Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2024, Тошкент вақти: 01:44

Putinning beshinchi prezidentlik muddati: E’tibor qaratish kerak bo‘lgan besh jihat


Rossiya prezidenti Vladimir Putin olti yil avval Kremldagi inauguratsiya marosimida. 7-may, 2018
Rossiya prezidenti Vladimir Putin olti yil avval Kremldagi inauguratsiya marosimida. 7-may, 2018

Mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan Vladimir Putin 7-may kuni Kremlda o‘tgan inauguratsiya marosimidan so‘ng yangi olti yillik prezidentlik muddatini rasman boshladi.

Keyingi 6 yil davomida Rossiya siyosatida quyidagi o‘zgarishlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda: Ukrainadagi urush uchun yangi safarbarlik, urushni moliyalashtirish uchun yangi soliqlar, Kreml ichida kadrlar almashinuvi, NATO uchun yangi tahdidlar va o‘zgacha fikrlarni bostirish.

Rossiya siyosati bo‘yicha faxriy ekspert Tatyana Stanovaya Putin va Kremlning Rossiya geosiyosiy pozitsiyasi borasidagi mavqeini shunday izohlaydi:

“Bu quruq tashviqot emas, balki mafkuraviy ekspansiya, «putinizm»ni G‘arb mamlakatlariga eksport qilish va potensial «do‘stlar» bilan faol ishlash rejalari aksidir. Boshqacha aytganda, qadriyatlar uchun geosiyosiy kurash yana G‘arbga ko‘chmoqda va Putin o‘zini har qachongidan ham dadil his qilmoqda”.

Bu «muqaddas urush» chegaralari yana kengayadi”, deydi u

Rossiya Ukraina bilan urushda Ikkinchi Jahon Urushidan beri eng katta insoniy va texnikaviy yo‘qotishlarga uchradi. G‘arb hisob-kitoblariga ko‘ra, halok bo‘lgan yoki yaralangan rus askarlari 320 000 dan ortiq, shuningdek, Rossiya minglab tanklari, transport vositalari va artilleriya tizimlaridan ham ayrilgan.

Shunga qaramay, Rossiya o‘z iqtisodi va sanoatini urushga moslashtira oldi. Urushga 300 mingdan ortiq zaxiradagi askarlar bilan birga minglab mahbuslar ham jalb etildi.

Finlyandiya Bankining Rivojlanayotgan Iqtisodiyotlar Instituti tadqiqotiga ko‘ra, yangi shartnomalar uchun bonuslar 700 000 rublgacha (7 600 AQSH dollari) oshirilgan. Bu Rossiyada 2022-yilgi yillik o‘rtacha ish haqidan ko‘p.

Harbiy qo‘mondonlar shartnoma majburiyatlarini o‘zgartirgani va soxtalashtirgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, ba’zi mahbus askarlar qisqa muddatli xizmatdan so‘ng va’da qilinganidek ozodlikka chiqarilmagan, aksincha, ularga urush tugaganidan keyin ozod bo‘lasizlar deb aytilgan.

«2024-yilda Kreml bir qarorga keladi. Agar yo‘qotishlar bugungidek yuqori bo‘lib turaversa, Kreml yangi harbiylar topishi kerak bo‘ladi», deydi Tafts universiteti qoshidagi Fletcher huquq va diplomatiya maktabi tadqiqotchisi ekspert Pavel Luzin.

Kreml yo «zo‘rlik, majburlash orqali» navbatdagi safarbarlikni amalga oshiradi yoki Ukrainaga ko‘proq muddatli chaqiriluvchilarni yuborishga majbur bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha rossiyalik erkaklar armiyada 12 oy xizmat qilishi shart, ammo qonun yangi chaqiriluvchilarni chet eldagi jangovar harakatlarga yuborishga ruxsat bermaydi.

Dastlabki ikki yilda Kreml Ukrainadagi urush uchun 30 trillion rubldan (325 milliard dollar) ortiq mablag‘ sarflagan. Ekspertlarga ko‘ra, bu yil harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 8 foizidan oshishi kutilmoqda.

Ulkan harbiy xarajatlar G‘arb sanksiyalari fonida Rossiya iqtisodini harakatlantirgan vosita bo‘ldi. Bu yil Rossiya iqtisodiyoti 2,6 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

15-mart kuni Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi Donetsk shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidentlik saylovi.
15-mart kuni Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi Donetsk shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidentlik saylovi.

Urush uchun xarajatning katta qismi neft va gaz sotishdan olingan daromad hisobidan qoplanmoqda. Yanvar oyida Rossiya Moliya vazirligi bu yil neft va gaz savdosidan 11,5 trillion rubl (125 milliard dollar) daromad olishni kutayotgani, Xitoy va Hindiston asosiy xaridorlar ekanini ma’lum qildi.

Moskva davlat g‘aznasidagi zaxira jamg‘armalarini ham urush uchun sarflamoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxiriga kelib milliy boylik fondi deyarli yarmiga qisqargan.

Putin fevral oxiridagi nutqida davlat daromadlarini ko‘paytirish va ko‘proq daromad oluvchilarga soliq yukini oshirishni ko‘zda tutuvchi Soliq kodeksidagi o‘zgarishlarga ishora qildi.

