Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:42

Bishkekdagi rus elchisi PUTIN’dan norozi bo‘ldi


Bishkekdagi Putin Pub ramzi.
Bishkekdagi Putin Pub ramzi.

Bishkekda Obama bar bilan bir qatorda Putin Pub mijozlarga xizmat ko‘rsatayotganidan g‘azablangan Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Andrey Krutko Putin Pub nomi o‘zgartirilmasa, mayxonani bira to‘la yoptirib tashlash bilan dag‘dag‘a qildi.

“Obama gril pishiraversin, Putinni tinch qo‘yinglar”

Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Andrey Krutko qirg‘iz axborot agentliklariga bergan suhbatida Bishkekda Putin nomidagi mayxona ochilganidan norozi ekanini aytdi.

- Men mer bilan gaplashib, bu nomni o‘zgartiraman.Bu nima degan gap o‘zi? Mayli, Obama degan barda gril pishirib sotaverishsin. Biroq Vladimir Vladimirovichning nomini mayxonaga qo‘yishlik to‘g‘ri emas. Men oxirigacha kurashaman. Mayxonaning nomi qonunlarga zid keladi, - deb bildirgan rus elchisi.

Bishkekning eng gavjum bo‘lgan janubi sharqiy mavzesida ochilgan Putin Pub o‘z ramziga ham ega. Bu ramzda qora fonda Putinga o‘xshash kal kishining surati va uning ostida ingliz tilida Putin Pub degan yozuv aks etgan.

“Putin familiyasini xususiylashtirib olmagan”

Mayxonaning art-direktori Artem Kolosov Putin Pub nomining Rossiya prezidentiga hech qanday dahli yo‘qligini aytdi:

- Mayxonaga nom qo‘yayotganimizda yuristlar bizga “Putin xususiylashtirib olingan familiya emas”, deb aytishgan. Agar biz mayxonani Vladimir Putin deb ataganimizda, unda Rossiya prezidentiga nisbat berilsa bo‘lar edi. Putin - bu ruslar orasida keng tarqalgan familiyalardan biri. Ikkinchidan, biz o‘z ramzimizda Putinning fotosuratini emas, balki grafik dizaynni qo‘llaganmiz. Bizning ramzimizdagi Putinga o‘xshash odamning sochi yo‘q, u kal. Mening bilishimcha, Rossiya prezidentining soch bilan hech qanday muammosi yo‘q, - dedi Artem Kolosov.

Obama bilan muammo yo‘q, Putin reklamalari olib tashlandi

Biroq soxa mutaxasislari mayxona xo‘jayinlari Qirg‘iziston qonunchiligini buzgan, degan fikrni bildirmoqdalar. Qirg‘iziston qonunchiligida esa, birovning ismini yoki fotosuratini jamoatchilik maqsadlarida qo‘llanmoqchi bo‘lgan shaxs, mazkur fotosurat yoki ism egasidan yozma ruxsatnoma olishi kerakligi qayd etilgan.

-Putinning nafaqt familiyasi, balki surati ham qo‘llanilgan. Putin Rossiya prezidenti ekanini hamma biladi. Shuning uchun undan ruxsat olinishi kerak bo‘lgan, -dedi reklama sohasi mutaxasisi Elira Turdubayeva.

Bishkekda bir necha yildan beri AQSh prezidenti Barak Obamaning suratlari hatto taomnomasida ham aks etgan Obama bar faoliyat ko‘rsatib keladi. Biroq AQSh elchixonasi ham, Bishkek shahar meriyasi ham Obama bar faoliyati konunga zid keladi, degan bayonotlarni bermagan, mazkur barning reklama planshetlari shahar ko‘chalariga joylashtirilishiga ham qarshilik qilinmagan. Ayni paytda Bishkek meriyasi Rossiya elchisining dag‘dag‘asidan so‘ng shahar ko‘chalaridan Putin Pub reklamalarini oldirib tashlagan.

XS
SM
MD
LG