Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:05

Yelena Urlayeva o‘quvchi-terimchilar suratini sochiga yashirib olib chiqdi


Toshkent viloyatida kollej o‘quvchilarini suratga olgan huquq himoyachisi Yelena Urlayevani o‘qituvchilar tutib olib, militsiyaga topshirdi. Pskent tumani IIB xodimlari Urlayeva olib ulgurgan suratlarni yo‘q qilishga urindi, ammo topa olmadi. Natijada, fleshkani sochiga yashirgan faol paxtada yurgan o‘quvchi va ishchilar suratini matbuotga yetkazdi.

Huquq faoli Yelena Urlayeva Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi tibbiyot muassasalari xodimlaridan tushgan shikoyat asosida 11 oktabr kuni viloyatning Bo‘ka va Pskent tumanlariga borganini aytdi.

- U yerda tibbiyot xodimlarini ko‘rdim, suratga bemalol oldim. Ular bir oydan buyon dam olishsiz, kuniga 10-12 soatlab paxta terayotgan ekan. So‘ng Pskent tumanida paxta terayotgan kasb-hunar kollejlaridan birining 3-kursida o‘qiydigan talabalarni uchratdim. Kollej o‘quvchilarining yoshini so‘rab, ular orasida voyaga yetmaganlar bor-yo‘qligini bilishga urindim. Shunda kollej o‘qituvchilari bolalarni suratga olishimga, ular bilan gaplashishimga to‘sqinlik qila boshladi. Keyin meni kuch bilan paxta dalasidan olib chiqib, mashinaga o‘tkazdilar. Suratlar yuklangan fleshkani berishimni talab qilishdi. Men fleshkani bermaganimdan so‘ng kollej o‘qituvchilari Pskent tumanidagi 225-militsiya uchastkasiga olib borib, meni militsiyaga topshirishdi, - deya hikoya qildi Yelena Urlayeva.

Елена Урлаева билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00
Бевосита линк

Bu orada Yelena Urlayeva o‘zbekistonlik jurnalist Viktor Krimzalovga telefon qilishga ulgurgan va voqeadan xabardor qilgan.

O‘sha kuni huquq faoli Pskent ichki ishlar bo‘limida bir yarim soatdan ortiqroq ushlab turildi. Faol tuman IIB boshlig‘i muovini Murod Bahodirov uning telefoni, fotoapparatini olib qo‘yganini aytmoqda.

- Negadir tibbiyot xodimlari kelib, tanamda ko‘kargan joylar bor-yo‘qligini tekshirishdi. Vaholanki, ularga shikoyat qilmagan edim. Undan tashqari, ikki marta yechintirib, rasmlar yuklangan fleshkani qidirdilar, lekin topa olmadilar. Shunda ularga Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning "Halqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalarini 2014-2016 yillarda amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorini ko‘rsatdim. Ammo, militsiya buni yetarli asos sifatida qabul qilmadi, - deydi toshkentlik huquq faoli.

Bir necha soatdan so‘ng qo‘yib yuborilgan Yelena Urlayeva Toshkentga qaytdi va asrab qolgan suratlarini OAV orqali tarqatishga muvaffaq bo‘ldi.

- Hozir menda Bo‘ka tumanidagi 4-maktabning o‘qituvchilaridan kelgan shikoyat ham bor. Ulardan paxta terimiga yollanadigan mardikorlar uchun 500 ming so‘mdan pul olishgan. Undan tashqari, bu o‘qituvchilarni ishdan so‘ng va dam olish kunlari paxtaga olib chiqishayotgan ekan. Bu haqda ham shikoyat arizasini tayyorladik. Xuddi shunday Jizzax viloyatida tibbiyot xodimlari 12 soatlab paxta terayapti. Bu holatni ham monitoring qilib, tez orada shikoyat arizasini tayyorlaymiz, - dedi Yelena Urlayeva.

O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi har yil paxta terimini monitoring qilib boradi. Bu yil ham paxta mavsumi boshlanganidan buyon Urlayeva bir necha bor paxta dalalaridan suratlar yubordi.

XS
SM
MD
LG