Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:52

Rafiq qori Kamolov: Islom - siyosatdir!


Muhammadrafiq qori Kamolovning imomlik qilishni boshlagan ilk yillaridagi surati muxlislari tomonidan Ozodlikka taqdim qilindi.
Muhammadrafiq qori Kamolovning imomlik qilishni boshlagan ilk yillaridagi surati muxlislari tomonidan Ozodlikka taqdim qilindi.
“O‘zbek imomlari” ruknidan berib kelayotganimiz turkum lavhalarning navbatdagisida islom siyosati va zamonaviy siyosat haqida ko‘p ma‘ruza qilgan qorasuvlik taniqli imom, endilikda marhum Muhammadrafiq qori Kamolov haqida gap boradi.

Qorasuvlik hunarmand


Asli qo‘shni Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida, 1953 yilda tug‘ilgan Muhammadrafiq Kamolov ma‘ruzalarida ko‘proq islom dini asoslari, islom siyosati va bugungi siyosatlarning tutash hamda zid kelgan nuqtalari haqida ko‘p ma‘ruza qilgan vodiylik imomlardan biridir.

25 yillik umrini imomlikka bag‘ishlangan Rafiq qori Kamolov maxsus diniy ta‘lim beruvchi bilim yurtlarning birortasida o‘qimagan.

Umumiy o‘rta ta‘lim maktabidan keyin birorta dunyoviy ilm dargohlarida ham ta‘lim olmagan.

Ammo, o‘z davrining yetuk qomusiy olimi bo‘lgan va ilmi bir vaqtlar Islom ta‘limoti markazi bo‘lgan Hindistonda tan olingan olim Mavlaviy Hindistoniy qo‘lida ko‘p yillar ta‘lim olgan.

Rafiq qori o‘z davrida u imomlik qilgan masjidga kelib-ketuvchi namozxonlar bilan savol-javoblarini jamlab kitoblar chiqarishni ham boshlagan edi.

Uning kitoblari Qirg‘iziston janubi va O‘zbekistonning Andijon viloyati chegara oldi tumanlarida tarqalgan edi.

Arab, fors tillarini chuqur bilgan va akasi Sodiq qori Kamolovning so‘zlariga ko‘ra, kundalik matbuot hamda adabiyotni muttasil o‘qib borgan.

- Qur‘onni Andijondagi mashhur Mubin qori akadan olganlar. Undan keyin Mavlaviy Hindistoniy domla qo‘lida ta‘lim olgan. Adabiyotga qiziqishi kuchli edi. G‘arb va sharq adabiyotini muttasil o‘qir edi. Sobiq sovet zamonlarida ham taqiqlangan siyosiy adabiyotlarni qidirib, topib o‘qir edilar, deydi Sodiq qori.

Muhammadrafiq qori asli hunarmandchilik bilan shug‘ullangan.

- Shu bo‘zdan ro‘molcha, durra va yana shunga o‘xshagan buyumlar to‘qiladigan tsexda ishlardi. Bizda buni artelchi, deb qo‘yishardi. U kuni bilan tirikchilik qilib, qolgan vaqtida tinimsiz o‘qir edi, deydi Sodiq qori Kamolov.

Ham hunar, ham ilm bilan mashg‘ul Muhammadrafiq Kamolovni mahalla-kuy sekin-asta qori aka, deb chaqira boshlagan kezlarda hali sovet zamoni edi.

Musulmonga ilmi - omonatdir


Muhammadrafiq qori Kamolovni ham u yashab turgan mintaqalarda mashhur qilgani u kishining ma‘ruzalaridir.

U kishi ham aksar ahli ilmlar kabi olgan bilimini atrofdagilar bilan o‘rtoqlashish, inson o‘zi yetgan haqiqatlarni albatta boshqalarga yetkazishi kerak, degan qoidaga amal qilar edi.

Garchi diniy ta‘lim dargohlarini tamomlagan bo‘lmasada, muttasil ravishda o‘qishda, izlanishda bo‘lgani uchun kishnining ma‘ruzalari agchagina shiddatli bo‘lganini kuzatish mumkin.

Shu kunlarda u kishining Youtube tarqmog‘ida ko‘p tinglanayotgan ma‘ruzalarida hoh diniy bo‘lsin, hoh dunyoviy — turli mavzularda berilgan savollarga dadillik bilan javob berilganini ko‘rish mumkin.

U kishining ma‘ruzalaridan parchalar berish oldidan esa bir muhim jihatga qisqacha to‘xtalish kerak.

