotir.

Ozodlik surishtiruviga bilvosita reaksiyalar unda tilga olingan ayrim personajlarning Instagram sahifasi va ularga rasmiylashtirilgan boshqa kompaniyalar saytida ham kuzatildi.

Xususan¸ BAAda Otabek Umarov biznes manfaatlarini boshqarib kelayotgan Doniyor Qodirov avvaliga o‘zining Instagram sahifasini yopib qo‘ydi. Sahifa ko‘p o‘tmay qayta ochilganida¸ undan Qodirovning Umarov va sheriklari bilan birga tushgan surati g‘oyib bo‘ldi.

Doniyor Qodirov Instagram sahifasidan o‘chirilgan bu surat uning Otabek Umarov va Azizjon Kamilovlarga qanchalik yaqin sherikligini ko‘rsatadi.
Doniyor Qodirov Instagram sahifasidan o‘chirilgan bu surat uning Otabek Umarov va Azizjon Kamilovlarga qanchalik yaqin sherikligini ko‘rsatadi.

Ayni shunday Doniyor Qodirovga aloqador Dubaydagi Ultimo Group va Rushmore kompaniyalarga berilgan telefon raqamlari ham surishtiruv ertasiga saytdan g‘oyib bo‘ldi.

Hukumat va Ozodlikning navbatdagi surishtiruvi markaziga tushgan davlat kompaniyalari va Otabek Umarov kabi shaxslar unga “odobli sukut” bilan javob qilayotgan bo‘lsa¸ unda fosh etilgan korrupsion sxema oddiy jamoatchilikni yana junbushga soldi.

Ozodlik surishiruvini ko‘rganlarning aksar qismi bu sukutning alomati rizo ekani¸ ya’ni Mirziyoyev administratsiyasidan tortib Energetika vazirligiga qadar keltirilgan faktlarni inkor eta olmasligini tan olish talqin qilmoqda.

Ozodlik surishtiruvi ostida qoldirilayotgan aksar sharhlar konstitutsiyaga ko‘ra xalq mulki bo‘lgan tabiiy boyliklar¸ ayniqsa gazning tepadagilar tomonidan o‘g‘irlanayotganidan oddiy o‘zbeklar qanchalik g‘azab va nafratda ekanini ko‘rsatadi.
Ozodlik surishtiruvi ostida qoldirilayotgan aksar sharhlar konstitutsiyaga ko‘ra xalq mulki bo‘lgan tabiiy boyliklar¸ ayniqsa gazning tepadagilar tomonidan o‘g‘irlanayotganidan oddiy o‘zbeklar qanchalik g‘azab va nafratda ekanini ko‘rsatadi.

Youtubedagi aksar sharhlar o‘zbek jamoatchiligining Mirziyoyev olib borayotgan siyosat¸ xususan energetika sohasidagi jarayonlardan¸ yumshoq qilib aytganda¸ qanchalik hafsalasi pir bo‘lgani¸ hukumatga ishonchning naqadar kamayib boraëtgani ifodasiga aylandi.

O‘zbekistonni yirik gaz sotuvchi davlatdan Rossiyadan gaz sotib oluvchi davlatga aylantirgan joriy hukumat¸ xususan¸ birinchi Oila vakillari¸ bu sharhlarda muttasil qarg‘ish nishoniga aylangan.

Hukumatdan qonuniy haqlarini so‘rashga jur’at topolmayotgan o‘zbekistonliklar o‘z g‘azabini shu taxlit qarg‘ishlar bilan to‘kib solmoqda.

Ozodlikning oxirgi surishtiruvini hukumat va sxema ishtirokchilari kabi chuqur sukut bilan qarshi olgan yana bir toifa, bu - mahalliy matbuot va tanilgan blogerlardir.

Dunyoning boshqa mamlakatlariga oid kattayu kichik yangilik va surishtiruvlarni katta qilib yoritib kelayotgan matbuot va blogerlar o‘zbekistonliklar kundalik hayoti va mamlakat iqtisodini barbod qilib kelayotgan korrupsion sxema fosh etilishini ko‘rib ko‘rmaganga oldi.

Bunday sukunatga xususiy suhbatda izoh bergan ayrim yetakchi nashr jurnalistlari va blogerlar¸ Ozodlik surishtiruvini tilga olish o‘zlari uchun jiddiy xavf tug‘dirishini e’tirof etdilar.

Mahalliy media va hokimiyatga yaqin blogerlar sukunatini 7-may kuni jurnalist Shuhrat Latipov buzdi.

Rus tilidagi Telegram postida Latipov Ozodlik surishtiruvida keltirilgan fakt ma’lumotlar har bir o‘zbekistonlikning kundalik turmushiga bevosita daxldor ekanini ta’kidladi.

Shuhrat Latipov Ozodlikning gaz oldi-berdisidagi korrupsion sxemalardan biri - bevosita prezident kuyovi Otabek Umarovga bog‘lanadigan Ultimo Group Limited MCHJ haqidagi surishtiruviga munosabat bildirgan hozircha yagona mahalliy bloger bo‘lib qolmoqda.
Shuhrat Latipov Ozodlikning gaz oldi-berdisidagi korrupsion sxemalardan biri - bevosita prezident kuyovi Otabek Umarovga bog‘lanadigan Ultimo Group Limited MCHJ haqidagi surishtiruviga munosabat bildirgan hozircha yagona mahalliy bloger bo‘lib qolmoqda.

Bu nima uchun muhim? Davlat mulki hisoblangan sement zavodi tovarlarni bir necha barobar oshirilgan narxlarda sotib oladi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat korxonasi xarajatlarini sun’iy ravishda oshirib, foydani kamaytirib, ishlab chiqarish tannarxini oshiradi. Natijada qurilishda ishlatiladigan sementni qimmatiga olamiz. Bu uylarning narxi ham oshib borayotganini anglatadi.

Shuningdek, daromadning pastligi tufayli davlat korxonalari tomonidan davlat budjetiga to‘lanadigan dividendlar hajmi (2021-yilda 442 mlrd. so‘m) kamaymoqda. Davlat byudjetida qancha mablag‘ kam bo‘lsa, ijtimoiy soha (maktab, shifoxona, pensiya, nafaqa), infratuzilma (yo‘llar, piyodalar yo‘llari, obodonlashtirish)ga sarflanadigan mablag‘lar shunchalik kam bo‘ladi. Agar byudjet daromadlari pasaysa va xarajatlar ko‘paysa (defitsit), bu qandaydir tarzda qoplanishi kerak. Bunda esa¸ davlat qarzi, xorijiy kreditlar va nisbatan yuqori soliqlar yordamga keladi.

Bularning barchasi bizning hayotimizga bevosita ta’sir qiladi.

Bu holatga davlat idoralari javob bersa yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, gaz va elektr energiyasiga tariflar oshib borayotgani va katta byudjet taqchilligi fonida.

Latipov blogi chop etilishidan ko‘p o‘tmay uni O‘zbekistondagi rusiyzabon blogerlardan biri – Kirill Altman repost qilishga botindi¸ xolos.

Ijtimoiy tarmoqda ancha-muncha muxlisga ega bo‘lgan boshqalar esa sukutini qo‘rish yoki Ozodlik surishtiruviga "ezop tili"da munosabat bildirishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG