Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2024, Тошкент вақти: 15:35

Surishtiruv: Mirziyoyev pandemiyaga "achinmay" sarflagan $8 milliard kimlarga tegdi?


Ozodlik surishtiruvi: COVID Mirziyoyev oligarxlarini qanday boyitdi?

-Agar pandemiya bo‘lmaganida edi, imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi. Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi. Lekin bu pulga achinmayman, xalqimizni imkon qadar asrab qoldik.

Bu gaplarni Shavkat Mirziyoyev 2 - iyun kuni Surxondaryoda o‘tkazgan majlisda aytdi.

80 trillion so‘m O‘zbekistonning 2020 - yilgi davlat byudjetidagi jami xarajatning 40 foizi, mamlakat yalpi ichki mahsulotining esa¸12 foizidan oshig‘i demakdir.

Pandemiyaga qarshi kurash uchun sarflangani aytilayotgan bu pullar Mirziyoyev o‘tgan yili o‘zi ajratgan birlamchi mablag‘dan 8 barobar ko‘pdir.

Mirziyoyevning 2020 - yil 19 - mart kungi farmoni bilan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tuzilgan edi. Unga xorijdan olinadigan 1 milliard dollar qarz hisobidan 10 trillion so‘m berildi.

2 - iyun kungi chiqishida Mirziyoyev pandemiyaga qarshi kurash uchun nega avval belgilanganidan 8 baravar ko‘p mablag‘ sarflanganini aytmadi. 80 trillion so‘m yoxud 8 milliard AQSh dollarining qayerdan kelib, qayerga ketgani haqida ham og‘iz ochmadi.

Bu qarz pullarning kattagina qismi prezident va Bosh vazir qarorlari bilan legallashtirilgan sxemalar orqali Mirziyoyevga juda yaqin oligarx va amaldorlar boshqaruvidagi monopolist shirkatlar hisobiga o‘tdi. Ochiq rasmiy manbalardan to‘plangan hujjatlar taxlami shuni ko‘rsatadi.

Ozodlikning navbatdagi surishtiruvi pandemiyaga qarshi kurash doirasidagi ikki megaloyihaning maxfiy Shovvozsoy qasri quruvchilari - Ochilboy Ramatov¸ Baxtiyor Fozilov¸ Jahongir Ortiqxo‘jayev nazoratidagi kompaniyalariga qanday taqdim etilgani haqida.

Qozonboshilar...

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi ëyilib¸ hukumat uni jilovlash uchun ustma-ust qarorlar chiqara boshlagan 2020 - yil bahori yodingizda bo‘lsa kerak.

Ayni ana shu qarorlar COVIDga qarshi kurashni katta va serdaromad biznesga aylantirdi; O‘zbekistondagi qolgan serdaromad biznes kabi hokimiyatga chatishgan monopolistlarni o‘ziga ohanrabodek tortmay qolmadi.

Pandemiya bilan bog‘liq farmon va qarorlar zanjiri Shavkat Mirziyoyevning 5969-sonli farmonidan boshlandi.

19 - mart kungi bu farmon «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» deb nomlandi.

Farmon bilan «koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish¸ aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida” Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tuzildi.

Jamg‘armaga 10 trillion so‘m ¸ yoki 1 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. G‘aznasida buncha puli yo‘q hukumat yangi jamg‘armaga yana xorij moliya tizimlaridan katta qarz oldi.

Bu farmondan olti kun o‘tib¸ 25 - martda Bosh vazir Abdulla Aripov 2020 - yilning Vazirlar Mahkamasining 181-sonli qarorini chiqardi. “Xizmat doirasida foydalanish uchun” deb tasniflangan bu qaror hozirga qadar jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Abdulla Aripovning 2020 - yil 25 - mart kungi 181-sonli qarori XDFU deb tasniflangan.
Abdulla Aripovning 2020 - yil 25 - mart kungi 181-sonli qarori XDFU deb tasniflangan.

