Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:34

Xalqaro fazo stansiyasi radiatoridan zaharli ammiak oqmoqda


Baykal ko'li, Rossiya. Xalqaro fazo stansiyasining 35-ekspeditsiyasi komandiri Kris Hedfild tarafidan olingan surat. 26 fevral 2013 yil.
Baykal ko'li, Rossiya. Xalqaro fazo stansiyasining 35-ekspeditsiyasi komandiri Kris Hedfild tarafidan olingan surat. 26 fevral 2013 yil.
Xalqaro fazo stansiyasi radiatoridagi sovutish tizimida ishlatiluvchi ammiak suyuqligining to'kilayotgani aniqlandi.

Bu haqda stansiyadagi olti kishilik ekipajning komandiri astronavt Kris Hedfild fazodan yozgan tvit-xabarida ma'lum qildi.

Fazogirlar 9 may kuni Xalqaro fazo stansiyasidan oq rangli modda parchalari chiqayotgani haqida AQSh Aeronavtika va fazo tadqiqotlari milliy boshqarmasiga (NASA) xabar berishgan. Tekshiruvlardan so'ng oq modda stansiya radiatoridagi ammiak ekanini aniqlashgan.

Hedfildga ko'ra, vaziyat jiddiy, biroq ekipaj va yerdagi mutahassislar birgalikda muammoni vaqtincha barqarorlashtirishga muvaffaq bo'lishgan. Juma kuni barchasi aniq bo'ladi, deb yozadi astronavt o'z Twitter sahifasida.

Radiatorlardagi ammiak moddasi Xalqaro fazo stansiyasining quyosh batareyalarini sovutish tizimida ishlatilishi aytilmoqda.

Ammiak o'ta zaharli moddadir. Shuning uchun muammoni bartaraf etishda fazogirlardan alohida ehtiyotkorlik talab etiladi.

NASA ga ko'ra, ayni damda stansiya oddiy jadval bo'yicha ishini davom ettirmoqda va fazogirlar hayoti uchun xavf yo'q.

Xalqaro fazo stansiyasi radiatorlarida bunday muammo ilk bor chiqayotgani yo'q. 2012 yilning noyabr oyida stansiya ekipaji ammiak moddasi sizib chiqishini to'xtatish uchun navbatdan tashqari ochiq kosmosga chiqish qilgan edi.

Xalqaro fazo stansiyasi ekipajining kundalik hayotidan yangiliklarni hamda fazodan olingan surat va videolarni NASA astronavti Kris Hedfildning Twitter sahifasi orqali ko'rib borishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG