Линклар

Шошилинч хабар
01 май 2024, Тошкент вақти: 20:06

Qozon qamog‘idagi Alsu Kurmasheva: “Eng katta istagim – bu yerdan sog‘-omon chiqish”


Alsu Kurmasheva, 2024-yil 1-apreli
Alsu Kurmasheva, 2024-yil 1-apreli

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmashevaning hibsga olinganiga 18-aprel kuni olti oy to‘ldi.
Aprel oyi boshida sud jurnalist ayolning hibs muddatini yana bir marta – 5-iyungacha uzaytirgan. Tatar tilida chiqadigan “Bezneң gәҗit” (“Bizning gazeta”) nashri yaqinda Alsuning maktubini chop etdi. “Ozodlik” radiosi mazkur maktubdan parchalarni e’tiboringizga havola qilmoqda.

“12-mart. Yotar mahal bo‘ldi. Soat necha bo‘lganini aniq aytolmayman, bu yerda soat yo‘q, lekin qiziq tomoni shundaki, soat necha bo‘lganini taxminan bilishingiz mumkin baribir”, deb yozadi Alsu.

O‘sha kunlari jurnalist Qozondagi 2-sonli tergov hibsxonasida yotganiga qariyb besh oy bo‘lgandi: “Na adog‘i ko‘rinadi, na kanori”, deydi u tutqunligini nazarda tutib.

“Qozonga, keksa onam va xasta ukam yoniga qaytganimdan beri o‘n oy o‘tdi. Shu o‘n oyning yarmini yaqinlarim bilan uyda kechirdim, ularga ko‘maklashdim, shaharni tark etishim taqiqlab qo‘yilgandi. O‘tgan yil 18-noyabrida esa meni hanuz aqlimga sig‘mayotgan ayblovlar bilan qamoqqa otishdi”, deyiladi yana maktubda.

Alsu Kurmasheva Rossiya Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan ayblanmoqda, bular: 330.1-moddaning 3-qismi (“Xorijiy agentlar reyestriga kiritish uchun zarur hujjatlarni vakolatli organga topshirishda ifodalangan RF qonunchiligi bilan o‘rnatilgan majburiyatni bajarmaslik – ushbu harakatning RF harbiy, harbiy-texnik faoliyatiga oid va chet el manbalari tomonidan qo‘lga kiritilgan taqdirda RF xavfsizligiga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash bilan maqsadli shug‘ullanuvchi shaxs tomonidan amalga oshirilishi”) va 207.3-modda 2-qismi “d” bandi (“Siyosiy nafrat yoki adovatni ko‘zlab RF Qurolli kuchlari xatti-harakatlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni ishonchli axborot sifatida qasddan ommaviy tarqatish” yoki, boshqacha aytganda, “armiya haqida feyklar” tarqatish).

Birinchi ish yuzasidan tergov Alsu Kurmasheva uni “xorijiy agentlar” reyestriga kiritish uchun hujjatlarni o‘zi taqdim etishi kerak edi, deb hisoblamoqda. Adliya vazirligining mazkur reyestrida Kurmasheva qayd qilinmagan.

Ikkinchi jinoyat ishida esa jurnalist o‘zining 2022-yil kuzida “Ozodlik” ko‘magida chop etilgan “Yo‘q bo‘lsin urush. Ukrainaga bosqinga qarshi chiqqan rossiyaliklardan 40 hikoya” nomli kitobini tarqatishda ayblanyapti.

Jurnalist maktubida “25 yil ma’rifiy faoliyati uchun Tatarlar kongressidan mudom tashakkur olib yashagan”ini, Pragadan Qozonga kelib “tatar ayollari qurultoyida faxriy mehmon bo‘lgan”ini eslaydi.

“25 yil umrim bolalar va o‘smirlarga tatar tilini o‘rgatishga ketdi. Tatar dizaynerlarining ijodiy ishlarini chet ellarda targ‘ib qildim, tatar xonandalariga konsertlar uyushtirishda ko‘maklashdim. Yigirma yil ichida Tataristondan Pragaga juda ko‘p rahbar xodimlar, shifokorlar, o‘qituvchi va talabalar keldi – har biriga yordam qo‘lini cho‘zdim, barchalariga maslahatlar berish, samimiy tilaklar bildirish uchun vaqt topa oldim. Tatar tili muallimlari va ota-onalar men tuzgan tatar tili kursi uchun rahmatga ko‘mib tashladilar. Ushbu kurs maktablarda qo‘llana boshlandi. Umrimning 25 yili mana shu tarzda kechdi”.

Ketidan darhol qo‘shimcha qiladi: “Bir lahza ichida bularning bari jinoyatga aylandi. Parvardigor bu chigalliklarni men uchun eng go‘zal tarzda yechib bersaydi tezroq”.

