Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:40

Rays Ramsfeld bilan Andijon bo‘yicha kelisholmagan


Bu haqda AQShning avvalgi prezidenti Jorj Bush davrida Davlat kotibi lavozimida ishlagan Kondoliza Rays o‘z xotiralarida yozadi.

EurasiaNet.org saytida e‘lon qilingan maqolada Bush ma‘muriyatida Andijon voqealari sababli yuzaga kelgan munozaraning ayrim tafsilotlari beriladi.

Xususan, AQSh sobiq Davlat kotibi Kondoliza Rays xotira kitobidan parchalar keltirilgan maqolada 2005 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan voqealardan keyin yuzaga kelgan vaziyat, bu mamlakatda Qo‘shma Shtatlarning Qarshi-Xonobod bazasi bo‘lganligini hisobga olgan holda Andijon qirg‘iniga qanday munosabat bildirilishi lozimligi yuzasidan Vashingtonda yuqori lavozimli rasmiylar o‘rtasida bahs avjiga chiqqanligi bayon qilingan.

AQSh Davlat departamentining sobir rahbari Kondoliza Rays o‘z xotiralarida Andijon qirg‘ini bo‘yicha o‘sha paytdagi AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld bilan kelisholmaganini yozadi.

“2005 yilning may oyidagi qonli isyondan keyin Davlat departamenti [Karimov] rejimi va inson huquqlarining buzilishi yuzasidan tanqidiy hisobot chiqardi. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bizga Afg‘onistondagi harbiy amaliyot avvalida taqdim etgan harbiy bazadan haydab chiqarish bilan tahdid qildi. Eslataman, biz bazadan foydalanish uchun biroz mablag‘ bergandik, biroq diktator bu bitim shartlarini bajarishga o‘zini majbur emas, deb hisobladi”, deb yozadi Kondoliza Rays.

Shundan so‘ng sobiq Davlat kotibi unga Pentagon rahbari Donald Ramsfeld qo‘ng‘iroq qilgani va Karimovning shartlariga rozi bo‘lish lozimligini aytganini bayon qiladi.

“Harbiylarga bu baza kerak, o‘rtaga xavfsizligimiz masalasi tikilgan, dedi u (Ramsfeld demoqchi – tahr.). Men bu vaziyatda Pentagon duch kelgan qiyinchiliklarni tushunishimni aytdim, “biroq, mening fikrimcha, AQSh o‘zining O‘zbekistondagi harbiy hozirligi saqlab qolish evaziga inson huquqlariga rioya qilinishi yuzasidan o‘z pozitsiyasini yumshata olmaydi”, dedim. Boz ustiga, uning [Karimovning] tahdidlaridan keyin biz yon berishimiz mumkin emas, dedim. Donning fikricha, mening javobim unga “inson huquqlari milliy xavfsizlik mulohazasidan ustun turadi” degandek eshitilibdi va u [o‘sha paytda Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oq uy maslahatchisi lavozimida bo‘lgan] Stiv Xedliga (Steve Hadley) bu masalani prezident darajasiga olib chiqishni buyuribdi. Albatta prezident bazani saqlab qolishni istardi, biroq u menga pozitsiyamni [ya‘ni AQSh Davlat departamenti pozitsiyasini – tahr.] yumshatishni aytmay qo‘ya qoldi, men ham yumshatib o‘tirmadim. Karimov o‘z tahdidini amalga oshirdi, biroq men Qirg‘izistondagi baza haqida kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘ldim, bundan tashqari, tojiklar ham “zarurat tug‘ilib qolgan taqdirda” ularning hududidan foydalanishimiz mumkinligiga ochiq ishora qilishdi”, deb yozadi sobiq Davlat kotibi Kondoliza Rays.

Avvalroq Andijon voqealari haqida o‘z fikrlarini bayon qilgan AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Ozodlik bilan suhbatda 2005 yilda Qo‘shma Shtatlar rasmiylarining bu borada olgan qarorlari xato bo‘lganini ta‘kidlagandi.

- AQSh Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekiston hukumatini asossiz ravishda¸ hali faktlar to‘liq ma‘lum bo‘lmay turib keskin tanqid qildi va men buni Bush ma‘muriyatining tashqi siyosatdagi eng katta xatolaridan biri, deb bilaman, - degandi Ramsfeld.

Ammo EurasiaNet.org saytida e‘lon qilingan maqola muallifi Joshua Kuchera fikricha, Vashingtonning Andijon voqealari keyin olgan qarorlari, Ramsfeld xavotir olganday, O‘zbekistonni Rossiya quchog‘iga tushirmadi.

“Vashingtonga yon bosishni uncha istamagan O‘zbekiston Rossiya bilan ham apoq-chapoq bo‘lib ketgani yo‘q”, deb yozadi Kuchera.
XS
SM
MD
LG