Qaror Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 20 ming o‘rinli karantin markazi¸ Zangiota tumanida esa 10 ming o‘rinli maxsus shifoxona qurish haqida. Mablag‘ manbai davlat byudjeti¸ yanayam aniqrog‘i Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi.

Qaror bilan davlat buyurtmachi bo‘lgan bu qurilishlar na tender va na tanlov o‘tkazilmasdan uch MChJga berildi.

Bu esa¸ Mirziyoyevning 2018 - yil 9 - aprel kungi qarori bilan kuchga kirgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning fundamental bandlarini ochiqdan-ochiq buzishdir.

Qonunning 4-moddasida belgilangan asosiy printsiplar¸ davlat xaridi bilan bog‘liq har qanday jarayonda xususan¸ “moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi; ochiqlik va shaffoflik; tortishuv va xolislik; mutanosiblik; davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligini ta’minlash va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikni” talab qiladi.

Ammo Mirziyoyev imzolagan bu qonun bilan bir paytda aynan uning o‘zi va Bosh vaziri maxfiy va yarim maxfiy farmon va qarorlar bilan amaldagi qoununga zid bo‘lgan “istisnolar” piramidasini yaratdi.

“Toshkent piramidasi”

Bu piramida Aripovning 181-sonli qarorida bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.

Birinchi “istisno” bo‘yicha¸ Yuqori Chirchiq va Zangiotadagi qurilishlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqarish tugatilmay turib boshlanishiga ruxsat berildi. Mazkur istisnoga "qurilishni jadallashtirish" degan iddao asos bo‘ldi.

Bu esa¸ bosh pudratchilarning qurilish narxini u boshlanib¸ kelishuv imzolanganidan keyin istagan paytida istaganicha oshirishiga imkon berdi.

Aripov qarori legallashtirgan ikkinchi “istisno”ga ko‘ra¸ pudratchi va subpudratchilarga qurilishga ishlatiladigan material va jihozlarni tender savdosi va tanlov o‘tkazmasdan o‘zi istagan tashkilotdan – davlat puliga – sotib olishiga ruxsat berildi.

Uchinchi “istisno” bo‘yicha¸ bunday arzanda pudratchi va subpudratchilar har qanday soliqlar¸ chetdan olib kelinadigan qurilish materiallari va boshqa zaruriy jihozlar uchun boj yig‘imi to‘lashdan ozod qilindi.

Keyingi yillardagi aksar ulkan davlat loyihalarida ko‘rilayotgani kabi davlatning ulkan xaridi taqdiri “istisnolar zanjiri” asosida yashirin muzokara va maxfiy savdolashuv orqali hal qilindi.

Topishmoq: Toshkent viloyati kimning "mahri"ga berilgan?

Prezident farmonidan boshlanib Aripov qarori bilan davom etgan maxfiy savdolashuvning mutlaq g‘olibi¸ hujjatlarning guvohlik berishicha¸Toshkent shahar hokimligi¸ aniqrog‘i oligarx hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.

Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari¸ O‘zbekiston ma’muriy bo‘linishiga ko‘ra¸ ikki xil ma’muriy tuzilma¸ ikki mustaqil hudud va alohida ikki hokimlik.

Ammo Aripov hech bir izohsiz ikkalasi ham Toshkent viloyati hududida quriladigan karantin zonasi va maxsus shifoxonaga bosh buyurtmachi qilib¸ Toshkent viloyati emas¸ balki Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” UK ni tanladi. (Ayni shunday xizmat Toshkent viloyat hokimligida ham bor.)

Hokim Ortiqxo‘jayevga bo‘ysunuvchi bu UK esa¸eng yirik obyekt qurilishining bosh loyihachisi¸ bosh pudratchisi¸ subpudratchiligini kimga tortiq qilganini taxmin qilayotgandirsiz. Bu haqda sal pastroqda.

10 trillionlik COVID kontraktlari poygasidagi katta sovrin Mirziyoyev davri qurilishlarining, ta’bir joiz bo‘lsa, ikki asosiy me’mori - Ochilboy Ramatov va Baxtiyor Fozilovga tegdi.

