Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:52

Toshkentda uy ijarasi qimmatladi


Mart oyi oxiri¸ aprel oyi boshlarida Toshkent shahrining asosan o‘rtamiëna aholi yashovchi rayonlarida turar joy ijarasi narxining oshgani kuzatildi.

O‘rtamiyona rayonlarda narx qimmatladi¸ qimmat rayonlar o‘zgarishsiz


Uy bozorida tirikchilik o‘tkazayotgan maklerlar bu holatni ijaraga qo‘yuvchilar uchun daromad solig‘i joriy etilgani va kommunal to‘lovlarning oshgani bilan bilan izohlamoqdalar.

– Toshkentning ko‘p rayonlarida kvartira ijarasi qimmatladi. Masalan, Yunusobodda yanvar oyida 175 dollarga ijaraga berilgan ikki xonali uy hozir 200 dollarga chiqdi. Yoki Oybek metrosida – Mirobod rayoni atrofida 300 dollarga berilgan kvartiralar 350 dollar bo‘ldi. Narx-navoni biz belgilaymiz, uy egalari xarajatlaridan kelib chiqib narx aytadi, – deydi toshkentlik makler.

Uy-joy dallollariga ko‘ra, asosan past va o‘rta toifadagi kvartiralar bahosi ko‘tarilgan. Oylik ijarasi 500 dollardan yuqori bo‘lgan hashamatli uylar narxida o‘zgarish sezilmagan.

– Yunusobod, Chilonzor, Hamza rayonlaridagi kvartiralarni ko‘proq o‘rtamiyona hayot kechiradigan oilalar, talabalar arendaga oladi. Ijara bahosi shu hududlarda oshdi. Bu past yo o‘rta toifadagi kvartiralar-da. Narxini, shart-sharoitini nazarda tutyapman. Keyin, Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy, Mirobod tumanlarida juda qimmat uylar bor. Ularda ko‘proq chet elliklar, diplomatlar yashaydi. Bahosi oyiga 500 dollardan bir necha ming dollargacha yetadi. Qimmat uylarda ijara haqi oshgani uncha sezilmadi, – deydi Ozodlik muxbiri bilan fikrlarini bo‘lishgan makler.

Soliq oshdi¸ narx ham oshdi


Ipoteka bozorini tadqiq etib kelayotgan boshqa bir mutaxassisga ko‘ra, fuqarolarning mol-mulk ijarasidan topayotgan daromadi majburiy soliqqa tortila boshlagani ijara haqining oshishiga olib kelgan.

– 2012 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston fuqarolari o‘ziga tegishli bino, inshoot yoki turar joyni ijaraga berishdan olgan daromadidan soliq to‘lashga majbur. Menimcha, mulk egalari ijaradan topayotgan daromadining bir ulushini soliqqa chiqarayotgani uchun ham arenda bahosi oshib ketgan. Har qanday uy egasi ham xarajatlardan tashqari qo‘shimcha daromad qilishni istaydi-da, – deydi iqtisodchi mutaxassis.

Yil boshidan kuchga kirgan tartibga muvofiq, turar joyini ijaraga bergan fuqaro ijara oluvchi bilan shartnoma tuzishi va uni notariusdan tasdiqlatishi kerak. So‘ng, soliq idoraga borib deklaratsiya to‘ldirishi va daromadidan soliq to‘lashi lozim.

– O‘zbekiston Soliq kodeksining 192-moddasiga muvofiq, turar joy ijarasidan daromad olayotgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etadi. Masalan, fuqaro turar joyini 1 apreldan ijaraga bersa, 5 maydan kechikmay notariusdan tasdiqlangan shartnomani soliq idorasiga olib borishi va deklaratsiya to‘ldirishi kerak, – deydi o‘zini tanitishni istamagan soliq xodimi.

– Agar siz kvartirangizni oyiga 500 ming so‘mdan ijaraga bergan bo‘lsangiz, undan 45 ming so‘mni (ya‘ni 9 foizini) soliqqa topshirishingiz kerak, – deya vaziyatga oydinlik kiritadi iqtisodchi olim.

Davlat ijara haqi minimumini o‘zi belgiladi


Davlat tomonidan ijara haqining minimal miqdori ham o‘rnatilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu omil ham narxu navoning ko‘tarilishiga yaxshigina ta‘sir etmoqda.

Turar joyning 1 kvadrat metri uchun eng kam to‘lov Toshkent shahrida 3 ming, Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda 2 ming, boshqa aholi punktlarida 1 ming so‘m etib belgilangan. Demak, Toshkent shahrida joylashgan 100 kvadrat metr maydonli uyning ijara haqi oyiga 300 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim.

Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 2012 yil 1 fevraldan kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ijara tartibini buzgan fuqarolar eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida to‘lanmagan daromad solig‘ining o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun penya ham hisoblanadi.

Uy-joy bozori dallollariga ko‘ra, turar joy uchun majburiy to‘lovlar zalvorining oshgani ham ijara bahosiga ta‘sir ko‘rsatgan.

– TTZ-1 mavzesida ikki xonali uyda ijarada turaman. Oyiga 150 dollardan to‘lardim. 1 apreldan uy xo‘jayini ijara haqqini 170 dollarga chiqarganini aytdi. Hamma kommunal to‘lovlar oshib ketdi-ku, shunga, ijarayam qimmatladi-da, – deydi Dilshod ismli talaba.

Avval xabar berganimizdek, Toshkentda joriy 1 apreldan markaziy isitish tizimi, issiq va sovuq suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar oshdi.
XS
SM
MD
LG