Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:28

Xorijdan O‘zbekistonga mashina olib kirish qanchaga tushadi?


Mushtariylardan deyarli har kuni berilayotgan ushbu savolga OzodJavobning navbatdagi sonida batafsil javob izlashga harakat qildik.


Moskvada ishlayotgan jizzaxlik Adhamjon Jiguli mashinasini O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovlari qancha bo‘lishi borasida qiziqdi:

- Yaqinda Moskvada yangi Jiguli sotib olganman. Shuni uyga olib ketmoqchi edim. 2013 yilda ishlab chiqarilgan VAZ-2107 rusumidagi mashina. Bu mashinani "rastamojka" qilish (bojxona to‘lovlari) qanchaga tushadi?, - deya so‘radi Adhamjon.

Sankt-Peterburgdan murojaat qilgan andijonlik Yo‘ldosh aka esa 2000 yilda ishlab chiqarilgan KamAZ-5320 yuk mashinasini O‘zbekistonga olib kirish xarajatlari qanchaga tushishini so‘radi.

Tataristonning Qozon shahrida ishlayotgan Murod esa Germaniyaning Mersedes-Bents S350 rusumli mashinasining bojxona to‘lovlari qanchaligi bilan qiziqdi.

Bu kabi savollar OzodJavobga deyarli har kuni kelmoqda. Lekin har bitta mashina uchun alohida javob berish imkonsiz.

Chunki O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining ismini oshkor qilmayotganimiz mutaxasisiga ko‘ra, ishlab chiqarilgan joyi, vaqti va uning markasi, dvigatel hajmiga qarab, har bir mashinaning bojxona to‘lovi alohida bo‘ladi:

“Har bir mashinanining stavkasi har xil bo‘ladi. Misol uchun 1,5 litrlik motori bor mashinaning stavkasi boshqacha, 2 litrniki boshqacha, 3 litrniki boshqacha. Keyin mashinaning yangi-eskiligiga qarab yana stavka o‘zgaradi. Mashinaning markasi, modeliga ham qaraladi”, dedi mutaxasis.

Xorijda ishlab chiqarilgan mashinani O‘zbekistonga olib kirish uchun 4 xil bojxona to‘lovi to‘lanadi:

"Boj tarifi to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, chet elda ishlab chiqarilgan mashinani O‘zbekistonga olib kelgach, u mashina egasi doimiy yashash joyidagi bojxona idorasida rasmiylashtiriladi.

Mashinani bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish payti uning bojxona qiymati hisoblanib, to‘rt xil turdagi bojxona to‘lovi undiriladi.

1) Import boji

2) Aktsiz solig‘i – Bojxona o‘rnatgan mashina qiymatining 2 foizi.

3) Qo‘shilgan qiymat solig‘i - O‘zbekiston Soliq kodeksining 206-moddasiga binoan belgilanadigan soliq solish bazasidan 20 foiz (bazani hisob-kitob qilish uchun tovarning bojxona qiymatiga aktsiz solig‘i summalari (agar mavjud bo‘lsa) va import bojxona boji qo‘shiladi);

4) bojxona yig‘imlari

Ushbu bojxona to‘lovlarini qay tartibda hisoblanishini Rossiyada 2013 yil va 2010 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 1500 kub santimetr bo‘lgan VAZ 2107 mashinasi misolida ko‘rib chiqamiz.

2013 yilda ishlab chiqarilgan mashina yangi tovar, 2010 yilda ishlab chiqarilgan mashina esa eski tovar hisoblanadi. Amaldagi qonunga ko‘ra, eski va yangi mashinalarning bojxona to‘lovi turlicha bo‘ladi.

Buni hisoblashda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining mutaxasisi yordamidan foydalandik.

