Линклар

Шошилинч хабар
30 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:52

Feysbukcha folklor: “MegaFon” ko‘zini suzmasa, “MTS” aloqani uzmaydi!


Har yomonning bir yaxshisi bor deganlari rost, shekilli. “O‘zdunrobita” uyali aloqa shirkatining yopilishi millionlab odamni to‘rvasini yo‘qotgan gadodek sarsonu sargardon qilgani bor gap. Qarangki, boloxonador so‘kishu, tesha tegmagan qarg‘ishlarga sabab bo‘lgan bu voqea o‘zbek xalq og‘zaki ijodining taraqqiyotiga ham turtki beribdi.

Facebook tarmog‘idagi gap-gashtaklarni kuzatsangiz, siz ham shunday xulosaga kelishingiz tayin. Tsukerberg haqqiga duo qila-qila virtual olamda chaqchaqlashayotgan yuzerlar o‘zbek maqollarining yangi talqinlari bilan bo‘lishmoqdalar. Feysbukcha folklor namunalaridan ayrimlarini Sizga ham ilindik.

Maqolu matallarning maromiga yetmagan o‘rinlari bor, albatta. Lekin ularda bugunning nafasi kelib turgani e‘tiborimizni tortdi.

Eldan chiqsang ham, xizmat doirasidan chiqma.

Yigit kishiga 40 sim-karta oz.

Yangi raqam olmay, eskisini sotma.

“Ucell”ning bergani – ko‘rgilik, “MTS”ning bergani – to‘ygulik.

“MTS” senga aytaman, “Ucell” sen eshit.

“Gap” bilan shoshma, ish bilan shosh! (“Yusel”ning “Gap” tarifi nazarda tutilgan)

Beli og‘rimaganning sim-karta ulashishini ko‘r.

“MTS” ishlaydi, “Beeline” tishlaydi.

Kasalni yashirsang, antenna yo‘qligi oshkor qiladi.

Abonentning ozi yaxshi, qizning nozi.

“Ucell” ovga chiqdi, orqasidan g‘avg‘o chiqdi.

Tekin sim-karta qopqonda bo‘ladi.

“Ucell” beillat bo‘lmas, “MTS” – behikmat.

O‘z kompaniyang – o‘lan to‘shaging.

Onasining telefonini ko‘rib, qizini ol!

Ayol kishining kontaktlari qirqta tuyaga yuk bo‘ladi.

Begona sim-karta – devona sim-karta.

“Uzmobile”da VIP bo‘lguncha, “MTS”da qarzdor bo‘l!

Abonentning yugurgani – “Paynet”gacha.

“Paynet”dan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroyli.

Telefon bor, telefonlarning naqshidir, telefon bor, peyjer undan yaxshidir.

Kim “Ucell” birla "Beeline"ga qancha qilma tarbiyat, it bo‘lur dog‘i eshak, bo‘lmaslar aslo “MTS”!

Bir abonentga yetti kompaniya ota-ona.

Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, “Ucell” gapirsin!

Balans kundamas, kunida tugaydi.

Chiqqan SMS chig‘iriqdan tashqari.

SMSga puli kuygan gudokniyam o‘ylab tashlaydi.

Onaning ko‘ngli “iPhone”da, bolaning ko‘ngli “iPad”da.

“iPhone” buzilsa – o‘tin, qiz buzilsa – xotin.

Jon kuydirmasang cim-karta qayda, bir kun navbatda turmasang, uyali aloqa qayda?!

Ish ishtaha ochar, dangasa “Paynet” ochar.

Koreyadagi “Samsung Galaxy”dan Yangioboddagi “Motorola” yaxshi.

Telefoni yo‘q, sim-kartasi yo‘qning ustidan kulibdi.

Yetti marta gudok tashlab, bir marta qo‘ng‘iroq qil.

“MegaFon” ko‘zini suzmasa, “MTS” aloqani uzmaydi.

Bo‘ladigan telefon zaryadnigidan ma‘lum.

Telefonli uy bozor – telefonsiz uy mozor.

Boy boyga boqar, mijozlar “Yusel”ga oqar.

“MTS” bilganni “Beeline” bilmas.

Ayrilganni “Beeline” yer, bo‘linganni “Ucell”.
XS
SM
MD
LG