Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:31

O‘zbekistonda yana bir sayt to‘sib qo‘yildi


Bu safar O‘zbekiston hukumatiga asosan iqtisodiy masalalarni yorituvchi va tahririyati Ukrainada joylashgan “Birjevoy lider” internet jurnali yoqmay qoldi.

“Birjevoy lider” MDHdagi iqtisodiy jarayonlarni kuzatib boruvchi, sarmoyadorlar va tadbirkorlar uchun tahliliy axborot beruvchi internet jurnal hisoblanadi.

“Birjevoy lider” internet jurnali tahririyatining Ozodlik radiosiga bildirishicha, joriy yilning 22 fevralidan boshlab O‘zbekistonda mazkur nashr ochilmayotgani haqida mushtariylardan ko‘plab maktublar kela boshlagan.

- Avvaliga O‘zbekistondan saytimizga kiruvchi mushtariylar soni ozayib ketdi. Shundan so‘ng buning sabablarini izlay boshladik. Saytimizga O‘zbekistondan kuniga 3-4 ming odam kirar edi. Shuning uchun o‘zbekistonlik mushtariylarimiz sonining kamayib ketishi biz uchun katta yo‘qotishni anglatadi. Keyin esa bizga o‘zbekistonliklardan maktublar kela boshladi. Ular O‘zbekistonda saytimiz ochilmayotganini xabar qilishdi, -dedi “Birjevoy lider” jurnalining mas‘ul muharriri Oleg Voron.

“Birjevoy lider” jurnalida MDH mamlakatlari qatorida O‘zbekiston iqtisodiga oid tahliliy maqolalar, sarmoyadorlarga bu mamlakat iqtisodining qaysi sohalariga sarmoya yotqizish mumkinligi haqidagi ma‘lumotlar berib borilar edi. Internet jurnalda O‘zbekiston va Rossiya iqtisodiy-siyosiy munosabatlariga oid navbatdagi maqolaning chop etilishi ortida, “Birjevoy lider”ga O‘zbekistonda ham to‘siq qo‘yildi.

- Biz sarmoyadorlar uchun “MDHda Rossiya uchun qaysi davlat eng qadrli yoki Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining siri nimada?” sarlavhali maqolani chop etgan edik. Bu maqola chop etilishi bilan saytimizga ham to‘siq qo‘yildi, -dedi Oleg Voron.

“Birjevoy lider” jurnalida chop etilgan bu maqola internetdagi boshqa yuzlab saytlarda ko‘chirib bosilgan. Bu maqolada Rossiyaning O‘zbekistonga nisbatan geosiyosati va iqtisodiy aloqalari tahlil qilingan. Maqolada O‘zbekiston mintaqdagi boshqa mamlakatlarga nisbatan Rossiyaga qulluq qilmay, o‘zini tenghuquqli hamkor sifatida tutib kelayotgani, rasmiy Moskva Markaziy Osiyo mintaqasida hukumronligini o‘rnatish uchun birinchi navbatda O‘zbekistonni qo‘lga kiritishga harakat qilayotgani tahlil qilingan.

“Birjevoy lider” jurnali tahririyati O‘zbekistondagi provayderlarga va rasmiy idoralarga saytning nega ochilmayotganini izohlab berish talabi bilan rasmiy maktub yo‘llagan. Lekin hozircha rasmiylardan ham, provayderlardan ham bu maktubga javob olingani yo‘q.

- O‘zbekiston hukumatidan javob kutayapmiz. Lekin hozircha hech qanday javob ham, tushuntirish ham bo‘lgani yo‘q., - dedi Oleg Voron.

Shunday qilib, O‘zbekistonda taqiqlangan internet saytlari soni yana bittaga ko‘paydi. Bungacha “Farg‘ona. Ru”, Gazeta.ru”, Vikipediyaning o‘zbekcha sahifasi, Ozodlik, Bi-Bi-Si radiolarining internet saytlari va ko‘plab boshqa nashrlarga O‘zbekistonda to‘siq qo‘yilgan edi.
XS
SM
MD
LG