Rafiq qori tegrasidagi bahs


Muhammadrafiq qori Kamolovning qarashlari va ilgari surgan g‘oyalari haqida qarama-qarshi fikrlar, bahslar mavjud.

Kimdir u kini halifalik tarafdori bo‘lgan va demokratik jamiyatga qarshi bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Yana kimdir uni mo‘tadil ulamo bo‘lgan va islom dinidagi hamma oqimlar tarafdorlariga bag‘rikenglik bilan yondoshgan, deydi.

Kimdir u kishning halifalik, bugungi dunyoda islom dinining nufuzi haqidagi chiqishlarini Hizbut Tahrir qarashlariga moyillik, deb baholasa kimlardir buni Islomni sof holida tan olish va tanitish, deb biladi.

Xullas, Muhammadrafiq qorining ma‘ruzalari bobidagi bahs keskin va katta.

Shu bois, u kishining g‘oyasi, maqsadi qanaqa bo‘lganu, kimlarga moyil, kimlarga qarshi, degan bahs maydoniga kirishni biz lozim topmadik.

Faqatgina turli mavzulardagi ma‘ruzalaridan kichik-kichik parchalarni havola qilishga qaror qildikki, ularning mazmuniga berilajak baho va xulosa sizning hukmingizga havola.

Quyida u kishining ma‘ruzalaridan ba‘zi parchalarni tinglashingiz mumkin.




"Xato otilgan" o‘q


Hayotining qariyb 25 yilini imomlikda kechirgan Muhammadrafiq qori Kamolov 2006 yilning 6 avgustida olamdan o‘tgan edi.

U kishi Qirg‘iziston va O‘zbekiston maxsus xizmatlarining Qirg‘iziston janubida o‘tkazgan maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan edi.

Keyinchalik bu borada bot-bot rasmiy bayonot bergan Qirg‘iziston rasmiylarining asosiy izohi Muhammadrafiq qori Kamolovning O‘zbekiston islomiy harakati xalqaro terror tashkilotiga a‘zo, deyilgan ayblov bilan kuzatuvda bo‘lgan shaxslar bilan birga bo‘lgan va amaliyot chog‘ida tasodifan otilgan, mazmunida bo‘lgan edi.

U kishining vafotidan so‘ng ko‘p shov-shuvlar bo‘ldi. U kishining izdoshlari va tarafdorlari, yaqinlari buni hukumatlar tmonidan uyushtirilgan buyurtma qotillik ekani haqida gapirdilar.

Bundan tashqari, Muhammadrafiq qori Kamolovning qo‘shma amaliyoti chog‘ida emas, undan avval o‘ldirilgani haqidagi versiyalar ham paydo bo‘lgan edi.

O‘sha voqeani xotirlagan qorasuvlik dindorlardan biri Ozodlikka mana bularni so‘zlab berdi:

- SNB xodimlari bilan suhbatlashganimda, mashina o‘tirgan kezda otilgan, deyishgan edi. Lekin men surishtirganimda uning yuragiga ham o‘q otilganini aniqlaganman. U kishining miyasiga otilgan kontrolni o‘y ham bo‘lgan. Bo‘yni shilinganlarichi?! U kishining oldin o‘ldirilganini ko‘rsatadida bular, dedi tergov davom ettirilishini hozirga qadar talab qilib kelayotgan qorasuvlik dindorlardan biri.

Muhammadrafiq qori Kamolovning o‘ldirilishi yuzasidan ochilgan jinoiy ish yopilgan.

Buni Ozodlikka so‘zlagan Sodiq qori Kamolov jinoyatni kim sodir etgani, nega sodir etgani va qanday sodir etganidan aksariyatning xabari borligi, ammo hozircha bu kimsalarni jazolash imkonsiz bo‘lgani bois masala yopilganini ta‘kidladi.

Sodiq qori Kamolov vaqti kelib jinoyatchilar, albatta jazolanishiga ishonchi komil ekanini aytdi.

Quyida Muhammadrafiq qori Kamolov haqida hozirlangan eshittirishni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:03 0:00
Бевосита линк

Imom - faqat shariatda borini so‘zlovchi yetakchidir


Oradan qariyb 7 yil o‘tib, fojeani xotirlagan Rashod qori Kamolov - Muhammadrafiq qori Kamolovning o‘g‘li otasining vafoti borasida biroz boshqacha fikrlarni bildirdi.

Quyida Rashod qori Kamolov bilan qurilgan suhbatni tinglashingiz mumkin.

Suhbat avvalida u asl imom qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi mulohazalarini ham bildirib o‘tdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:03 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG