Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 15:16

Obama va Kameron Suriyaga ehtimoliy javob chorasini muhokama qildi


AQSh Prezidenti Barak Obama va Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron Suriya hukumati kuchlari kimyoviy qurollardan foydalangani natijasida yuzlab odam nobud bo‘lgani haqidagi iddaolar xususida “chuqur tashvish” bildirib, voqeaga javob chorasi ko‘rilishi mumkinligini ma‘lum qildi. Prezident Obama shanba kuni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan uchrashdi va Britaniya Bosh vaziri bilan telefon orqali so‘zlashdi.

Britaniya rasmiylari e‘lon qilgan bayonotda AQSh Prezidenti Barak Obama va Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron 21 avgust kungi hujumda Suriya kuchlari kimyoviy qurollardan foydalangani “ravshan bo‘lib borayotganidan jiddiy tashvishda” ekani bildirilgan.

Suriya hukumati mamlakat harbiylari kimyoviy qurollardan foydalangani haqidagi iddaolarni rad qilib, isyonchilarni ikki yarim yildan beri davom etayotgan urushga G‘arb harbiylarini tortish maqsadida shunday provokatsiya uyushtirganlikda aybladi.

Ayni paytda, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri payshanba kuni Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Al-Muallim bilan telefon orqali so‘zlashgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Kerri Al-Muallimga, agar Suriya hukumati hujum uyushtirmagan bo‘lsa, BMT inspektorlarining voqea joyida tekshiruv o‘tkazishiga darhol ruxsat berishi kerakligini aytgan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Davlat kotibi Saudiya Arabistoni, Iordaniya va turkiyalik hamkasblari bilan ham Suriya masalasini muhokama qilgan.

Chegara bilmas shifokorlar guruhi Damashq yaqinidagi kasalxonada 355 odam vafot etgani va 3600 bemorda hujum bilan bog‘liq “neyrotoksik” alomatlar kuzatilganini bildirdi.

Tashkilot vakili Mego Terzian Reyters televideniyesiga qurbonlar zaharli gazdan o‘lganini, ammo hujum uchun kim mas‘ul ekanini bilmasligini aytdi.

- Shuni aytishimiz mumkinki, juda ko‘p bemorlar kasalxonaga uch soat ichida neyrotoksik alomatlar bilan keltirildi va bu normal hol emas. Biz neyrotoksik modda qo‘llanilganiga deyarli 100 foiz ishonamiz. Aynan qanday modda ekanini aniq aytolmaymiz. Buni hukumat qilganmi yoki isyonchilar - biz buni bilmaymiz, - dedi Mego Terzian.

Suriya muxolifatiga xayrixoh manbalar hujum oqibatida 500 dan 1300 nafargacha odam o‘lganini iddao qilgan.

Bu orada Suriyada ehtimoliy harbiy amaliyotlarga tayyor turish uchun AQSh floti kemalari o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmoqda.

Shanba kuni Malayziyaga safari chog‘ida so‘zlagan AQSh Mudofaa vaziri Chak Heygel, agar prezident Obama Suriyada harbiy amaliyotlar o‘tkazish lozimligiga oid qaror qabul qilsa, Amerika qo‘shinlari o‘z vazifasini bajarishga shay ekanini aytdi.

- Prezident Obama Mudofaa vazirligiga har qanday vaziyatga tayyor bo‘lishga ko‘rsatma berdi. Biz buyruqni bajardik. Biz har qanday vaziyatga tayyormiz, - deya bayon qildi AQSh Mudofaa vaziri.

Qo‘shma Shtatlar Suriyaga qo‘shni bo‘lgan Iordaniyaga allaqachon o‘zining yuzlab askari, “F-16” rusumidagi jangovar uchqichlari va havo hujumidan mudofaa batareyalarini joylashtirgan.

Suriya hukumati Vashingtonni harbiy harakatga qo‘l urmaslik haqida ogohlantirgan.

Axborot vaziri Umron al-Zoubiy AQSh tomonidan har qanday hujum Yaqin Sharqda ko‘proq zo‘ravonliklarga turtki bo‘lishini urg‘ulagan.

Suriyaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Eron ham Amerika harbiylarini Suriyaga hujum qilmaslik haqida ogohlantirgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Arakji bunday xatti-harakat vaziyatni yanada murakkablashtirishini aytgan.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z mamlakati Suriyadagi kimyoviy qurollar hujumidan odamlar o‘lganiga ishonishini aytgan, biroq Ruhoniy kimyoviy qurolni kim qo‘llagani haqida hech narsa demagan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi kimyoviy qurollarni isyonchi guruhlar qo‘llagani haqidagi Suriya hukumati iddaolarini qo‘llab-quvvatlagan.
XS
SM
MD
LG