Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 13:25

Navoiy KMKda mobil telefonlardan foydalanish taqiqlandi


Navoiy KMKi hududidada mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash haqidagi qaror. Uzmetronomdan olindi.
Navoiy KMKi hududidada mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash haqidagi qaror. Uzmetronomdan olindi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyati o‘z ishchilariga mobil telefonlardan korxona hududida foydalanishni taqiqladi. Endi kombinat ishchilari mobil telefonlarini uyida qoldirib ishga borishlari kerak. Korxona ma‘muriyati bu cheklovning sababini izohlamagan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulov joriy yilning birinchi sentyabridan boshlab kombinatning barcha hududlarida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash haqida qaror chiqardi.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan kombinat ishchilaridan biriga ko‘ra, rahbarlar korxonadan sizib chiqayotgan axborotlarni cheklash uchun shunday qarorga kelgan ko‘rinadi:

- Kombinatning kon qaziydigan bir qancha hududlari bor. Barchasiga telefon olib kirishni man qilindi. Darvozadan tekshirishyapti, telefoni bo‘lsa, kirgani qo‘ymayapti. Biror narsa haqida xabar beradi deb qo‘rqishayotgan bo‘lsa kerakda,- dedi kombinat ishchisi.

Ismini oshkor qilmagan boshqa bir ishchiga ko‘ra, kombinat idorasida ishlaydigan xizmatchilarga foto va vidio kameralari bo‘lmagan telefonlardan foydalanishga ruxsat berilgan:

- Kon qazish bilan shug‘ullanadigan korxonalar hududiga har qanday telefonni olib kirish taqiqlangan. Biroq, upravleniyada ishlaydigan xodimlar Internetga ulana olmaydigan telefonlardan foydalanishlari mumkin,- dedi kombinat ishchisi.

Kombinat bosh direktori Quvondiq Sanaqulov mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash haqidagi qarorda bu cheklovning sabablarini izohlamagan.

Ozodlik bunga izoh olish maqsadida kombinat matbuot xizmati bilan bog‘landi. Xizmat rahbari Nizomiddin Sadriddinov savollarga faqat maktub orqali javob berishi mumkinligini aytdi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, so‘nggi paytlarda mobil texnologiyalar rivojlanib, telefon yordamida olingan surat va video tasvirlar Internet orqali tez tarqalayotgani bois, kombinat rahbariyati o‘z hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli voqea va holatlarga oid axborot tashqariga sizib chiqishning oldini olish maqsadida shunday cheklovlarni joriy qilgan bo‘lishi mumkin.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining bo‘limlari respublikaning yettita hududida joylashgan. Korxona mehnat jamoasida 67 mingdan ziyod odam ishlaydi.

Kombinat asosan oltin va uran ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Bundan tashqari korxona fosforit xom ashyosini qazib olish, sulfat kislota va oltin, kumush buyumlarini ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.
XS
SM
MD
LG