Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2024, Тошкент вақти: 16:57

Qirg‘izistonda “O‘lmas polk” yurishi bekor qilindi


Bishkekda 2022-yilning 9-may kuni bo‘lib o‘tgan "O‘lmas polk" yurishidan lavha
Bishkekda 2022-yilning 9-may kuni bo‘lib o‘tgan "O‘lmas polk" yurishidan lavha

Qirg‘izistonda har yili 9 -may kuni o‘tkaziladigan “O‘lmas polk” yurishi bekor qilingan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Ichki ishlar vazirligining 1-maydagi bayonotiga tayangan holda xabar qildi.

Vazirlik yurish bekor qilinishiga oid qarorni “jamoat xavfsizligiga mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda” qabul qilingani bilan izohlagan. Ayni paytda IIV huquq-tartibotchilar jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash uchun chora ko‘rayotganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi 9-may kuni Bishkekdagi Olatog‘ maydonida harbiy parad bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. Bu kuni faqat G‘alaba maydonida xotira mitingi bo‘lib o‘tishi rejalangan.

“O‘lmas polk” tadbirini o‘tkazish tashabbusi ilk bor 2011-yili rossiyalik bir guruh faollar tomonidan ko‘tarilgan. Bu tadbir, an’anaga ko‘ra, 9-may — G‘alaba bayrami kuni o‘tkaziladi. Avvalroq Qirg‘izistonda bu yurishni o‘tkazish bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan, chunki tadbirga qarshi bo‘lganlar Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin “O‘lmas polk” rossiyaliklar tajovuzini yodga solishini iddao qilishgan. Biroq Qirg‘izistonda 2022-yilda ham, 2023-yilda ham yurish o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil 1-aprel holatiga Qirg‘izistonda Ikkinchi Jahon urushi faxriylarining umumiy soni 41 nafarni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG