Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:51

UCell mijozlari uchun Facebook va VKontakte tekin


O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatorlaridan biri UCell o‘z mijozlariga Facebook va VKontakte ijtimoiy tarmoqlariga bepul kirishni taklif qilmoqda.

Shuningdek Odnoklassniki va Mail.ru tarmoqlariga kirish haqqi ham ikki barobarga arzonlashtirildi. Shirkat vakillarining aytishicha, bu UCell mijozlari orasida Internet tarmoqlarini ommalashtirish maqsadida qilinmoqda.

UCell abonentlar bilan ishlash bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda hatto hisobidagi puli Internet xizmati uchun yetmagan mijozlar ham Facebook yoki Vkontakte tarmoqlariga bemalol kirishlari mumkinligini bildirdi.

- Masalan Facebook saytida abonentlarimiz, qancha pul sarfladimikin, deb o‘ylab o‘tirmasdan, o‘z do‘stlari bilan mobil telefonda aloqada qolishlari mumkin. Bu xizmatni aktivatsiya qilishning ham hojati yo‘q. Faqatgina telefon brauzerida Facebook.com yoki Vkontakte.com saytlari adresi yozilsa bo‘ldi, bu xizmatdan foydalanish mumkin, deydi UCell vakili.

Uning aytishicha, bundan tashqari Odnoklassniki va Mail.ru saytlariga kirish haqqi ham arzonlashtiriladi.

- Bu ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun bir kunlik abonent to‘lovi 10 tsent edi, endi 5 tsentga tushirildi, deydi UCell abonentlar bilan ishlash bo‘lim xodimi.

Uning aytishicha, Ucell operatorining hozirda O‘zbekistonda 9 millionga yaqin mijozi bor. Ular orasida mobil Internetdan foydalanuvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin ijtimoiy tarmoqlar masalasida o‘zbekistonlik mijozlarning aksari, ayniqsa yoshlar Facebook yoki Vkontakte saytlaridan ko‘ra, Mail.ru va Odnoklassnikiga ko‘proq kiradi¸ deydi UCell

Toshkentlik 15 yashar Bobur ham UCell mijozi. U ham Facebook yoki Vkontakte haqida eshitmagan, lekin do‘stlari bilan Odnoklassniki orqali aloqa qiladi.

- Biz asosan Odnoklassnikiga kiramiz. Men har kuni kiraman. Telefon uchun oyda 20-30 ming ishlataman. O‘rtoqlarim ham asosan Odnoklassnikida. Facebook haqida eshimaganman, deydi toshkentlik Bobur.

O‘tgan oy UCell mobil operatori egasi Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati o‘zi faoliyat olib boradigan davlatlar, jumladan O‘zbekistonda maxfiy xizmatlarga mijozlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim etib kelganiga oid faktlar ochiqlangan va bu Shvetsiyada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Dunyodagi eng yirik telekommunikatsion shirkatlardan biri hisoblangan TeliaSonera sobiq ittifoq mamlakatlaridan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya va Rossiyada o‘z biznesiga ega. Shvetsiya Radiosi, Svenska Dagbladet, Aftonbladet, Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvdan keyin bu shirkat jiddiy janjal ichida qoldi.

TeliaSonera vitse prezidenti Sisiliya Edstrom Ozodlik bilan suhbatda shirkat faoliyat olib borayotgan mamlakatlar rasmiylari, xususan xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilishini mahalliy qonunchilik bilan izohlagan edi.

- Dunyo bo‘ylab faoliyat olib borayotgan barcha telekommunikatsiya shirkatlari mahalliy rasmiylar va xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilish mas‘uliyatini oladi. Bu litsenziya kelishuvning shartlaridan biridir va hamkorlik miqyosi mahalliy qonunchilik bilan belgilangan bo‘ladi. Bu yangilik emas. Lekin negadir buni, “Arab bahori” kontekstidagi katta yangilik sifatida taqdim qilishmoqda, degan edi bundan ikki hafta avval TeliaSonera vitse prezidenti Sisiliya Edstrom.

TeliaSonera shirkati faoliyatiga oid surishtiruv reportaji mualliflaridan biri Svenska Dagbladet gazetasi muxbiri Erik Olson ochiqlangan faktlar shirkat hissadorlari va mijozlari e‘tiroziga sabab bo‘ldi, deydi.

- Shirkatning Shvetsiya va xorijdagi yirik hissadorlari TeliaSonera rahbariyati bu mamlakatlardagi rasmiylar bilan aloqa qilish siyosatida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirmasa, o‘z aktsiyalarini sotish bilan tahdid qildi. Bundan tashqari, TeliaSonera mijozi bo‘lgan Shvetsiyadagi tashkilotlar, masalan Stokholm shahar hokimiyati kelgusida bu shirkat bilan shartnomani buzib, boshqa kompaniya xizmatlaridan foydalanish bilan tahdid qildi, deydi shvetsiyalik jurnalist.

Maxfiy xizmatlar bilan hamkorlik qilishi aniqlangach, TeliaSonera hissadorlari aktsiyalarini sotish bilan tahdid qildi.
Erik Olson

TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi UCellning o‘z mijozlariga ijtimoiy tarmoqlarga bepul kirish imtiyozlarini taklif qilayotgani ham o‘tgan oydagi janjal bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deya davom etadi Erik Olsen.

- Albatta, buni komil ishonch bilan aniq aytib bo‘lmaydi. Lekin bepul xizmatlar aynan ijtimoiy tarmoqlarga qaratilgani qiziq. Chunki jurnalistik surishtiruvda TeliaSoneraning maxfiy xizmatlar bilan hamkorligini tahlilchilar mustabid rejimlarning “Arab bahori”dan keyin aholi orasidagi kayfiyatlarni mobil aloqasi orqali nazorat qilishni kuchaytirish istagi bilan bog‘lagan edi. “Arab bahori” voqealarida esa Facebook va Tiwtter kabi ijtimoiy tarmoqlar muhim rol o‘ynaganini bilamiz. Hozir tanqidlar ostida qolib ketgan TeliaSonera bu sohada mijozlarga bepul xizmatlarni taqdim etish bilan endi, jamoatchilik fikriga ta‘sir qilish uchun qaranglar biz bunaqa xizmatlarni tekin qilib qo‘ydik, bu mamlakatda demokratiyaga hissa qo‘shyapmiz, deya o‘zlarini oqlashlari mumkin, deydi Svenska Dagbladet gazetasi muxbiri Erik Olson.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlarining umumiy soni 25 milliondan oshgan. Shulardan 9 millionidan ortig‘i UCell operatori abonentlaridir.

Mart oyida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi mamlakatdagi Internet foydalanuvchilari soni 9 milliondan oshganini ma‘lum qildi. Shulardan 5 milliondan ortig‘ining mobil aloqa yordamida Internetga kirishi aytiladi.
XS
SM
MD
LG