Aripov qarori bilan Zangiotadagi 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxona qurilishi Ramatov va Fozilov o‘rtasida 50 ka 50 nisbatida teng taqsimlandi.

Obyektning yarmi amalda Ramatov boshqaruvida qolayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ¸ qolgan yarmi esa¸ Mirziyoyev prezident bo‘lgandan beri O‘zbekistondagi 10 milliard dollardan qimmatroq davlat loyihalarini qo‘lga kiritgan Baxtiyor Fozilovning Enter Engineering kompaniyasiga berildi.

Bu ikki shirkatga Toshkent viloyatining eng bozorbop tumanidan 130 gektarlik yer nafaqat tekinga¸ balki misli ko‘rilmagan imtiyozlar bilan tutqazildi.

Ramatov va Fozilov Shavkat Mirziyoyev uchun maxsus va maxfiy qurilgan, Ozodlik manbalarining eng kamtar hisobicha bir necha yuz million dollarlik Shovvozsoy saroylar majmuasi bosh quruvchilari ekani yodingizdadir….

Алексей Гаршин: Шоввозсой - халқни очиқчасига талаш
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:35 0:00

Bir kun o‘tib¸ bir kunda tuzilgan uch “kelishuv”. Egizaklar

Abdulla Aripovning 181-sonli qarori 25 - mart kuni chiqqan bo‘lsa¸ Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida koronavirusga qarshi kurash iddaosi bilan megainshootlar qurish bo‘yicha kelishuvlar 26 - mart kuni imzolandi.

Bu esa¸ yuzlab milliard so‘mlik qurilish loyihalarining kimga berilishi hali Aripov qaror chiqarmay turiboq aniq bo‘lgani¸ 181-sonli hukumat qarori xos davralarda hal bo‘lgan maxfiy kelishuvlarni shunchaki rasmiylashtirish ekanini ko‘rsatadi.

Tafsilotlar bunday.

26 - mart kuni hokim Ortiqxo‘jayev tasarrufidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi XDFU deb tasniflangan 181-qaror asosida ikkita bir xil kelishuv imzoladi. Egiz kelishuvlardagi yagona o‘zgarish¸ bosh pudratchilar nomi¸ xolos.

Ortiqxo‘jayev va Ramatovga bo‘ysunuvchi tuzilmalar o‘rtasida tuzilgan dastlabki kelishuv.
Ortiqxo‘jayev va Ramatovga bo‘ysunuvchi tuzilmalar o‘rtasida tuzilgan dastlabki kelishuv.

242-24d va 243-24d deb raqamlangan bu kelishuvlar Zangiota tumanida 1000 o‘rinli maxsus shifoxona tuzish haqida.

Ulardan biri¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” MChJ bilan tuziladi.

Ramatov shirkatiga Zangiota tumanidagi 10 ming o‘rinlik ixtisoslashgan kasalxonaning dastlabki 1000 kishiga mo‘ljallagan qismini qurish topshiriladi.

Loyiha bosh loyihachisi¸ “Qishloqqurilishloyiha” MChJ. Mablag‘ manbai davlat byudjeti – Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi.

1000 o‘rinlik fast-kasalxona qurishning dastlabki narxi 106 483 366 599 so‘m¸ ëki taqriban 10 648 336.6599 AQSh dollari. Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra¸ bitta koyka davlatga 106 483 366 so‘m yoki 10 648 dollarga tushadi.

Toshkent shahar hokimligi tuzilmasi va Enter Engineering o‘rtasida 26 - mart kuni imzolangan original kelishuv.
Toshkent shahar hokimligi tuzilmasi va Enter Engineering o‘rtasida 26 - mart kuni imzolangan original kelishuv.

Ayni shu kuni Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” samarqandlik Baxtiyor Fozilovning Singapurda ro‘yxatga olingan Enter Engireering kompaniyasi bilan ham bir xil shartnoma imzolaydi.

Fozilovga ham Ramatovga berilgan ayni loyiha beriladi – Zangiotada 10 ming o‘rinlik ixtisoslashgan shifoxonaning 1000 o‘rinlik qismini qurish. Loyiha qiymati ham ayni - 106 483 366 599 so‘m.

Davlat buyurtmachisining ikkala bosh pudratchiga bergan imtiyozlari ham ayni – Ramatov va Fozilov kompaniyasiga 10 kun ichida loyiha umum qiymatining 30 foizi¸ shuningdek 5 kun ichida sotib olinadigan barcha qurilish materiallari puli 100 foiz to‘lash majburiyati davlatga yuklatiladi. Bu esa¸ sodda qilib aytganda¸ ikkala kompaniyaning qurilishga o‘z ënidan bir tiyin ishlatmasligi kafolatidir.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ matbuot xizmati¸ qolaversa¸ Enter Engineering kompaniyasi vakillaridan mazkur kelishuvlarga oid savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Bir haftada ikki baravarga qimmatlagan “kelishuvlar”

Ozodlik davlat xaridlari portalidan topgan hujjatlarga ko‘ra¸ Enter Engineering bilan imzolangan original kontraktga kami 10¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli MChJ bilan tuzilgan kelishuvga esa¸ 8 marta o‘zgartish kiritilgan va har gal loyiha narxi oshib boravergan.

242-24d va 243-24d deb raqamlangan bu kelishuvlar imzolanganidan 10 kun o‘tib-o‘tmay 7 - aprel kuni ularga tuzatish kiritish boshlanadi.

Enter Engineering va “Yagona buyurtmachi xizmati” UK o‘rtasida 2/304 deb raqamlangan qo‘shimcha kelishuvda maxsus shifoxonaning 1000 o‘rinli qismini qurish narxi ikki baravardan ko‘proqqa qimmatlaydi va birlamchi 106 483 366 599 so‘mlik narx endi 245 872 135 358 so‘mga ko‘tariladi. Kelishuvning boshqa shartlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Davlat xaridlari portaliga qo‘yilgan so‘nggi qo‘shimcha kontrakt 13 - noyabr kuni imzolangan. 10/884 raqamli bu kelishuvda (2064 o‘rinli) obyekt bahosi 340 089 451 175 so‘mga chiqadi.

Bu esa¸ davlat puliga Enter Engineering shirkati qurib berish majburiyatini olgan maxsus tibbiy muassasadagi bitta koykaning o‘rtacha bahosi 26 - mart kungi birinchi kelishuvda belgilanganidan qariyb 50 foizga qimmatlaganini anglatadi.

Soliq to‘lovchi puliga quriladigan bitta koyka bahosi mart oyida 106 483 366 so‘m yoki taqriban 10 648 AQSh dollari deb hisoblangan bo‘lsa¸ sakkiz oy o‘tib Fozilov shirkati uning narxini 164 772 020 so‘m yoki taqriban 16 778 AQSh dollariga ko‘taradi.

Narxlar nega bu qadar oshib borayotganiga na qo‘shimcha kelishuv¸ na boshqa biror shaklda izoh berilgan emas.

Ayni paytda¸ Zangiotadagi maxsus kasalxonaning ikkinchi quruvchisi “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli MChJ ham narxni oshirish poygasida sherigi Enter Engineeringdan qolishmaydi.

Hokim Ortiqxo‘jayevning “Yagona buyurtmachi xizmati” 2020 - yil 12 - noyabriga kelib “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj”MJCh bilan imzolagan qo‘shimcha kelishuvlarda qurilish bahosi 320 827 215 000 so‘mga ko‘tariladi.

Bu raqamlarning qayerdan kelib chiqqanini tasdiqlovchi hujjatlar davlat xaridlari portalida yo‘q.

Qurilish bitgandan keyin rasmiylashtirilgan loyiha-smeta hujjatlari

Zangiotadagi ixtisoslashgan kasalxona qurilishiga oid loyiha-smeta hujjatlari¸ rasmiy ekspert xulosasidagi sanaga ko‘ra¸ 2020 - yilning 29 - sentabrida imzolangan.

