Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Olimjon To‘xtaoxunov: Nyu-York mahkamasi hukmidan noroziman!


30 aprel kuni Nyu-York mahkamasi "Tayvanchik va boshqalar ishi" deya tasniflangan jinoyat ishi bo‘yicha 34 shaxsni noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil qilish va tovlamachilikda aybdor deb topdi. Ushbu jinoyat ishi markazida bo‘lgan asli o‘zbekistonlik ishbilarmon Olimjon To‘xtaoxunov Ozodlik bilan suhbatda mahkama hukmidan norozi ekanligini aytdi.

AQSh federal sudyasi Jessi Furman sobiq Sovet Ittifoqidan chiqqan Vadim Trincher, Anatoliy Golubchiklarga 5 yildan qamoq jazosi tayinlab, 20 million dollarlik jarima belgiladi.

Qolgan 32 ayblanuvchidan 28 nafari aybiga iqror bo‘lgani, yana ikki kishiga nisbatan ish esa keyinga qoldirilgani bildirildi.

Yashirin kazino tuzish va tovlamachilik taftish qilingan ushbu jinoyat ishi markazida "Tayvanchik" laqabi bilan tanilgan, asli toshkentlik ishbilarmon Olimjon To‘xtaoxunov turadi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, To‘xtaoxunov "qarzdorlardan pul undirgani " evaziga 12 million dollar haq olgan.

Hozirda Moskvada istiqomat qilaëtgan tadbirkor Olimjon To‘xtaoxunov Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo rad qildi:

- Bu uydirma-ku! To‘g‘ri, o‘sha ish bo‘yicha 30 tacha odamdan ikkitasini men haqiqatan taniyman. Ular mening kiyevlik tanishlarim. Lekin men AQSh mahkamasi ayblovlarini mutlaqo rad qilaman. Men aybdor emasman¸ men aybdor emasman, - deya ta‘kidladi To‘xtaoxunov.

Olimjon To‘xtaoxunov bilan to‘liq suhbatni quyida tinglaysiz:
Узр, лекин бу хизмат ҳозирча ишламайди

O‘tgan yili AQSh mahkamasi rossiyalik taniqli tadbirkor 65 yoshli Olimjon To‘xtaoxunovni xalqaro uyushgan jinoyatchilik guruhini tuzganlik va unga rahbarlik qilganlikda ayblab chiqqan edi.

To‘xtaoxunov Ozodlik bilan suhbatda bu ayblovlarni “ertak va amerikalik tergovchilarning alahsirashi”, deya atadi.

Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, Amerika huquq-tartibot organlari uni 2002 yildan buyon qidirmoqda.

O‘shanda AQShda To‘xtaoxunov Solt- Leyk- Sitidagi qishki Olimpiya o‘yinlarida figurali uchish bo‘yicha musobaqa hakamlariga pora berishda ayblangan edi.

To‘xtaxunov 2003 yilda bu ayblovlar bo‘yicha Italiyada hibsga olingani, biroq ayblovlar asossiz ekani bois Rossiyaga chiqarib yuborilganini aytdi.

2003 yilning 23 iyulida Italiyadan Moskvaga uchib kelgan To‘xtaoxunov 10 yildan buyon hech bir mamlakatga chiqa olmasligini ta‘kidladi:

- Men 11yildan beri hech qayerga chiqa olmayman. Rossiyada o‘tiribman, chunki ular tinimsiz mana shunday uydirmalarni o‘ylab topayapti. Ular mening nomimni bu ishga aralashtirib, butun dunyoga ovoza qilmoqchi. Allaqanday amerikaliklar noqonuniy qimor o‘yinida ayblanmoqda. Mening bunga qanday aloqam bor? Men qonunlarni buzgan bo‘lsam, Rossiya huquq-tartibot organlari menga e‘tiroz bildirishi kerak. Men na Rossiya, na AQSh qonunlarini buzmaganman,- deydi biznesmen.

Olimjon To‘xtaoxunov 1949 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Yoshlikda “Paxtakor” futbol jamoasi dublida o‘ynagan. O‘sha yillari mashhur “alyuminiy qiroli” Mixail Chernoy va Rossiya tennis bo‘yicha terma jamoasi boshlig‘i Shamil Tarpishchevlar bilan tanishgan.

Sobiq Sovet Ittifoqining eng mashhur qimorbozlaridan bo‘lgan. “Rossiya futbol jamg‘armasi” prezidenti, hozirda yopilib ketgan “Metropol”, “Yevropa”, “Osiyo” kazinolari xo‘jayini.

1999 yilda homiylik ishlari uchun “Muqaddas Konstantin ordeni” ritsari unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ko‘plab Rossiya shou-biznesi vakillari – Iosif Kobzon, Alla Pugacheva, Sofiya Rotaru, Nikita Mixalkov, Dar ya Dontsova va boshqalar bilan do‘stlashgan.

Forbs jinoyatchilar ro‘yxatida beshinchi o‘ringa qo‘yilgan. AQSh FTBsi tomonidan qidirilayotgan o‘nta “eng xavfli jinoyatchilar” qatoridan o‘rin olgan.

Uylangan, to‘rt nafar farzandning otasi.
XS
SM
MD
LG