Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:02

Sh. Mirziyoyev ishdan chetlatilishi mumkinmi?


Shavkat Mirziyoyev sakkiz yildan beri bosh vazir lavozimini egallaydi, undan avval yetti yil davomida Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev sakkiz yildan beri bosh vazir lavozimini egallaydi, undan avval yetti yil davomida Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi bo‘lgan.
O‘zbekiston hukumat doiralarida bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisning dekabrda o‘tadigan yalpi majlisida ishdan chetlatilishi mumkinligi haqida gap so‘zlar tarqagani aytilmoqda.

Bosh vazir lavozimini 8 yildan beri egallab kelayotgan va O‘zbekiston siyosiy sahnasida eng nufuzli siyosatchilardan biriga aylangan Mirziyoyevning vazifasidan chetlatilishi haqidagi mish-mishlar birichi marta paydo bo‘layotgani yo‘q. Iyul oyida Mirziyoyev mustaqil O‘zbekiston tarixida Oliy Majlis olidida hsiobot bergan birinchi bosh vazir bo‘ldi va uning faoliyati deputatlar tomonidan tanqid qilindi. Bu hodisa “Mirziyoyev ishdan olinarkan”, degan taxminlarni kuchaytirdi. Ba‘zi kuzatuvchilar mamlakat iqtisodidagi ayanchli ahvoldan aholi orasida paydo bo‘lgan norozilikni yumshatish uchun Islom Karimov hukumati jiddiy islohotlar yasashga urinish o‘laroq Mirziyoyevni qurbon keltirishi mumkinligini aytmoqda. Boshqa tahlilchilar esa, o‘tmishdagi tajriba bunday gap-so‘zlar faqatgina Mirziyoyevning mavqeini mustahkamlashga xizmat qilib kelishini ko‘rsatmoqda, deydi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning ishdan olinishi haqidagi gap-so‘zlar uning sakkiz yillik faoliyati davomida birinchi marta paydo bo‘layotgani yo‘q. Uning siyosiy sahnadan chetlashtirilishi to‘g‘risidagi birinchi mish-mish 2007 yilda Uzmetronom saytida paydo bo‘ldi, lekin o‘z tasdig‘ini topmadi. O‘shandan beri hokimiyatning ma‘lum doiralarida “ishonchli manbalari” borligi aytiladigan Uzmetronom sayti Mirziyoyevni bir necha marta iste‘foga chiqardi. Masalan, 2008 yilning fevralida Uzmetronom prezident Islom Karimov Mirziyoyevni lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkani haqida “ishonchli manbalarga” tayanib xabar qildi. O‘shanda rasmiylar bu xabarni inkor qilishlari uchun bir-ikki kun talab qilindi va Uzmetronom xabari ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Mirziyoyev kursisi “shilqillab qolgani” haqidagi gaplar yana shu yilning iyulida paydo bo‘ldi. Bunga mustaqil O‘zbekiston tarixida Oliy majlis yalpi yig‘ilishida ilk bor hisobot bergan bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning deputatlar tomonidan tanqid qilinishi sabab bo‘ldi. Darvoqe O‘zbekiston parlamentining bahs maydoniga aylanishi ham shu paytgacha misli ko‘rilmagan voqea bo‘lgani bu taxminlarni yanada kuchaytirdi. O‘sha majlisdan keyin O‘zbekiston Senatining qonunchilik va sud huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova Ozodlikka jumladan bunday degan edi.

- Senatorlar va deputatlar Bosh vazirning hisobotini eshitishga, shu hisobotga tanqidiy nuqtai nazardan qarashlarni namoyon etishga va savollarni berishga tayyor. Jamiyat va davlat, parlament bunga tayyor. Agarda jamiyat va davlat, har bir fuqaro mana shunaqa yangiliklarni qabul qilishga tayyor bo‘lmaganda prezidentimiz kontseptsiyani e‘lon qilmagan bo‘lardilar va parlament mana shu qonunni qabul qilmasdi. Lekin bu narsa borku. Kim buni inkor eta oladi? Jamiyat va davlat, senator va deputatlar, umuman parlament bunga tayyor.

Oradan bir necha oy o‘tib, Shavkat Mirziyoyevning yaqin kelajakdagi taqdiri mavzusi yana Uzmetronom nashri diqqat markazida bo‘ldi. Hozirda bu haqdagi xabarni nashr saytida topib bo‘lmasa-da, Rossiyada chiqadigan Regnum agentligi Uzmetronom saytining 5 oktyabr kungi maqolasiga tayanib, joyri yil dekabrida Oliy Majlis yalpi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev hukumatiga ishonchsizlik ovozi berilishi haqidagi taxminni ilgari surdi.

