Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:28

O'shlik o‘spirinlar orasini isloh qilmoqchilar


O‘shda maktab o‘quvchilari orasida millatlararo munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan yangi loyiha ishga tushdi.

O‘shdagi “Ayalzat” tashkiloti maktab o‘quvchilari orasida millatlararo munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan loyiha doirasida O‘sh shahri va viloyatidagi turli millat farzandlari tahsil oluvchi 50 maktabdan 15 nafardan o‘quvchini tanlab olgan.

Tashkiloti rahbari Nargiza Eshtayevaning aytishicha, yangi loyihani amalga oshirishga iyun voqealaridan qariyb 1,5 yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘shlik maktab o‘quvchilari, xususan bir maktabda o‘qiydigan turli millatga mansub o‘spirinlar orasida millatlararo munosabatning izga tushmayotgani sabab bo‘lgan:

- Maktablarda bu muammo 100 foiz yo‘q, deb aytolmayman. Bolalar maktabga birga borayapti, birga o‘qishayapti. Biroq bolalarda stress, bir-biriga yovqarash bor. 7-sinfdan 11-sinf o‘quvchilarigacha, boshqacha aytganda, o‘spirinlar orasida bir-birini tushunmaslik, bir-birini millatiga qarab ajratish hollari ko‘p bo‘ladi, - deydi Nargiza Eshtayeva.

“Ayalzat” rahbari o‘z tashkiloti amalga oshirayotgan mazkur loyiha ham o‘spirinlar o‘rtasidagi millatlararo munosabatni butunlay izga tushirishi uchun kamlik qilishini aytadi.

- Psixologik jarohat olgan bolalar uzoq vaqt davolanishi lozim bo‘ladi. Bunday bolalarni bir yilda sog‘ayib ketadi, deyolmaymiz. Bunday bolalar bilan bizning ish olib borishimiz kamlik qiladi. Ular bilan ota-ona, pedagoglar, boshqa nodavlat tashkilotlari ham ishlashi kerak. Bizning eng birinchi maqsadimiz bolalarning ongidagi stereotiplar, uydirmalar, yomon o‘ylar, stress va gizli shakldagi qasd olish, yomon ko‘rish kabi o‘ylarni yo‘q qilishdir, - dedi Nargiza Eshtayeva.

Loyiha tashkilotchilaridan biri Alimbay Satibayevga ko‘ra, loyiha doirasida o‘quvchilarga turli seminarlar o‘tkaziladi. Loyiha tugagach, maktab o‘quvchilari o‘rgangan narsalarini o‘zlari o‘qigan maktablardagi do‘stlari bilan o‘rtoqlashadilar.

- Bolalarni o‘qitiboq qo‘ymaymiz. Ularni o‘zlarini gapirtiramiz, o‘z muammolarini hal qilishda o‘z usullarini qo‘llaymiz. Ularga turli o‘yinlar o‘tamiz. Masalan, “zanjir” degan o‘yin. Bolalar yomon so‘zlarni aytganda qo‘llarini bir-biriga ushlatib bog‘laymiz. Bog‘langandan keyin “harakat qilib ko‘ringlar”, deymiz. O‘zlarini noqulay his qilishadi. Bolalar yaxshi so‘zlarni aytadi, biz iplarni yechamiz. Ikkala holatni solishtirib, ma‘nosini tushuntiramiz. Demak, “biz qanchalik yomon so‘zlarni ko‘p aytsak, munosabatlarimiz shunchalik yomon bo‘ladi”, degan o‘yga olib kelamiz, - dedi Alimbay Satibayev.

Ayni paytda loyiha ishtirokchilari bo‘lgan ayrim o‘spirinlar “maktab o‘quvchilari orasida millatlararo munosabat yomon” degan fikrga qo‘shilmasliklarini aytishadi. O‘shdagi Lomonosov maktabi o‘quvchisi Jildiz Saypidinova ana shunday fikrlovchi o‘quvchilardan biridir.

- Bizning oramizda yomon millat, yaxshi millat degan narsa yo‘q, barchamiz tengmiz. Albatta millatga bo‘luvchi yomon odamlar bor. Lekin bizning sinfda bundaylar yo‘q. Rus ham, xitoy ham biz kabi odam, ularga ham bir xil munosabatda bo‘lamiz. Biz iyun voqeasi bo‘lganiga qaramay avvalgiday do‘stona munosabatda qolganmiz, - dedi Jildiz.
XS
SM
MD
LG