Alsu qamoqxona haqida ham yozgan: “Bu yerdagi hayotda sira ham bilmas ekanmiz”, deb yozadi jurnalist va tan oladi: “Ochig‘ini aytsam, o‘zimning ham bunaqa “bilim”ga ko‘zim uchib turmagandi”.

“Na iloj, taqdirimda bitilgan, shekilli. Mening hech bir aybim yo‘q. Bu barchaga ayon. Bu yerga yuqori sinf o‘quvchilarini ekskursiyaga olib kelishsa foydali bo‘lardi, deb o‘ylayman ba’zan. Bunda har turli odamlar o‘tirishibdi. Birovning bank kartasini tasodifan topib olganlar ham bor, o‘z farzandlariga aliment to‘lashdan qochganlar ham. Erining kaltaklaridan to‘yib ketib, unga qo‘l ko‘tarishga jur’at etgan xotinlar ham bor. Zulmga ko‘nmagani uchun qamalgan bechoralar. Halol pul topgan, biroq bu pul kimlargadir juda ko‘p tuyulib, hasadini qo‘zg‘atgani uchun baloga qolganlar ham bor. Men juda aqlli, tarbiya ko‘rgan talaba qizlarni ham uchratdim”, yozadi Alsu.

“Ertami yo kech, oppoq ko‘ylagimni kiyib bu yerdan chiqaman”

Ehtiyot chorasi muddatini uzaytirish masalasi ko‘rilgan birinchi apreldagi sud majlisida Alsu jurnalistlarga “ba’zi tashxislarim zo‘raydi”, “jismoniy ahvolim uncha yaxshi emas, bu yerning shart-sharoiti rasvo”, degan edi.

“Sog‘lig‘imga e’tibor berish imkoniyatim yo‘q”, ta’kidlagandi u. Sudning tibbiy yordam olyapsizmi, yo‘qmi, degan savoliga qisqa qilib: “Eng kam darajada”, deb javob bergan.

“Ba’zi bir kasalliklarim kuchaygan, dori va muntazam mashg‘ulotlar kuchi bilan og‘riqlarga chidab yuribman”, deb yozadi Alsu o‘z maktubida.

“Ertami kechmi, oppoq ko‘ylagimni kiyib bu yerdan chiqaman. Avvalo maza qilib sutli choy ichmoqchiman, bu ham bebaho rohat ekanini bilib oldim. Lekin unda meni va yaqinlarimni bu iztiroblarga giriftor etganlarning ahvoli ne kechadi? Tishlarini g‘ijirlatgancha menga hukm o‘qiganlar ko‘zlarimga tik boqishga botina olisharmikan? Ikki farzandning onasi bo‘lmish meni qamoqqa tiqib, bizni bir-birimizdan uzoq vaqtga ayirganlar qandoq yasharkinlar? Ular keyingi hayotlarini qanday qurisharkin?” – ustma-ust savol beradi Alsu.

“Eng katta istagim – bu yerdan sog‘-omon chiqish”

Alsu “tatarcha gaplashishni, hadiksiz muloqotlarni juda sog‘ingan”ini yozadi: “Shu bois ham sizlarga tatar tilida xatlar bitaman”, deya izoh beradi u.

“Hozirda gazeta men uchun bir deraza kabi – u orqali go‘yo oftobdan bahramand bo‘laman. Qodir Egam yopiq eshiklarni kun kelib albatta ochajak. Men ushbu Ramazon oyini tug‘ishganlaringiz bilan birga o‘tkazishingizni istayman, muqaddas oyda tutgan ro‘zangiz va qilgan butun ibodatlaringiz qabul bo‘lsin”, deya tilak qiladi Alsu.

Qurmasheva “dunyo bo‘yicha minglab odamlar” uning ozod etilishi uchun kurashayotganini eslab, minnatdorlik bildiradi: “Ularga tinch-osuda hayot tilayman, haqlariga duo qilaman”.

“Maktubimni o‘zim o‘qib ko‘rarkanman, sizlarni tashvishga qo‘yib nega bunaqa gaplarni yozyapman, deb o‘ylab qoldim. Mendan: “Qamoqda boshingizdan o‘tgan mashaqqatlar haqida kitob yozasizmi?” deb so‘rashadi goho. Yo‘q, yozmayman. Eng katta istagim – bu yerdan eson-omon chiqib ketish. Boshqa istaklarim unut bo‘lgan. Hayotimning bir bo‘lagi endi tarixda qoldi. Shu bo‘lak endi tarix bo‘lib qoladi”, deya maktubini yakunlagan Alsu.

XS
SM
MD
LG