Yangi mashinaning bojxona to‘lovlari:

Import boji: Deylik, 2013 yilda ishlab chiqarilgan VAZ-2107 mashinasining bojxona qiymati 6000 AQSh dollariga baholangan. Ushbu mashina ishlab chiqarilganiga 2 yil to‘lmagani uchun yangi tovar hisoblanadi. Shuning uchun bojxona qiymatining 30 foizi va dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun 2,5 AQSh dollari miqdorida import boji belgilangan.

Bu bo‘ladi: 6000ning 30 %i 1800 bunga 1500 x 2,5= 3750 qo‘shiladi.

1800 $ (30%) + 3750$ (1500x2,5$) = 5550$ (lekin 10ta davlat, jumladan, Rossiyada ishlab chiqarilgan mashinalar uchun sertifikat taqdim qilinsa, import boji undirilmaydi).

Aktsiz solig‘i - 2 foiz: 6000$ning 2 foizi 120$ bo‘ladi.

Qo‘shimcha qiymat solig‘i - 20 foiz: Bu yerda 6000$+120$ (aktsiz solig‘i 2 foiz) = 6120$ning 20 foizini hisoblaymiz.

Demak, 6120$ning 20 foizi 1224$ bo‘ladi.

Bojxona yig‘imlari:

A) Mashinani rasmiylashtirish uchun yig‘imga 0,2 foiz (biroq bu 25 dollardan kam va 3000$dan ko‘p bo‘lmasligi kerak) Demak, bu yerda 25 dollar.

B) Bojxona ko‘rigi (bu to‘lov yevroda undiriladi): 25 yevro.

V) Bojxona guvohnomasi (bu ham yevroda undiriladi): Transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga guvohnoma berganlik uchun 20 yevro.

To‘lanishi lozim bo‘lgan jami bojxona to‘lovlari 5550$+120$+1224$+25$= 6919$ va 45 yevroni tashkil etadi.

Bu pulni o‘zbek so‘mining xorij valyutasiga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan kursida olamiz.

6 may kuni Markaziy bank 1 AQSh dollarini 2284,42 so‘m va 1 yevroni 3157,75 so‘m sifatida belgilagan.

6919 dollarni o‘zbek so‘miga aylantirsak, bu 15805901,9 so‘m bo‘ladi. 45 yevro esa 142098,75 so‘mni tashkil etadi.

Demak, Rossiyada 2013 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 1500 kub santimetr bo‘lgan VAZ 2107 mashinasining bojxona to‘lovlari jami 15948000,65 so‘m bo‘ladi.

Lekin yuqorida aytilganidek, Rossiyada ishlab chiqarilgani haqida maxsus sertifikat taqdim qilinsa, 5550$ - import boji undirilmaydi.

Bu holatda esa bojxona to‘lovi 3269469,73 so‘m (taxminan 1430 AQSh dollari)ni tashkil qiladi.

(Ushbu mashinani O‘zbekistonga olib kirishdan avval uning Rossiyada ishlab chiqarilgani haqidagi maxsus sertifikatni olishni unitmang. Chunki bojxona to‘lovi sizga arzonga tushadi)


Eski mashinaning bojxona to‘lovlari:

Rossiyada 2010 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 1500 kub santimetr bo‘lgan VAZ 2107 mashinasi misolida ko‘rib chiqamiz.

Import boji: Deylik, 2010 yilda ishlab chiqarilgan VAZ 2107 mashinasining bojxona qiymati 5000 AQSh dollariga baholangan. Ushbu mashina ishlab chiqarilganiga 2 yil to‘lgani uchun eski tovar hisoblanadi. Shuning uchun bojxona qiymatining 40 foizi va dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun 3 AQSh dollari miqdorida import boji belgilangan.

Bu bo‘ladi: 2000$ (40%) + 4500$ (1500x3$) = 6500$ (yana eslatamiz, 10ta davlat, jumladan, Rossiyada ishlab chiqarilgan mashinalar uchun sertifikat taqdim qilinsa, import boji undirilmaydi).

Aktsiz solig‘i: Eski mashinaning aktsiz solig‘i motorning hajmidan undiriladi. Har bir kub santimetrga 2,6 dollar undiriladi.

1500 x 2,6= 3900$

Qo‘shimcha qiymat solig‘i - 20 foiz: Bu yerda 5000$+3900$ (aktsiz solig‘i) = 8900$ning 20 foizini hisoblaymiz.

Demak, 8900$ning 20 foizi 1780$ bo‘ladi.

Bojxona yig‘imlari: (Yangi mashina bilan eski mashinaniki bir xilda)

A) Mashinani rasmiylashtirish uchun yig‘im - 25 dollar.

B) Bojxona ko‘rigi: 25 yevro.

V) Bojxona guvohnomasi: 20 yevro.

To‘lanishi lozim bo‘lgan jami bojxona to‘lovlari 6500$+3900$+1780$+25$=12205$ va 45 yevroni tashkil etadi.

12205 dollarni o‘zbek so‘miga aylantirsak, bu 27881346,1 so‘m bo‘ladi. 45 yevro esa 142098,75 so‘mni tashkil etadi.

Demak, Rossiyada 2010 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 1500 kub santimetr bo‘lgan VAZ 2107 mashinasining bojxona to‘lovlari jami 28023444,85 so‘m bo‘ladi.

Agar Rossiyada ishlab chiqarilgani haqida maxsus sertifikat taqdim qilinsa, 6500$ - import boji undirilmaydi.

Bu holatda esa bojxona to‘lovi 13174714,85 so‘m (taxminan 5770 AQShdollari)ni tashkil qiladi.

UNITMANG: Eski mashina sizga qimmatga tushadi! Masalan, yuqorida hisoblaganimiz eski VAZ 2107 mashinasining jami boj to‘lovlari yangisiga nisbatan 9905245,12 so‘m (taxminan 4340 AQSh dollari)ga qimmatroqqa tushayapti.

O‘zbekiston Adliya vazirligining 1998 yil 8 apreldagi "Erkin savdo qilish tartibini ko‘zda tutuvchi kelishuvni imzolagan davlatlar erkin savdo qilish zonasini yaratish to‘g‘risidagi kelishuv qatnashchilari Ro‘yxati"da nomlari keltirilgan 10 ta mamlakatda ishlab chiqarilgan import qilinuvchi tovarlar uchun hech qanday bojxona boji undirilmaydi.

Mazkur davlatlar: Belarus, Gruziya, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston, Ukraina, Qirg‘iziston va Qozog‘iston.

Bunda mashina egasi bojxona organlariga ushbu avtomobilning haqiqatan ham shu mamlakatda ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi sertifikatni taqdim qilishi lozim.

Agar ushbu sertifikat bojxona organiga taqdim etilmasa, tovarning ishlab chiqarilgan mamlakati noma‘lum hisoblanadi. Bunday holatda mashinaning bojxona boji ikki baravar stavkada undirilishi belgilangan.

Erkin savdo qilish zonasiga kirgan 10 ta davlat mashinalarining bojxona to‘lovlari yuqorida hisoblaganimiz VAZ 2107 ning hisob-kitobi kabi qilinadi.

Amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, dunyoning boshqa 45 ta davlatida ishlab chiqarilgan mashina O‘zbekistonga import qilinganda bojxona boji belgilangan stavkaning bir baravari miqdorida undiriladi.

Ushbu mamlakatlar quyidagilar: Avstriya, AQSh, Bangladesh, Belgiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Vetnam, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Isroil, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Iordaniya, Kipr, Latviya, Litva, Malayziya, Malta, Misr, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Pokiston, Polsha, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Slovakiya, Sloveniya, Turkiya, Finlyandiya, Frantsiya, Xitoy, Chexiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Eron, Estoniya, Yaponiya, Hindiston.

Shu o‘rinda Erkin savdo qilish zonasiga kirmagan davlatlarda ishlab chiqarilgan mashinalarning bojxona to‘loviga ham misol keltiramiz.

Bunda Germaniyada 2012 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 3000 kub santimetr bo‘lgan Mersedes-Bents S350 mashinasining bojxona to‘lovlarini hisoblaymiz:

Import boji: Deylik, ushbu mashinaning bojxona qiymati taxminan 40 ming dollarga baholangan. Ushbu mashina ishlab chiqarilganiga 2 yil to‘lmagani uchun yangi tovar hisoblanadi. Shuning uchun bojxona qiymatining 30 foizi va dvigatel hajmining har bir kub santimetriga 3,1 AQSh dollari miqdorida import boji belgilangan.

Bu bo‘ladi: 12000 $ (30%) + 9300$ (3000x3,1$) = 21300$

Aktsiz solig‘i: Ushbu mashinaning aktsiz solig‘i motorning hajmidan undiriladi. Har bir kub santimetrdan 3,1 dollar undiriladi.

3000 x 3,1= 9300$

Qo‘shimcha qiymat solig‘i - 20 foiz: Bu yerda 40000$+9300$ (aktsiz solig‘i) = 49300$ning 20 foizi 9860$ bo‘ladi.

Bojxona yig‘imlari: (Xuddi Rossiya mashinalariniki kabi)

A) Mashinani rasmiylashtirish uchun yig‘im -25 dollar.

B) Bojxona ko‘rigi: 25 yevro.

V) Bojxona guvohnomasi: 20 yevro.

To‘lanishi lozim bo‘lgan jami bojxona to‘lovlari 21300$+ 9300$+9860$+25$=40485$ va 45 yevroni tashkil etadi.

40485 dollarni o‘zbek so‘miga aylantirsak, bu 92484743,7 so‘m bo‘ladi. 45 yevro esa 142098,75 so‘mni tashkil etadi.

Demak, Germaniyada 2012 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel hajmi 3000 kub santimetr bo‘lgan Mersedes-Bents S350 mashinasining bojxona to‘lovlari jami 92626842,45 so‘m (taxminan 40500$) bo‘ladi.

Agar Mersedes-Bents S350 ishlab chiqarilganiga ikki yil to‘lgan - eski mashina bo‘lsa, uning bojxona to‘lovi yangisiga nisbatan 4000 dollarga qimmatga tushadi. (Import boji bojxona qiymatining 40 foizi va dvigatel hajmining har bir kub santimetri 3,1 AQSh dollari miqdorida olinadi. Boshqa to‘lovlar yangisi bilan bir xilda bo‘ladi)

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining mutaxasisiga ko‘ra, agar mashinaning bojxona qiymati (sotib olingan narxi) BOJXONA BAZASIDA BELGILANGAN NARXDAN KAM BO‘LSA, u holda bazada belgilangan narx bojxona qiymati sifatida olinadi.

Deylik, Mersedes-Bents S350 mashinasi bojxona bazasida 40 ming dollarga baholangan bo‘lsa va siz uni xorijdan 20 ming dollarga xarid qilgan bo‘lsangiz, bu baza narxidan kam hisoblanadi.

Bu holatda bojxona to‘lovlarini hisob-kitob qilish uchun 20 ming dollar emas, bazada belgilangan 40 ming dollar bojxona qiymati sifatida olinadi.

Bojxona mutaxasisiga ko‘ra, bojxona bazasidagi ma‘lumotlar matbuotga oshkor qilinmaydi.

Aziz mushtariy, agar siz xorijda xarid qilingan mashinani O‘zbekistonga olib kirgan bo‘lsangiz yoki bu borada qo‘shimcha ma‘lumotga ega bo‘lsangiz, iltimos o‘z tajribangizni boshqalar bilan o‘rtoqlashing!!!!!

Bilganlaringizni shu yerda sharh sifatida qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG