Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:53

Turkiyada Erdo‘g‘on davri tugamoqdami? Ekspert fikri


Turkiya. Saylovlar.
Turkiya. Saylovlar.

31-mart kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan mahalliy hokimiyat organlariga saylov natijalari nafaqat turk saylovchilarini, balki butun dunyoni ta’sirlantirdi. Saylovda Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on 2003-yili ilk bor bosh vazir bo‘lganidan beri o‘tgan 20 yildan ziyod vaqt ichida birinchi marta yirik mag‘lubiyatga uchradi. Muxolifat g‘alabasini nishonlamoqda. Ammo Erdo‘g‘onning o‘zi hozircha hech qayoqqa ketmoqchi emas.

Ovozlar sanog‘idan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Turkiyadagi Istanbul va Anqara doxil 35 ma’muriy hudud rahbarligiga muxolifatdagi asosiy partiya bo‘lmish Respublika xalq partiyasi (RXP, kamolchilar) vakillari saylanibdi. Erdo‘g‘onning obro‘li raqibi, Istanbulning amaldagi meri Akram Imomo‘g‘li 51 foizdan ko‘proq ovoz bilan o‘z lavozimini saqlab qoldi. E’tiborlisi, u eng yaqin raqibi – prezident Erdo‘g‘on mansub Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) nomzodi Murat Kurumni salkam 11,5 foizga ortda qoldirgan.

Muxolifatdagi RXPning yana bir lideri, Anqaraning amaldagi meri Mansur Yavash ham lavozimida qoldi. Poytaxt saylovchilarining 60 foizdan ko‘prog‘i unga ovoz bergan, raqibi esa 32 foizga yetar-yetmas ovoz to‘play olgan, xolos. Yavash o‘zini ashaddiy milliyatchi o‘laroq ko‘rsatadi va, Imamoglu singari, 2028-yilda bo‘lajak prezident saylovida potensial nomzodlardan biri hisoblanadi.

RXP jami 35 viloyatda shaharlar rahbarlari lavozimini qo‘lga kiritdi: Istanbul va Anqaradan tashqari, bular shimoliy, g‘arbiy va janubiy hududlarda joylashgan shaharlardir. Prezident mansub ATP 24 ta shaharda g‘olib chiqdi – aksari, aholisi konservativ bo‘lgan markaziy Turkiyada joylashgan. O‘nta janubi-sharqiy viloyatda merlar kurdlar manfaatlari tamsilchisi bo‘lmish Xalq tengligi va demokratiya partiyasidan bo‘ladi. Yana sakkizta mer lavozimi o‘ta o‘ng Milliyatchi harakat partiyasi (MHP)ga nasib qildi. Umuman, Respublika xalq partiyasi (RXP) mamlakat bo‘yicha jami 37,74 foiz, Adolat va taraqqiyot partiyasi esa 35,49 foiz ovoz oldi.

Bultur bahorda bo‘lib o‘tgan parlament va prezident saylovida Rajab Erdo‘g‘on, MHPdagi radikal milliyatchilar bilan koalitsiyada muxolifat ustidan ishonchli g‘alaba qozonganini hisobga olganda, bu kutilmagan va ramziy natijadir. Eng avval ko‘zga tashlanayotgan narsa shuki, ko‘plab yirik shaharlarda, xususan Istanbulda muxolifat nomzodlarining qo‘li baland keldi. Qariyb 16 mln nufusga ega Istanbul Turkiyaning eng katta shahri, moliya, sanoat va madaniyat markazidir. 30 yil muqaddam Erdo‘g‘on bu yerda mer bo‘lib saylangan, uning hokimiyatga zafarli yurishi shundan boshlangan edi. O‘tgan yilgi prezident saylovida erishgan g‘alabasidan so‘ng Erdo‘g‘on, muxolifat koalitsiyasi parchalanganidan foydalanib Istanbulni ATP nazoratiga olmoqchi edi, lekin qo‘lidan kelmadi.