Bu vaqtga kelib¸ Zangiotadagi virusologiya kasalxonasining har ikkala uchastkasi qurib¸ foydalanishga topshirib bo‘lingan edi.

Loyiha-smeta hujjatida¸ bosh pudratchisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bo‘lgan 1000 koykalik 2-qurilish uchastkasi qiymatining 30 - iyundagi narxi 286 548 612¸431 so‘mga baholangani aytiladi.

2-uchastkani 1000 koykadan 2064 koykali kasalxonaga aylantirish uchun qo‘shimcha 53 472 712¸257 ajratilgani bois¸ ekspert xulosasida Zangiota virusologiya kasalxonasi yarim narxi 340 021 324¸688 so‘mga teng¸ deb baholanadi.

Prezident va Bosh vazir qanoti ostida… “Lyubaya biznes xorasha”

Abdulla Aripovning 2020 - yilning 25 - mart kungi qarori asosida Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” UK tuzgan uchinchi kelishuvga o‘taylik.

Bu kelishuv ham 26 - mart kuni imzolangan. Sanani eslab qoling.

Yuqori Chirchiqda 20 ming o‘rinlik obyektning bosh loyihachisi Prime Tower Group. Bosh pudratchisi “Obod shahar qurish” MChJ.

Bu ikkala xususiy kompaniyaning asl mulkdori esa¸ Ozodlik tasarrufidagi hujjat va dalillarning ko‘rsatishicha¸ hokim Ortiqxo‘jayevning o‘zidir.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador xususiy shirkatlar orasida "Obod shahar qurish" MChJ ham bor.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador xususiy shirkatlar orasida "Obod shahar qurish" MChJ ham bor.

Qurilish puli manbai davlat byudjeti – Inqirozga qarshi kurash fondi.

Loyihaning dastlabki qimmati 194 251 429 955 so‘m yoki taqriban 20 million dollar. Konserva quti ichidagi bitta koyka narxi¸ birlamchi hisobga ko‘ra¸ davlat g‘aznasiga 1000 dollarga tushmoqda.

Aripov qurilishning hali loyiha-smeta ishlari tugamay turib boshlanishiga ruxsat bergani yodingizdadir. Narxning dastlabki¸ deb belgilanishi ana shundan.

Ana shu asosda endi bosh pudratchi - Ortiqxo‘jayevning xususiy kompaniyasi hokim Ortiqxo‘jayevga bo‘ysunuvchi davlat buyurtmachisi bilan narxni oshirish bo‘yicha Zangiotadagi quruvchilar bilan poyga boshlaydi.

24 - noyabrdagi 7-qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra¸ obyekt narxi 64 054 298 843 so‘mga qimmatlaydi va 258 305 728 798 so‘mga chiqadi.

Yuqori Chirchiqdagi 20 ming o‘rinlik karantin markazi bilan bog‘liq barcha hujjatlar¸ xususan¸ Ortiqxo‘jayev kompaniyalari bilan imzolangan qo‘shimcha kelishuvlarining barchasi davlat xaridlari portaliga qo‘yilmagan. Shundan¸ bu markazning soliq to‘lovchi va davlat byudjetiga qanchaga tushgani haqida yakuniy raqamni topishning imkoni yo‘q.

Toshkent shahar hokimligi rasmiylari¸ qolaversa Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador "Obod shahar qurish" MChJ Ozodlik surishtiruvi davomida tug‘ilgan savollarga javob berishni istamadi.

Qaror va kelishuvlarsiz boshlangan qurilishlar

“O‘zbekiston 24” telekanali tasvirga olgan bu videohikoya Youtube portaliga 2020 - yilning 26 - mart kuni qo‘yilgan.

Hokim Ortiqxo‘jayevga bo‘ysunuvchi "Yagona buyurtmachi xizmati" UK Zangiota va Yuqori Chirchiqdagi qurilishlar bosh pudratchilari bilan birlamchi kelishuvni ham aynan shu kuni imzolagan.

Reportaj Ozodlik surishtiruvi markaziga qo‘yilgan ikki yirik qurilish haqida. Birinchi lavha Yuqori Chirchiqdagi 20 ming o‘rinlik karantin markaziga oid.

Unda hokim Ortiqxo‘jayevning sobiq va joriy o‘rinbosarlari Sherzod va Davron Hidoyatovlar qurilishga oid ma’lumot beradi.

Ortiqxo‘jayev shogirdlari 26 - mart kuni kechqurun to‘rtta lotning tayyor bo‘lishi va kamida 500 odamni qabul qilishini aytadi. Ayni rasmiylarga ko‘ra¸ bu konteyner budkalarni yasab o‘rnatishga 5 kun vaqt ketadi.

Endi yana bir bor sanalarga qarang! Aripovning 181-sonli qarori 25 - mart kuni imzolangan. Bu qaror asosida tender va tanlovsiz belgilangan bosh pudratchi “Obod shahar qurish” MChJ bilan rasmiy kelishuv 26 - mart kuni imzolangan.

Videotasvirlarning guvohlik berishicha¸ kelishuv imzolanganiga qadar 57 gektarlik yerda Ortiqxo‘jayev xususiy shirkatlari allaqachon qurilishning bir qismini tugatib bo‘lgan!

Bu esa¸ Jahongir Ortiqxo‘jayev ikkala qurilish buyurtmachiligining Toshkent viloyati emas¸ balki aynan o‘zi boshqarayotgan Toshkent shahar hokimligiga¸ bosh pudratchi va bosh loyihachilikning esa¸ yana o‘ziga qarashli xususiy kompaniyalarga berilishini hali Bosh vazir qaror chiqarmay turib aniq bilgani tasdig‘idir.

Na hukumat qarori¸ na tegishli legal kelishuvlar bo‘lmay turib¸ 57 gektar yerni o‘zlashtirish¸ u yerda qurilish qilish O‘zbekiston amaldagi qonunchiligi¸ xususan¸ davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning birvarakayiga o‘nlab bandining ochiqcha buzilishidir.

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan “Shaharsozlik kodeksi” va boshqa normalarga asosan¸ u yoki bu qurilish boshlashdan oldin butun boshli hujjatlar taxlami tegishli idoralar tasdig‘idan o‘tishi shart.

Keyingi to‘rt yil ichida minglab o‘zbekistonliklarning uy joyidan tortib daladagi ayvoniga qadar “tegishli ruxsatsiz qurilgan” degan asosda buzib tashlanmoqda. Ammo istisnolar piramidasi ustida ish ko‘rayotgan Mirziyoyev quruvchilariga shaharsozlikning bu kabi fundamental talab va qoidalari tatbiq etilmayotir.

Omadi chopgan subpudratchilar...

Ochiq manbalarda bosh vazir Aripov bosh pudratchi qilib belgilagan Fozilov¸ Ramatov va Ortiqxo‘jayev kompaniyalarining qurilish davomida kimlarni subpudratchi qilib tanlagani¸ ular bilan qaysi xizmat yoki material uchun qaysi shartlarda kelishuv imzolaganini ko‘rsatuvchi biror hujjat yo‘q.

Qarorda faqat ularning ham tanlov va tendersiz tanlanishi va har qanday soliq va boj to‘lovlaridan ozod etilgani kafolatlangan. Biror manbada COVID pandemiyasiga qarshi kurash to‘lqinida omadi chopgan subpudratchilar ro‘yxati yo‘q.

Toshkent viloyatidagi ikki COVID megainshootini qurishda qatnashgan subpudratchilardan ayrimlari nomi tasodif bilan ochiqqa chiqdi.

Ulardan biri Qozonda joylashgan Brigenergo kompaniyasi.

2020 - yilgi yirik loyihalari ro‘yxatini e’lon qilgan Brigenergo o‘z saytida Zangiota tumanida koronavirus bemorlari uchun 10 ming o‘rinli maxsus kasalxona qurganini bildirgan.

Bundan esa¸ mazkur obyekt uchun bosh pudratchi etib tanlangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Enter Engineering shirkatidan biri yoki har ikkalasi qurilishni Rossiyadagi Brigenergo kompaniyasiga topshirgani anglashiladi.

Bu uchala kompaniyaning O‘zbekiston jamoatchiligidan sir tutilayotgan birinchi hamkorligi emas.

Maxfiy qaror bilan Ohangaron tog‘larida Mirziyoyev uchun yuzlab million dollarlik Shovvozsoy saroyini ham aynan “O‘zbekiston temir yo‘llari” (buyurtmachi)¸ Enter Engineering (pudratchi) va Qozonda joylashgan¸ ammo aksar loyihalari negadir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Brigenergo (subpudratchi) qurgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev xususiy shirkatlari o‘ziga subpudratchi qilib tanlagan kompaniyalarni qidirib uzoqqa borish shart emas. Buyurtmachi ham¸ bosh loyihachi ham¸ bosh pudratchi ham¸ nihoyat subpudratchi ham Ortiqxo‘jayevga bevosita aloqador kompaniyalardir.

Tunukadan to‘rt kun ichida qoqib chiqilgan bu konteynerlarni yetkazib bergan subpudratchi ham yana Toshkent shahar hokimligi ta’sischisi¸ amalda esa¸ hokim Ortiqxo‘jayevning xususiy shirkatlari o‘rinlashgan “Texnopark” bo‘ladi.

COVID qarzi uzilar¸ Toshkentdagi so‘lim yerlar yonga qolar…

Shavkat Mirziyoyev COVIDga qarshi kurash uchun mamlakat g‘aznasidan sarflangan 8 milliard dollarning aynan qanchasi qarz ekanini aytmadi.

Markaziy bank 2021 - yil 27 - mart kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra¸ o‘tgan bir yil davomida tashqi qarz hajmi 2020 - yil boshiga nisbatan 37,4 foiz yoki 9,2 milliard dollarga oshgan va 1 - yanvar holatiga 33,8 milliard dollarga yetgan. Bu esa¸ o‘zbekning bugun tug‘ilgan chaqalog‘idan to qariyasiga qadar jon boshiga o‘rtacha 1000 dollar qarz bilan yashamoqda¸ deganidir. Keyingi olti oy ichida Mirziyoyev hukumati tashqaridan yana qancha qarz olgani hozircha ochiqlanmadi.

2020 - yil davomida 9,2 milliard dollar qarz olinganidan kelib chiqilsa, COVIDga qarshi kurashga Mirziyoyev “afsuslanmay” sarflagan 8 milliard dollarning qariyb hammasi qarz ekanini taxmin qilish mumkin.

2020 - yil 17 - aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash muhokama qilingan majlisda¸ Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)dan 2,7 milliard dollar qarz olingani aytilgan edi.

Mirziyoyev hukumati koronavirus davrida korrupsiya iddaolariga yuz tutayotgan yagona hukumat emas. Dunyoda korrupsiya darajasini kuzatuvchi Transparency International tashkilotiga ko‘ra, koronavirus jahon bo‘ylab korrupsiyaning gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham COVIDga qarshi kurash uchun ajratilgan pullarning talon-toroj qilingani haqida ma’lumot berdi¸ xususan ayrim tuman sanitariya-epidemiologiya xizmatlarini davlatning millionlab mablag‘ini o‘zlashtirganlikda aybladi.

Ammo bu mablag‘lar Mirziyoyev hukumatiga yaqin davlat va xususiy sektorda monopolist maqomiga ega kompaniyalarga tendersiz tortiq qilingan trilllionlik kontraktlar qiymati oldida dengizdan bir tomchi, xolos.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash iddaosi bilan sarflangan 80 trillionning korrupsion sxemalar¸ manfaatlarning ochiq to‘qnashuvi asosida Mirziyoyev hokimiyatining eng tepasiga aloqador kompaniyalar qanday o‘zlashtirgani haqida na Bosh prokuratura¸ na Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining biror surishtiruv o‘tkazgani haqida ma’lumot hozircha yo‘q.

Mazkur surishtiruv Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett bilan hamkorlikda hozirlandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG