Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:01

“Megaplanet” savdo markazidagi “qattiq rejim”


2011 yilning dekabr oyida poyiga buqa so‘yilib¸ katta tantanalar bilan ochilgan “Megaplanet” gipermarketi shahardagi savdo-sotiq madaniyatining namunasi bo‘lajagi va‘da qilingan edi. Ammo bu va‘da amalga oshmagan ko‘rinadi.

Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan “Megaplanet” savdo markazi poytaxtdagi ilk gipermarket, deya reklama qilinadi.

50dan ziyod kichik do‘konlar¸ kinoteatr va ko‘ngilochar maskanlaridan tarkib topgan to‘rt qavatlik “Megaplanet” savdo markazi “farovonlik sayyorasi” degan jumlani o‘ziga shior qilgan.

Tashqaridan “farovonlik sayyorasi” tarzida yarqirab ko‘rinadigan savdo markazi ichidagi ishchilar va ish beruvchilar¸ ijarachilar hamda sohiblar o‘rtasidagi nizolar haqidagi gap-so‘zlar gipermat ochilgan 2011 yildan beri tingani yo‘q.


Ijara to‘lashni kechiktirganlar kaltaklanadi


“Megaplanet”ning rang-barang peshtaxtalari orqasidagi real vaziyatdan xabardor manbaning Ozodlikka bildirishicha¸ “Megaplanet” savdo markazi xizmatchilari mehnat qonunlarida ko‘rsatilmagan “qattiq rejim” sharoitida ishlashga mahkum.

Bu birinchi navbatda ijara to‘lashni kechiktirganlarga oid, deydi o‘zini Javlon deb tanishtirgan manba:

- Agar kelishilgan kun ijara pulini to‘lamasangiz, darrov do‘koningiz eshigiga qulf osib qo‘yishadi. Ikki kun ichida pul to‘lamasangiz do‘kondan haydashadi. Agar e‘tiroz bildirsangiz kaltaklashadi¸- deydi o‘zini Javlon deb tanishtirgan Ozodlik manbasi.

“Megaplanet” savdo markazidagi do‘konlar ijarasi oyiga 1200 dollardan 6000 dollargacha ekani aytilmoqda.

Bu Toshkent do‘konlaridagi eng yuqori ijara haqi ekani aytiladi. Ijara haqini to‘lash mushkulligi esa nizolarni keltirib chiqarmoqda.

Savdo markazining ikkinchi qavatidagi erkaklar poyabzallari do‘koni xizmatchisi Ravshanning Ozodlikka aytishicha¸ ijaradan pulidan tashqari turli o‘lponlar ham savdogarlar sillasini quritmoqda:

- Homiylik maqsadlarida yig‘iladigan yig‘ilmalar kup. Do‘konlarning ijara narxlari kimmatligi, kundalik harajatlarning ko‘pligi maxsulotlar tannarxiga ta‘sir kiladi. Ko‘pincha maxsulotlar sotilmaydi, aksariyat hollarda firma egalari tomonidan mahsulotlarning narxlarini assossiz ravishda oshirish hollari mavjud. Odatda oddiy aholi ko‘proq bozordan savdo qiladi, bu yerdan asosan xorijliklar, ma‘lum toifa kishilargina xarid kiladi. Shu bois ijara haqining kattaligi bizga malol kelyapti¸- deydi suhbatdosh.

Suhbat asnosida gipermarket qo‘riqchilarining o‘ta qo‘pol va shafaqatsiz ekani ayon bo‘ldi.

Gipermarket ishchilari O‘zbekiston kasaba uyushmasi federatsiyasiga savdo markazida mehnat qonunlari buzilganidan shikoyat qilishdi.

Shikoyatni tekshirgan kasaba uyushmasi nozirining Ozodlikka aytishicha¸ “Megaplanet” savdo markazi mutasaddilari qattiqo‘llik holatlarini rad qilishmagan.

- Ular ijarachilarga qo‘pollik qilgan qo‘riqchilarga nisbatan intizomiy chora ko‘ramiz deb va‘da qilishdi¸- deydi O‘zbekiston kasaba uyushmasi federatsiyasining o‘z ismini aytmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Savdo markazidagi atir -upa rastasining o‘zini Gulmira, deb tanishtirgan sotuvchisi markaz qo‘riqchilarining qo‘pol muomalasiga har kuni nishon bo‘layotganidan nolidi:

- Haqiqatan ham majmua xavfsizlik xizmati xodimlari qo‘pol va to‘pori. Bu yerda aksar hollarda xavfsizlik va servis sohasiga tanish-bilish orqali ishga olishadi. Bu yerga ishga qabul qilinayotganlarning aksariyati ma‘lumotsiz, agar tanlov asosida bu ishlarga qabul kilinganida edi, bundan avvalo xizmatchilar, do‘kon sotuvchilari va xaridorlar naf ko‘rar edi¸- deydi suhbatdosh.

Ozodlik muxbiri “Megaplanet” savdo markazidagi “qattiq rejim” tamsilchisi bo‘lgan xavfsizlik xizmati xodimi bilan ham suhbatlashdi.

O‘zini Davron deb tanishtirgan qo‘riqchi gipermarketdagi qattiqo‘llik tizimi haqidagi ma‘lumotlarni qisman tasdiqladi:

- Boshliqlar qattiqqo‘l va ish tartibiga rioya kilish uchun talab kuchli. Ammo xodimlarni kaltaklash degan gap juda kulgili. Chunki hozirgi zamonda birovni kaltaklab ishlatish juda kulgili. Sharoit va maoshlar yaxshi, bu yerga hammani ham ishga olaverishmaydi¸ deydi “Megaplanet” savdo markazi qo‘riqchisi.

Qo‘riqchining “bu yerga hammani ham ishga olaverishmaydi” degan gapini “Megaplanet” savdo markazidagi vaziyatdan xabardor bo‘lgan Javlon izohladi:

- Bu gap to‘g‘ri. Gipermarketda tanish bilishchilik urchigan. Savdo markazi nazorati Dilshod degan bolani qo‘lida. U marhum hukumat mulozimi Alisher Azizxo‘jayevga qarindoshman deb gapirib yuradi. “Megaplanet” savdo markazini Alisher Azizxo‘jayevning Aziz ismli jiyani Arab Amirliklaridan turib boshqaradi¸ deydi suhbatdosh.

Javlonning aytishicha¸ “Megaplanet” savdo markazi yuqori martabali mulozimlar yordamida soliq¸ prokuratura va boshqa taftishchilar hurujidan himoya qilinib dahlsiz hududga aylantirilgan.

Suhbatdosh nazarida aynan mana shu “dahlsizlik omili” bois “Megaplanet” savdo markazi ishchilari qo‘pol muomala va kaltaklashlarga chidab kelishmoqda.
XS
SM
MD
LG