Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2024, Тошкент вақти: 19:34

Qozog‘istonda jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari o‘tmoqda. Bu o‘yinlar qanday paydo bo‘lgan?


Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari. Ko‘pkari. Ostona
Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari. Ko‘pkari. Ostona

Ayni kunlarda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida beshinchi “Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari” bo‘lib o‘tmoqda. 90 ga yaqin davlatdan kelgan sportchilar ishtirok etayotgan bu musobaqalar asli Qirg‘izistonda paydo bo‘lgan. Bu bilan Qirg‘iziston “resurslari tanqis kichik davlat ham global miqyosda nimadir qila olishini” ko‘rsatdi.

Ko‘chmanchi xalqlar sporti, musiqasi va madaniyatini nishonlash uchun dunyoning turli burchaklaridan sportchilar va sayyohlarni 10 yildan buyon o‘ziga jalb etib kelayotgan shou bu.

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan beshinchi o‘yinlar, ehtimol, eng yirigi bo‘lib, 89 davlat o‘yinlarga 2500 ga yaqin sportchini jo‘natgani xabar qilingan.

Ammo 2014, 2016 va 2018-yildagi ta’sis o‘yinlari Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda mamlakat rahbariyati shundoq ham qashshoq mamlakatga bunday serxarajat o‘yin nega kerakligini asoslab berish bosimi ostida qolgan edi.

2016-yil yozida asli pedagog bo‘lgan Bermet Tursunqulova Markaziy Osiyo musiqasida mashhur bo‘lgan komuz cholg‘usi ustalarini tezda topishi kerak bo‘lib qolgandi.

Ochilish marosimi
Ochilish marosimi

“1000 ta komuzchi g‘oyasini dastlab kim o‘ylab topgani esimda yo‘q, lekin iyun oyigacha ko‘p narsa qilinmadi va biz shu ahvolda davom etishga majbur bo‘lgandik”, deydi Tursunqulova.

“Men hamkasbim Gulnora Aytbayevaga murojaat qildim, uning nodavlat tashkiloti an’anaviy madaniyatni saqlab qolish bilan shug‘ullanadi. Biz dirijyor topdik va mamlakatning chekka viloyatlaridagi maktablar bilan aloqa o‘rnatdik, cholg‘uchilar Qirg‘izistonning barcha burchaklaridan kelishi juda muhim edi”.

Ularni topish bir muammo bo‘lsa, ularni keltirish, ovqatlantirish, kostyumlari yana bir muammo edi.

Qirg‘iziston hukumatining hamkorlari, asosan, Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi ko‘maklashdi.

2016-yil 3-sentyabrga kelib Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatining sharqiy qismida bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida minglab komuz sadolari yangrashi uchun hamma narsa taxt edi, ko‘pchilik tomoshabinlar esa buncha ko‘p cholg‘uchi birgalikda mashq qilib, tayyorlanmaganidan xabari ham yo‘q edi.

“Tashkiliy jarayon davomida men o‘zimga qayta-qayta savol berardi: nega aralashdim o‘zi bu ishlarga, kamiga, muddat oz qolgandi”, deydi Tursunqulova.

“Ammo ularning ochilish kunida birgalikda kuy ijro etishini ko‘rish bunga arziydi.”

Qirg‘iziston Madaniyat vaziri Oltinbek Maqsutov 10-sentyabr kuni jurnalistlarga o‘yinlar 2026-yilda yana “vataniga qaytishi”ni aytdi.

Ixtiro qilish shart emas

Qirg‘izistonlik sport koordinatori va turizm bo‘yicha ekspert Asxat Akibayevni ko‘pincha Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ixtirochisi deb atashadi.

Bu Akibayevga yoqadigan unvon emas.

“O‘yin ixtirochilari bizning ajdodlarimiz va barcha ko‘chmanchi xalqlarning ajdodlaridir. Bu o‘yinlarning barchasi allaqachon u yoki bu shaklda mavjud edi. Boshimizga olma tushgandek bo‘lmadi”, dedi qozog‘istonlik tashkilotchilarga o‘z yordamini taklif qilgan Akibayev.

Ostonada qanday o‘yinlarni ko‘rish mumkin?

Oldinda mas-restling, ya’ni kaltakni ushlab yakkama-yakka tortish o‘yini bo‘lib o‘tadi. Otda o‘q otish, ya’ni qadim zamonlardan qolgan chavandozlik mahorati mashhur musobaqadir. Shuningdek, burgut ovi kabi boshqa jozibali sport turlari ham namoyish etiladi.

Ammo, bir veb-saytda “boshsiz uloq polosi” deb ta’riflangan sportsiz bu o‘yinlar Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari bo‘lmaydi. To‘g‘ri, xorijlik tomoshabinlar oldida haqiqiy uloq jasadi o‘rnida sun’iy uloq o‘ynalishi ham mumkin.

2014-yilda o‘tkaziladigan ilk o‘yinlarni rejalashtirayotganda Akibayev an’anaviy o‘yinlar sayyohlar yoki hatto mahalliy aholi uchun ham qiziq bo‘lishiga shubha bilan qaragan, Qirg‘izistonda esa ularni o‘tkazish uchun logistika va infratuzilma muammosi ham yetarli edi.

Ammo ular eplashdi. Shunga qaramay, aholisiga eng bazaviy xizmatlarni ham ko‘rsatishga qiynaladigan davlat uchun shu kerakmi?

Akibayev 2012-yilda bir qator rivojlangan mamlakatlar fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz rejim tufayli tashrif ancha ortgan dastlabki uchta o‘yin bo‘yicha turizm ma’lumotlarini keltirdi.

“Aytaylik, biz ushbu o‘yinlarning barchasiga 10 million dollar sarfladik. Agar birinchi o‘yinlargacha Qirg‘izistonga 2 milliondan sal ko‘proq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019-yilda so‘nggi o‘yinlardan keyin 6 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan”, dedi Akibayev. "Bundan tashqari, biz o‘zimizga va butun dunyoga kichik bir mamlakat global miqyosda nimadir qila olishini ko‘rsatdik."

Chodirdagi katta ziyofat

Qirg‘izistonning badavlat qo‘shnisi Qozog‘iston ham Turkiyaning Iznik shahrida to‘rtinchi bor o‘tkazilgan va 2026-yilda Qirg‘izistonga qaytib keladigan o‘yinlarga mezbonlik qilish qanchalik kerakligi borasida savollarga duch keldi.

Qozog‘iston joriy yil bahorida yarim yil davomidagi eng yomon mavsumiy suv toshqinlarini boshdan kechirganidan so‘ng, prezident Qasim-Jomart Toqayev o‘yinlar byudjeti qisqartirilishini va yana bir xalqaro tadbir – Ostona xalqaro forumi butunlay bekor qilinganini e’lon qildi.

Joriy o‘yinlar taxminan 12 million dollarga tushdi, chunki milliy kompaniyalar hissa qo‘shgan va hech bo‘lmaganda musobaqa jadvaldan olib tashlangan.

8-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida qozog‘istonlik dunyodagi eng mashhur qo‘shiqchi Dimash Xudoybergen qozoq xalqining kechmishini sinxron raqqosalar, kuchli yorug‘lik va dramatik sahna ko‘rinishlari orqali so‘zlab bergani mablag‘ juda oz tejalgandek taassurot qoldirdi.

«O‘zim rassomman, xoreograflarimiz va ijrochilarimiz bilan faxrlanaman», deydi o‘yinlar o‘tayotgan maydon yaqinidagi milliy hunarmandchilik buyumlari va taomlar sotiladigan “etnik qishloq”ni kezib yurgan Aziza Jo‘rabek.

“Bu yerda xorijliklarga yordam berayotgan ko‘ngilli yoshlar borligidan ham xursandman, chunki xalqimiz ingliz tilini yaxshi bilmaydi, – deydi u. – Qozog‘iston shunday miqyosda va darajada biror narsa qila olayotganidan faxrlandim."

Birinchi marta Rossiya Ukrainaning Qrim yarimoroli ustidan nazoratni qo‘lga kiritib, Ukraina sharqida harbiy agressiyani kuchaytira boshlagan yilda o‘tkazilgan Jahon ko‘chmanchi o‘yinlari Moskva va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi.

Ukraina avvalgi o‘yinlarga sportchilarni yuborgan, ammo bu safar unday bo‘lmadi.

2022-yil holatiga ko‘ra, bu o‘yinlar Rossiya va AQSH sportchilari o‘zlarining bayroqlari ostida bir platformada raqobatlasha oladigan dunyodagi kam sonli sport tadbirlaridan biri.

Ilgari diplomat bo‘lgan Prezident Toqayev ingliz va qozoq tillarida so‘zlagan ochilish nutqida sport “xurmat va hamjihatlik ramzi” ekanini ta’kidladi.

“Qozog‘iston hammaga tinchlik va hamjihatlik mamlakati sifatida tanilgan, – dedi Toqayev. – Ishonchim komilki, [Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari] xalqaro birdamlikni mustahkamlashga yordam beradi”.

XS
SM
MD
LG