Xo‘sh, Istanbul va umuman butun Turkiyadagi mag‘lubiyat, raqiblari aytayotganidek, “Rajab Erdo‘g‘on davri” intihosining ibtidosi bo‘la oladimi? Siyosatshunos, sharqshunos va Turkiya ichki siyosati bilimdoni Vasiliy Semyonov Ozodlikning rus xizmati bilan suhbatda shu haqda fikr yuritdi:

– Iqtidordagi Erdo‘g‘on partiyasi Istanbul uchun kurashda birinchi marta yutqazayotgani yo‘q: Imomo‘g'li 2019-yilda g‘olib chiqib, mer bo‘lib saylangani yodimizda. Lekin bu safar oradagi farq namoyishkorona kattalashdi. Yanada muhimi, Erdo‘g‘on ushbu mag‘lubiyatni deyarli o‘ziga nisbatan haqorat deb qabul qildi. Uning nomzodi Murat Kurum avvalboshdan saylovchilarga yoqmagan, yutqazishi aniq edi, shu bois prezident uning nomidan shaharda saylov kampaniyasini shaxsan tamsil qila boshladi, go‘yo raqobat Akram Imomo‘g‘li bilan Erdo‘g‘on o‘rtasida kechayotgandek. Turkiya prezidenti xalqni go‘yo Istanbulda butun mamlakat kelajagi hal etilayotganiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Bunga hariflari: “Mamlakatning emas, sening kelajaging hal bo‘lyapti”, deb javob qilishdi.

– Erdo‘g‘on va partiyasi mag‘lubiyatining asosiy sababi nima?

– 2018-yildan beri Turkiyaning eng katta muammolari ijtimoiy tabaqalanish va tiyiqsiz inflyatsiya bo‘lib qolayotir. O‘tgan yili mamlakat YIMsi 4,5 foizga o‘sdi. Biroq milliy boylik ko‘payishi tengsizlik chuqurlashuvi bilan parallel kechmoqda. Aholining kamida yarmi eng kam ish haqiga yashaydi. Inflyatsiya darajasi shu yil mart oyining o‘zida 67 foizni tashkil qildi! Inflyatsiya esa, bilamizki, kambag‘allarga solinadigan soliq degani. Narx-navo bu qadar tez ko‘tarilishi aholining borgan sari ko‘proq qismini qashshoqlashtiradi. Bu yillarki almashmayotgan hokimiyatga nisbatan g‘azab, hatto nafrat tug‘diradi, hatto Erdo‘g‘onning an’anaviy elektoral bazasi – ichkari viloyatlardagi konservativ sunniylar va kam haq oladigan ishchilarning ham fikrini o‘zgartiradi.

Erdo‘g‘on 2003-yilda ilk bor bosh vazir bo‘lganidan beri o‘tgan 20 yildan ziyod vaqt ichida birinchi marta yirik mag‘lubiyatga uchradi.
Erdo‘g‘on 2003-yilda ilk bor bosh vazir bo‘lganidan beri o‘tgan 20 yildan ziyod vaqt ichida birinchi marta yirik mag‘lubiyatga uchradi.

– Menga ushbu saylovlar natijasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-madaniy omillar bilan izohlanadigandek tuyuladi. Turkiya aholisi o‘zgaryaptimi, unda yangi prioritetlar paydo bo‘lyaptimi?

– To‘g‘ri. Erdo‘g‘on iqtidorda bo‘lgan uzun davrda yangi avlod voyaga yetdi. Prezident kambag‘allarga yoqishga intilib, pensiyalar va eng kam ish haqi miqdorini bir necha marta oshirganini esdan chiqarmaslik kerak (inflyatsiya “sharofati” bilan bundan odamlarga deyarli naf bo‘lmagani boshqa masala). U infratuzilma megaloyihalarini rivojlantirdi, davlat xarajatlarini oshirish hisobiga aholi farovonligini oshirishga muvaffaq bo‘ldi – shuning uchun ham 20 yildan ziyod hokimiyatda qoldi. Tashqi kuzatuvchilar Erdo‘g‘onni nuqul tanqid qilib, buni esdan chiqarishadi. Nima bo‘lganda ham Erdo‘g‘on Turkiyani bugungi kunda butun xalqaro siyosatda faol ishtirok etayotgan buyuk mamlakatga aylantirdi. Uning 600 ming kishilik armiyasi, qudratli va jadal o‘sayotgan harbiy sanoat kompleksi, yaqinda qurilgan birinchi aviatashuvchisi – bari Turkiya sanoat bazasi taraqqiy etayotgani va jahonda uning ta’siri ortayotgani dalillaridir.

Эрдўғон ғалабаси ўзбек муҳожирларига нима беради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:34 0:00

Katta avlod “buyuklik qaytishi”ni, Anqaraning fikri xalqaro maydonda yana mo‘tabarligini, sanoatda va ma’muriy tuzilmalarda yangi ish o‘rinlari yaratilgani hamda arzon uy-joylar qurilganini Erdo‘g‘onning yutuqlari deb maqtasa, turk yoshlari uchun bular siyosiy-ijtimoiy landshaftning bir qismi, xolos. Yangi avlod asosan megapolislarda yashaydi – deyarli butun dunyoda shunday.

Yodingizda bo‘lsa, Erdo‘g‘onning xalqchil bo‘lishida u boshliq partiyaning islomiy tabiati ham muhim rol o‘ynagan. Erdo‘g‘onga kelib jamoat joylarida hijobda yurish mumkin bo‘ldi, maktablarda din asoslari o‘qitila boshlandi, hukumat masjidlar qurilishiga katta pul ajratadigan bo‘ldi. Bular bari qishloqlardagi konservativ saylovchilarni va katta shaharlardagi yaxshi ta’lim olmagan ijtimoiy qatlamning bir qismini Erdo‘g‘onga maftun etdi. Biroq aholi megapolislarda to‘plangach, uning dindorligi muqarrar pasayadi. Xudosiz bo‘lib qoladi emas, shunchaki odamlar arxaik an’anaviy ijtimoiy prinsiplardan uzoqlashadilar. Shu bois ham turk yigit-qizlari Erdo‘g‘ondan tortib barcha qari konservator siyosatchilarni kun sayin yomon ko‘rib qolishayotir.

– Biroq Turkiyada konservativ islomchilik va natsionalizm hamon kuchli va hatto yangi-yangi muxlislar orttirmoqda, buni ham inkor etib bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi?

– So‘nggi saylovning paradokslaridan biri shuki, Erdo‘g‘on va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi mag‘lubiyatida islomchilarning ham hissasi bor! Faqat ular ATPni dastaklovchi diniy kuchlar emas, balki – Fotih Erbakanning Yangi Farovonlik partiyasi (YFP) mansublari. 6 foizdan ko‘proq ovoz olgan ushbu partiya o‘ziga xos konservativ kuch bo‘lib, uning zaminida Turkiyaning o‘ziga xos milliy yo‘li, islom va yevroskeptitsizm g‘oyalari yotadi.

Yangi partiya muvaffaqiyatiga Isroil-Falastin mojarosi sabab bo‘ldi, degan qarash bor. Isroil armiyasi G‘azoni yakson qilayotgan bir paytda Turkiya Isroil bilan tijoratni davom ettirmoqda, ikkovi o‘rtasida savdo aylanmasi o‘syapti. Erdo‘g‘on Isroilning harakatlarini qattiq tanqid qilsa-da, turk iqtisodiyoti zarar ko‘rishidan cho‘chib savdo aloqalarini saqlab qolayotir. YFP islomchilari esa shuni tutib olib prezidentga qattiq yopishishdi, Isroil bilan oldi-berdini butkul to‘xtatishni talab qilishdi. Bu beiz ketmadi, albatta: Erdo‘g‘on va uning partiyasi saylovchilarining bir qismi YFP tomonga og‘di.

Umuman, so‘nggi yillarda Turkiyada milliyatchilik kayfiyatlari kuchaymoqda – bu aynan jamiyat tobora dunyoviylashayotgani bilan bog‘liq. Migrantlar oqimi ko‘pchilikni asabiylashtirmoqda va turklar endi ularning dindosh ekaniga ham qaramayaptilar. Ayni paytda mamlakatda 4 mln nafarga yaqin suriyalik qochoq va yuz minglab afg‘onlar bor. Bu bechoralar mahalliy turklar oladigan haqning yarmiga ham jon deb ishlashga tayyor. Qo‘lida sarmoya bilan kelgan qochoqlar Turkiyada o‘z biznesini ochib, boyib olishgan. Xususan, suriyaliklar o‘n minglab shirkatlarni yuritishmoqda. Bular bari ulkan norozilik uyg‘otyapti. Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, turklarning salkam 60 foizi “migrantlar bizning ish joylarimizni tortib olishdi” deb hisoblaydi, mahalliy tadbirkorlar esa suriyalik raqobatchilariga ola qarashadi. Butun muxolifat – so‘llar ham, o‘nglar ham, dunyoviylar ham, konservatorlar ham – Erdo‘g‘onga qarshi kurashda ushbu muammoni faol qo‘llamoqda, uni mamlakatni migrantlarga to‘ldirib yuborganlikda ayblashmoqda.

– Endi prognozlar qanaqa? Erdo‘g‘on va partiyasi 2028-yilgi prezident saylovida yutqazadimi?

– Hozirdan hech nima deb bo‘lmaydi. Buni ko‘p ekspertlar aytishmoqda, men ham ularga qo‘shilaman. Iqtidordagi ATP hali biron umummilliy saylovda yutqazmaganini unutmaslik kerak. Kecha saylangan merlar va boshqa ma’murlar chiqindi tashilishi, jamoat transporti va mahalliy infratuzilma kabi masalalarga javob beradi, mamlakatning iqtisodiy rivoji yoki tashqi siyosatga emas. Qolaversa, mahalliy saylovlarda qatnashadigan saylovchilar salmog‘i umummilliy ovoz berish ishtirokchilar sonidan hamisha kam bo‘lgan.

Mavhumlik shundaki, 70 yashar Erdo‘g‘onning o‘zi kelasi saylovda nomzodimni qo‘ymayman, deb ochiq aytdi. Siyosatshunoslar Turkiya rejimini g‘irt avtoritar emas, “gibrid” rejim deb ta’riflashadi. Turkiya siyosiy qurimi shunday tuzilganki, Erdo‘g‘on keyingi rahbarni shartta tayinlab qo‘ya olmaydi. Buning uchun saylovlar bor. Biroq u cho‘ntagida bitta kuchli “ko‘zur qarta”ni – ATP va unga aloqador tadbirkorlar hamda partiya-davlat mulozimlariga iqtidorda qolishga yordam bera oladigan odamni saqlab qo‘yibdi. Bu odam – Erdo‘g‘onning kuyovi, iste’dodli injener va tadbirkor, dastlab Ozarbayjon-Armaniston, so‘ngra Rossiya-Ukraina urushlari tufayli tillarga tushgan, Turkiyaning milliy g‘ururi va yuksak xalqaro obro‘ qozonishga intilishi ramziga aylangan mashhur Bayraktar TB2 droni muallifi Seljuk Bayraktar. Aynan u qaynotasining potensial vorisi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Rajab Toyib Erdo‘g‘on hamisha o‘zi uchun “kuchli turk erkagi”, an’anachi va konservator, xalq farovonligi uchun chin dildan qayg‘uradigan va aynan shu jonkuyarligi bois o‘z qo‘lida maksimum hokimiyatni jamlagan siyosatchi imijini parvarishlab kelgan. Bayraktar esa bu obrazdan uzoqlashib, xiyla zamonaviy, ilg‘or fikrlovchi nisbatan yosh texnokrat, Turkiyaning jahon texnologik kelajagidagi o‘rnini ko‘rabiluvchi olim o‘laroq ko‘rsatishi mumkin. Ammo u “buyuk milliy an’analar” tarafdori bo‘lib qolaveradi. Bayraktar Erdo‘g‘onning gaplarini takrorlab turadi, “buyuk Usmonli o‘tmishi”ni tez-tez esga oladi va Isroilning G‘azo bo‘lgasidagi shafqatsizligiga qarshi ko‘cha aksiyalarida qatnashadi. Kuyov – Erdo‘g‘onning an’anaviy elektorati uchun ham, evrilishlarga intiq yoshlar uchun ham, eng asosiysi, biznes elita va ATP mansubdorlari uchun ham jozibali nomzod bo‘lishi mumkin.

ОЗОДЛИК ФИЛЬМИ: Вайроналар остидаги Антакияга сафар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:37:11 0:00

Biroq bitta nozik jihat bor. Sharqda har qanday rasmiy “voris” paydo bo‘lishi real hokimiyat jadallik bilan uning qo‘lida to‘planishiga olib kelishini yaxshi bilamiz. Biznesmenlar va mulozimlar u bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishni boshlaydi, “voris” ham ularning qarorlariga ta’sir etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa amaldagi hukmdorga yoqmaydi, albatta. Demak, Seljuk Bayraktar chindan ham Rajab Erdo‘g‘onga voris bo‘ladimi, yo‘qmi, bo‘lsa ham qachon – bu hali aniq emas.

XS
SM
MD
LG