Uzmetronom saytiga ko‘ra, deb yozdi Regnum, Mirziyoyev o‘rniga Andijon viloyati hokimi Ahmad Usmonov bosh vazir lavozimiga tayinlanadi. “Ishonchli manbalar”ga tayanib berilgan xabarda aytilishicha, O‘zbekiston prezidentining respublika va viloyat miqyosidagi kadrlarni tayyorlash bo‘yicha maslahatchisi kotibiyati Mirziyoyevning ishdan chetlatilishini tayyorlash uchun maxsus axborotlarni to‘play boshlagan. (Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni Uzmetronom saytida bu xabarni topib bo‘lmadi.)

Lekin ikki hafta avval, 21 sentyabr kuni ham Uzmetronom Shavkat Mirziyoyevning bosh vazirlik kursisi “shilqillay” boshlaganini yozgan edi. Nashrning bu xulosasiga Mirziyoyevning “odami” ekani aytilayotgan Ravshan Muhiddinovning huquq-tartibor va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha prezident maslahatchisi lavozimidan bo‘shatilgani asos bo‘ldi.

Haqiqatan, Uzmetronom nashri tahririyatining hukumat ichida o‘ziga yarasha manbalari borligi aytiladi va unda berilayotgan xabarlar “daraxtning uchi qimirlamasa”, paydo bo‘lmaydi.

Hukumat ichidagi jarayonlardan yaqindan xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra ham, bugun mamlakat iqtisodida kuzatilayotgan jiddiy qiyinchiliklar bois aholi orasida paydo bo‘lgan norzilikni tinchitish uchun jiddiy qadamlar qo‘yish ehtiyoji paydo bo‘lgan. Buning uchun, deydi ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan suhbatdoshimiz, hukumat vujudga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirayotganini, go‘yo islohotlar amalga oshirilib, iqtisodiy qiyinchiliklar uchun mas‘ul vazirlar javobgarlikka tortilayotganini aholiga ko‘rsatish kerak. Mirziyoyev aynan shunday mas‘ul shaxs sifatida ishdan chetlatilishi mumkin, deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston prezidenti xuzuridagi Strategik tadqiqotlar instituning sobiq xodimi, hozirda muhojiratda yashayotgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa bu fikrlaga qo‘shilmaydi. O‘zbekistondagi siyosiy kon‘yukturadan kelib chiqib, tahlilchi, bu aksincha Mirziyoyevning mavqeini kuchaytirish maqsadida tarqatilgan mish-mishdir, deydi.

- O‘zbekistonda ma‘lum bir siyosiy texnologiyalar mavjud. Jamoatchilik tafakkuriga, jamoatchilik fikriga ta‘sir qilish, ayniqsa elitaning ma‘lum bir hatti-harakatlarini u yoki bu tomonga o‘zgartirish uchun mana shunday mish-mishlar tarqatiladi. Elitada kutish paydo bo‘ladiki, demak Shavkat Mirziyoev yaqinda ishdan ketar ekan, degan va Shavkat Mirziyoevga qarshi qaratilgan energiyalar so‘nadi. Lekin odatda mana shu mish-mishlar Shavkat Mirziyoevga qarshi qaratilgan bo‘lsin, Karimovga qarshi qaratilgan bo‘lsin, ularning mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi ko‘pincha.

Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Mirziyoyevning sakkiz yil davomida bosh vazir, undan avval Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimi sifatida orttirgan nufuzi, uning yaqin orada siyosiy sahnadan ketadigan siyosatchi emasligiga yana bir ishoradir.

- Mana shu o‘tgan 20 yil ichida yagona viloyat hokimiki Shavkat Mirziyoev yuqori pallaga ko‘tarila oldi. Odatda O‘zbekistonda Karimovdan keyingi qudratli shaxslar har doim prezident devonida ya‘ni prezident apparatida bo‘lgan va u ko‘pincha prezidentning kadrlar bo‘yichami yoki kuch ishlatar tizimlari bo‘yichami davlat maslahatchisi bo‘lgan. Lekin bugungi kunda Karimovdan keyingi qudratli shaxs bu Shavkat Mirziyoev. Bitta sharh kiritgan bo‘lardim. Bu yerda Milliy xavfsizlik xizmatining raisi Rustam Inoyatov inobatga olinmayapti. Chunki u iqtisodiy, ijtimoiy masalalarda qaror qabul qilmaydi. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda respublikada eng qudratli ikkinchi shaxs bu Shavkat Mirziyoev.

Bundan tashqari, deya xulosa qiladi siyosiy sharhlovchi O‘zbekiston iqtisodi shunday ahvolga kelib qolganki, uni bitta bosh vazirni ishdan olish bilan o‘nglab bo‘lmaydi. Aksincha Karimov uchun hozircha Mirziyoyevdek qattiqqo‘l bosh vazirni saqlab qolish ayni muddaodir.

54 yoshli Shavkat Mirziyoyev 2003 yil dekabridan beri bosh vazir lavozimini egallab keladi. Undan avval ikki yil davomida Samarqand viloyati hokimi, 1996 yildan 2001 yilgacha esa Jizzax viloyati lavozimlarida ishlagan.
XS
SM
MD
LG