Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:28

Toshkent yo‘llaridan aholi norozi


Toshkent shahri yo‘llari yog‘in-sochinga boy qishki mavsumdan keyin abgor ahvolga kelgani aytilmoqda. O‘zbekiston poytaxtidan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, nosoz va noqulay yo‘llardan aholi noroziligi oshib bormoqda.

– Chorsu bozori atrofidagi yo‘llar dabdala bo‘lib ketgan. Asli, bu territoriyada hayot qozondek qaynaydi. Transport harakati o‘ta tig‘iz. Chorsudan “Xalqlar do‘stligi”ga yo “Ganga”ga qarab yursangiz, u tomonda ham yo‘llarning rasvosi chiqib yotibdi. Bu yil qish rosa yomg‘ir-qorli keldi-ku, ko‘p yo‘llar yog‘in-sochinda yuvilib ketdi, lekin haligacha ta‘mirlanmadi, – deydi toshkentlik Rustam aka.

“Chandiqli” yo‘llar


Poytaxtda kirakashlik qiluvchi Sardor ismli haydovchiga ko‘ra, Toshkentning deyarli har bir tumanida nosoz yo‘llarga duch kelish mumkin.

– Yunusobod, Chilonzor, Hamza, Shayxontohur, Yakkasaroy... deyarli har bir tuman yo‘llarida katta-katta chuqurlar paydo bo‘lgan. Harqancha ehtiyot bo‘lib haydamang, baribir bittasiga tushasiz. “Yama”lar ortiqcha ko‘payib ketgan-da. Oldingi yillarda bunchalik emasdi. Bu yil shahar yo‘llarini “chandiq” bosib ketdi,– deydi Sardor ismli kirakash.

Toshkentda taksichilik bilan shug‘ullanuvchi boshqa bir haydovchiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yo‘llar nisbatan tekisroq.

– “Prezidentskiy trassa” Mirzo Ulug‘bek rayonidan o‘tadi-ku. Umuman, boshqa joylarga nisbatan bu tumanda yo‘llar yaxshiroq, – deydi u.

Haydovchilar har bir litr benzindan yo‘l solig‘i to‘lashayotgani, shunday ekan, mutasaddilar yo‘llarni tekislab qo‘yishi zarurligini aytishadi.

– Bir litr benzindan, adashmasam, 200 so‘mcha yo‘l solig‘i olib qolinadi. Har bitta haydovchidan har bir litrdan shuncha ushlab qolinsa, tasavvur qiling, qancha pul yig‘iladi. Endi, puli olinganidan keyin yo‘llarni ta‘mirlab ham qo‘yish kerakmi?!– deydi toshkentlik Rustam aka.

“Bir mavsumga chidasa ham katta gap”


O‘zbekistonliklar ko‘pdan buyon yo‘llarning sifatsiz ta‘mirlanishidan shikoyat qilib keladilar.

– Bu yil remont qilinsa, keyingi yil yana “yama”zorga aylandi. Bir mavsumga chidab bersa ham katta. Materiallarni kerakli miqdorda qo‘shishmaydi-da,– deydi haydovchi Rustam aka.

Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi – avtomobil yo‘llarning qurilishi, ta‘mirlanishini moliyalashtiruvchi tashkilot. Shuningdek, mazkur idora ajratilgan moliyaviy mablag‘ning qonuniy sarflanishini nazorat qiladi.

Toshkentlik haydovchilarning aytishlaricha, yo‘lsozlikda qo‘shib yozish, xomashyodan urib qolish, mablag‘ o‘zlashtirish holatlarining keng tarqalgani muammoning asosiy sababidir.

2011 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi Yo‘l jamg‘armasini belgilangan rejani bor-yo‘g‘i 56 foizga bajargani hamda moliyaviy qoidabuzarliklar uchun tanqid qilgan.

Rasman e‘lon qilingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda yo‘llarga mas‘ul boshqa bir tashkilot – “O‘zavtoyo‘l” davlat shirkatida 18,6 milliard so‘mlik kamomad aniqlangan.

Soha mutaxassislariga ko‘ra, yo‘lsozlikning me‘yor va standartlariga amal qilish kerak.

– Boshqa sohalar kabi yo‘l qurilishida ham davlat standarti bor. Shunga amal qilish kerak. Ob-havo, fasllar ham muhim o‘rin tutadi. Yo‘lga faqat bahor yo erta kuzda asfalt yotqizish tavsiya qilinadi. Keyin, asfaltlayotganda yo‘l qup-quruq bo‘lishi kerak. Lekin ko‘pincha qishdayam ishlashga buyruq beriladi. Yo bo‘lmasa, birorta tadbirga ulgutish uchun tezroq ishlashni talab qilishadi. Shoshilgandan keyin sifat ham shunga yarasha chiqadi-da,– deydi ismi sir qolishini so‘ragan yo‘lsoz.

O‘zbekistonda chop etiluvchi “Noviy vek” gazetasiga ko‘ra, joriy yil fevral oyida Toshkentda o‘tgan ta‘lim bo‘yicha xalqaro anjuman arafasida Talabalar shaharchasidagi yo‘l oshig‘ich ta‘mirlangan. Qor asoratlari ketmagan shalabbo yo‘lga asfalt yotqizib yuborilgani sababli, uch kun o‘tar-o‘tmas pul havoga sovurilgani ma‘lum bo‘lgan-qolgan.

“Nima, yo‘llarimiz bir martalik bo‘lib qolmoqdami? Buyurtmachi yo‘l uchun pulni cho‘ntagimdan emas, davlat byudjetidan to‘layapman deb, sifatga qaramasligi to‘g‘ri emas. Bo‘lmasa, Prezident devoni qarshisidagi yo‘lga asfalt yotqizilganidan keyingi o‘nqir-cho‘nqirlarni qanday izohlash mumkin? Yo‘lsozlarning bunday “firmennыy” belgilarini boshqa yerlardan ham topish mumkin”, deb yozadi “Novыy vek” nashri.

Mazkur gazetaga ko‘ra, Xorazm magistraliga tsemontbeton yotqizgan Janubiy Koreya kompaniyasi mo‘‘jaz uchastkada sifatsiz ta‘mir kuzatilganida, yo‘lning hammasini buzib tashlab, qaytadan qurgan. Mahalliy nashr yo‘lsozlarni arzongarov foydaga uchmay, koreyslar kabi kasb sha‘ni uchun ishlashga da‘vat etgan.

Nosozlik yuzasidan mutasaddilarni sudga berish mumkin


Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ishlab kelayotgan huquqshunosga ko‘ra, nosoz yo‘l tufayli transportiga zarar yetgan haydovchi mutasaddi tashkilotlarni sudga berishi va zararni undirishi mumkin.

Amaldagi tartib bo‘yicha katta magistrallar uchun “O‘zavtoyo‘l” davlat shirkati, shahar ichi yo‘llari uchun esa mahalliy hokimliklar javob beradi.

Xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi qarori bilan tasdiqlangan manzilli dasturga ko‘ra, 2012 yili jamoat transporti yuradigan yo‘llarni kapital ta‘mirlashga 4,4 mlrd so‘m ajratilgan. Shahar hokimligining obodonlashtirish boshqarmasi mahalliy matbuotga bu bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tender komissiyasiga topshirilganini bildirgan. Biroq hozircha ushbu mablag‘ aynan qaysi hududlar uchun sarflanishi va loyiha ijrosi qachon boshlanishi ma‘lum emas.
XS
SM
MD
LG