Линклар

Шошилинч хабар
25 сентябр 2024, Тошкент вақти: 11:33

"Rossiyaga qaraganda ikki-uch barobar ko‘p pul topish mumkin". G‘arb o‘zbek migrantlariga ochilmoqdami?


Markaziy osiyolik migrantlar. Xabarovsk, Rossiya
Markaziy osiyolik migrantlar. Xabarovsk, Rossiya

Germaniya kansleri Olaf Shols 15-sentyabr kuni O‘zbekiston bilan imzolangan migratsiya kelishuvi tafsilotlari haqida kam gapirdi. Shols O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralardan so‘ng, kelishuv "Germaniyaga kerak bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar immigratsiyasiga imkon beradi", dedi.

Shu bilan birga, "qaytib ketishi kerak bo‘lganlar albatta qaytishi shart" bo‘lishi uchun oddiy, "byurokratiyasiz" tartib-qoidalar kelishib olindi, deya qo‘shimcha qildi Shols Samarqandda.

Ushbu izohlarning so‘nggi qismi Germaniyadagi ichki auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.

Germaniyada migratsiya, ayniqsa, noqonuniy migratsiya, siyosiy o‘ng kuchlar foydalanayotgan dolzarb masalaga aylanib qolmoqda.

Germaniya kansleri Olaf Shols va prezident Shavkat Mirziyoyev migratsiya bo‘yicha kelishuvni imzolash marosimida. Samarqand, 15-sentyabr, 2024
Germaniya kansleri Olaf Shols va prezident Shavkat Mirziyoyev migratsiya bo‘yicha kelishuvni imzolash marosimida. Samarqand, 15-sentyabr, 2024

"Germaniya hukumati qiyin vaziyatga tushib qolgan," deydi Yevroosiyo migratsiyasi bo‘yicha mutaxassis tadqiqotchi va jurnalist Yan Matusevich.

"U o‘ng kuchlarning so‘nggi saylovlardagi yutuqlaridan keyin aholi orasida immigratsiyaga qarshi kayfiyatni yumshatishga va ayni paytda Germaniya iqtisodiyotiga to‘sqinlik qilayotgan jiddiy ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etishga urinmoqda. Natijada, noqonuniy migrantlarga nisbatan qattiq choralarni ham qamrab olgan, ammo malakali muhojirlar va talabalar uchun imkoniyatlar yaratadigan bunday kelishuvlar paydo bo‘lmoqda," deydi Matusevich Ozodlik radiosiga.

Mehnat dasturlari ko‘paymoqda, raqamlar oz

O‘rta Osiyo mamlakatlaridan ish bilan bandlik darajasi past bo‘lgan iqtisodiyotni tark etayotganlar uchun an’anaviy migratsiya manzili Rossiya bo‘lib, u yerda mintaqaning millionlab fuqarolari yashaydi.

Ammo busiz ham ishchi kuchini jo‘natuvchi asosiy davlatlar – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston muhojirlari uchun qiyin hayot urush tufayli yanada murakkablashdi, chunki harbiy yollovchilar Rossiya fuqaroligini olgan va olmagan Markaziy Osiyoliklarni frontga jo‘nata boshladi.

Mart oyidan beri va Tojikiston fuqarolari aralashgan Krokus konsert zali hujumidan so‘ng, muhojirlarning ish joylari va uylariga reydlar keskin ko‘paygani tufayli ko‘pchilik uchun vaziyat qiyinlashdi. Bundan tashqari, tobora ko‘proq Markaziy osiyoliklar Rossiya chegaralaridan qaytarilmoqda.

Bu uch davlat Moskvaga xavotirli yangi vaziyat bo‘yicha murojaat qilib ko‘rdi, ammo Rossiya rasmiylari hozir xavfsizlik birinchi o‘ringa qo‘yilganini aytib javob berdi.

Bu esa G‘arb uchun pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan (O‘zbekiston) 40 foizgacha (Tojikiston) bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarini o‘ziga jalb etishda juda kattaroq imkoniyat yaratmoqda.

Озодлик фильми: Польша-ўзбеклар учун Европага дарча
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:46:18 0:00

Biroq, ekspertlar fikricha, natijalar kamtarona va ehtimol hozirgidek qolishi mumkin.

O‘tgan oyda immigratsiyaga qarshi kayfiyat tartibsizliklarga aylanib ketgan Buyuk Britaniyada Mavsumiy ishchilar dasturi har yili Markaziy Osiyodan minglab odamlarni jalb qilmoqda.

Bu dasturga bo‘lgan talab butun mintaqada yuqori bo‘lib, bu ish joylarini reklama qiluvchi agentliklarning firibgarlik va suiiste’mollariga sabab bo‘lmoqda.

Muhojirlar ko‘pincha Britaniyada Rossiyadagiga qaraganda ikki yoki uch baravar ko‘proq pul topishlari mumkin bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi migrantlarning umumiy pul o‘tkazmalari qiymati hali ham Janubiy Koreya kabi mintaqa bilan uzoq muddatli migratsiya aloqalariga ega bo‘lgan yo‘nalishlarga qaraganda pastroq.

Germaniya misolida ham raqamlar kichik.

15-sentyabr kuni Hamburgda chiqadigan "Die Zeit" gazetasining kelishuv bo‘yicha xabarida aytilishicha, hozirda mamlakatda atigi 13 700 nafar o‘zbek istiqomat qilmoqda.

Shu bilan birga, "Germaniyada faqat 200 ga yaqin o‘zbekistonlik yashash ruxsatnomasisiz turibdi... bu mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan Germaniyadagi barcha 225 000 muhojirning 0,1 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi," deya xabar berdi "Die Zeit".

Na Berlin, na Toshkent bu raqamlar qanday o‘zgarishi haqida ma’lumot bermagan.

Berlindagi Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Beata Eshmentning aytishicha, kelishuv "boshqa davlatlar, jumladan, Keniya, Marokash va Gruziya bilan tuzilgan shunga o‘xshash kelishuvlarga o‘xshaydi".

"Bu yerda migratsiya haqidagi munozaralar hozirda butunlay chalkash va mantiqsiz, afsuski, hukumat siyosati ham shunga o‘xshaydi. Bizga ishchilar kerakligi va ular faqat chet eldan kelishi mumkinligi haqida yetarlicha ma’lumot berilmayapti," dedi Eshment Ozodlik radiosiga. U yana qo‘shimcha qilib, Germaniyaga kelgan o‘zbekistonliklar "chet elliklarga nisbatan dushmanlik munosabatini boshdan kechirishi" mumkinligini aytadi.

2023-yil sentyabr oyida Germaniya va Qirg‘iziston yaqin kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan migratsiya kelishuvi uchun niyat deklaratsiyasini imzoladi.

Rasmiy bayonot Sholsning O‘zbekiston bilan imzolagan shartnomasiga deyarli o‘xshash bo‘lib, unda "Germaniyaga malakali ishchilar uchun yo‘l ochish va Qirg‘izistonni Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolarini qaytarib olishga majbur qilish" maqsadi batafsil bayon etilgan.

Qishloq xo‘jaligi, uylarda xizmatchilik va qurilish sohalari O‘zbekistondan kelgan ishchilar uchun ustuvor yo‘nalishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Afg‘on masalasi va Markaziy Osiyoning “hafsala pir bo‘lishi”

Hozircha Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Yevropaga keng ko‘lamli migratsiya oqimi ehtimoldan uzoq.

Ammo Germaniya ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, afg‘onlarni Tolibon nazoratidagi Afg‘onistonga deportatsiya qilish bo‘yicha bahsli hamkorlik yuzasidan davom etayotgan muzokaralarda O‘zbekiston qo‘lida kuchli dastak bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda bo‘lganida, Shols bu muzokaralar borasidagi ommaviy axborot vositalari savoliga ehtiyotkorlik bilan javob berib, faqat "ko‘p yo‘nalishlardagi hamkorlik to‘g‘risida maxfiy muhokamalarga" ishora qildi.

Biroq, g‘arbiy Solingen shahrida sodir bo‘lgan o‘lim bilan yakunlangan pichoqbozlik voqeasidan so‘ng, Berlin o‘tgan oyda Tolibon 2021-yilda hokimiyatni egallaganidan beri birinchi marta afg‘on fuqarolarini deportatsiya qilishni boshlaganini e’lon qildi.

Ilk bunday parvozda Germaniyada jinoyat ishi bo‘lgan 28 nafar afg‘on fuqarosi Qatar vositachiligidagi kelishuv doirasida vataniga qaytarildi.

"Germaniya Tolibon bilan hech qanday aloqaga istamaydi va aynan shu yerda O‘zbekiston qo‘l keladi," dedi Berlindagi Karnegi Rossiya-Yevroosiyo markazi xodimi Temur Umarov Ozodlikka.

Shols 17-sentyabr kuni Qozog‘istonga tashrifi oldidan O‘zbekistonda bo‘ldi, u yerda Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Bu tashrif o‘tgan yili Berlinda Germaniyaning mintaqa bilan ilk bor o‘tkazilgan "5+1" muzokaralari davomi bo‘ldi – bu G‘arb hukumatlari tabiiy resurslar olish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini ta’minlashga intilayotgan bir paytda, Ukrainadagi urushning ikkinchi yilida mintaqada kuzatilgan diplomatik faollikning bir qismi edi.

Толибондан Тошкентга қочиш. Абдурашид Дўстум матбуот котибининг ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:33 0:00

Germaniya va umuman Yevropaning Markaziy Osiyoga qiziqishi "sezilarli darajada oshgan" bo‘lsa-da, Germaniya Tashqi aloqalar kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Stefan Meysterning ta’kidlashicha, beshlik o‘sha paytdan beri Berlin bilan munosabatlarida haqiqiy rivojlanish yo‘qligidan "hafsalasi pir bo‘lgan" bo‘lishi mumkin.

"Agar o‘zbek yoki qozoq amaldorlari bilan gaplashsangiz, o‘tgan yili Shols bilan uchrashuvdan so‘ng ularning katta umidlari bo‘lganini tushunasiz, – deydi Meyster. – Ular Shols uchun Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish bo‘lishiga va Germaniya mintaqaga sezilarli darajada ko‘proq sarmoya kiritishni boshlashiga umid qilishgan."

Germaniya Rossiyaga kuchli qaramlikni yumshatish uchun manbalar izlayotgan bo‘lsa-da, avtoritar va korrupsiyaga moyil mintaqaga yangi investitsiyalar shiddat bilan kirib kelmadi, dedi Meyster Ozodlik radiosining Qozog‘iston xizmatiga bergan intervyusida.

"Memorandum va bayonotlardan so‘ng Germaniya tomonidan hech qanday jiddiy harakat bo‘lmadi, hech bo‘lmaganda ular umid qilgan darajada emas," deydi u.

XS
SM
MD
LG