Important Stories va Bloomberg xabariga ko‘ra, hukumat 5 million rubldan ortiq daromad oladiganlar uchun daromad solig‘ini 15 foizdan 20 foizga, korporativ soliq stavkalarini esa 20 foizdan 25 foizga oshirishni ko‘rib chiqmoqda.

Bu Moliya vazirligi 2024-yil uchun prognoz qilgan 1,6 trillion rubllik (17 milliard dollar) byudjet taqchilligini to‘ldirishga yordam beradi.

Rossiya Bosh shtabi rahbari general Valeriy Gerasimov va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu saylov uchastkasida.
Rossiya Bosh shtabi rahbari general Valeriy Gerasimov va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu saylov uchastkasida.

«Rossiya harbiylari Rossiya siyosatida tobora ko‘proq mavqega ega bo‘lib borishi muqarrar. Rossiyadagi har bir urush, qanchalik halokatli bo‘lishidan qat’iy nazar, Rossiya siyosatida haqiqatan ham muhim rol o‘ynagan juda mashhur generallarni paydo qildi» deydi Rossiya xavfsizlik xizmati bo‘yicha ekspert Andrey Soldatov.

Putin o‘z nutqida yirik ijtimoiy siyosatga yo‘naltirilgan beshta yangi «milliy loyiha»ni yaratish hamda hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ham gapirdi.

«Ko‘p yillardan buyon Putin hokimiyat almashuvi yoki vorislar haqidagi har qanday spekulyatsiyaga barham berish uchun Rossiyaning yuqori elitasi o‘rtasida katta o‘zgarishlar qilishdan o‘zini tiyib kelgan. Ammo endi yangi siyosiy o‘yinchiga vakolat berishdan boshqa iloji yo‘q», deydi siyosiy sharhlovchi Andrey Persev.

Agar katta o‘zgarishlar ro‘y bersa, e’tibor qilish kerak bo‘lgan nomlardan biri – prezident ma’muriyatining sahna ortidagi nufuzli vakili, prezidentlik saylovlarini ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan Sergey Kiriyenko bo‘ladi. U, shuningdek, Kremlning Moskva noqonuniy anneksiya qilgan Ukraina hududlari bo‘yicha asosiy vakilidir.

Putinning 2007-yilda Qo‘shma Shtatlarni Uchinchi Reyxga o‘xshata boshlagan jangovar ritorikasi 2018-yildagi so‘nggi saylovlaridan keyin va 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishi arafasida yanada yomonlashdi.

Parlamentdagi nutqi davomida Putin Rossiyaning yadro arsenali haqida faxr bilan gapirar ekan, G‘arb davlatlari Ukrainadagi urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilsa, yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi.

Putinning inauguratsiyasi arafasida Mudofaa vazirligi taktik yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar rejasini e’lon qilib, mashg‘ulotlarni G‘arb rasmiylarining «ig‘vogar bayonotlari va tahdidlariga» javob deb atadi.

Putin rejimi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi natijasiga bog‘liq, deydi tahlilchilar. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri g‘alaba bo‘lmasa, Putin g‘alaba sifatida da’vo qilish imkonini beradigan boshqa natijaga erishmoqchi. Bu o‘z navbatida jangovar ritorika davom etishini anglatadi.

2012-yildan beri Putin fuqarolik jamiyati, nodavlat tashkilotlar, huquq guruhlari, mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosimlarni kuchaytirdi. Ko‘p odamlar va tashkilotlar qora ro‘yxatga kiritildi, sudga tortish bilan tahdid qilindi, bankrot qilindi yoki mamlakatdan haydab chiqarildi.

Ukrainadagi urush Rossiyani politsiya-davlatiga aylanishini yanada tezlashtirdi. Hukumat urushni tanqid qilgan hammani jinoiy javobgarlikka tortmoqda.

Urushga qarshi pozitsiyani yoqlagan sobiq deputat Boris Nadejdin Putin va mojaroga qarshi bo‘lgan ko‘plab rossiyaliklar tomonidan qo‘llab quvvatlandi. Ammo rasmiylar uni prezidentlik saylovlarida qatnashishiga imkon bermadi.

OzodNazar: Путиннинг янги муддати ва Марказий Осиё
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:52:44 0:00

Fevral oyida Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada o‘lishi rus muxolifatiga yana bir zarba bo‘ldi. Hatto Navalniyning dafn marosimida qatnashganlarning ayrimlari hibsga olindi.

Taxminlarga ko‘ra, Putinning beshinchi muddatida o‘zgacha fikrlovchilarga bosim kuchayadi. Kreml jamiyat rozilik yoki loqaydlik o‘rtasida bo‘lishini xohlaydi.

«Kreml ommaviy tartibsizliklarni yoqtirmaydi. Ular bu rejim barqarorligi uchun tahdid solishidan xavotirda. Shuningdek, hukumat ommaviy noroziliklarning beqarorlashtiruvchi tomonlarini bo‘rttirib ko‘rsatadi deb o‘ylayman. Ular tashabbuskorlik yoki aholini birlashtiradigan har qanday narsadan qo‘rqadi. Kreml siyosiy befarqlikni, siyosat bilan shug‘ullanmaydigan odamlarni afzal ko‘radi. Tizim barqarorligi aslida befarqlikka asoslangan», deya xulosa qiladi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq vakili Tomas Grem.

XS
SM
MD
LG