Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:56

Moskvada "Spartak" ishqibozini urib o‘ldirgan farg‘onalik Jahongir Ahmedov 7 yilu 3 oyga kesildi


Jahongir Ahmedov O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishiga qaramasdan, bu mamlakatda hibsga olinib, Rossiyaga qaytarib berilgan edi.
Jahongir Ahmedov O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishiga qaramasdan, bu mamlakatda hibsga olinib, Rossiyaga qaytarib berilgan edi.

Moskva viloyati Pushkin shahar sudi “Spartak” futbol klubi ishqibozini urib o‘ldirganlikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosini 7 yilu 3 oy qamoq jazosiga hukm qildi.

Asli farg‘onalik 25 yoshli Jahongir Ahmedov shu yilning 13 may kuni 22 yoshli Rossiya fuqarosi Leonid Safьyannikovni o‘ldirib qo‘ygani sud tergovida tasdiqlandi, deya xabar qilmoqda rus matbuoti.

5 noyabr kungi hukmga ko‘ra, Jahongir Ahmedov qasddan odam o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohatini yetkazganlikda aybdor, deb topildi va jazoni qattiq rejimdagi qamoqxonada o‘tashi belgilandi. Sud xulosalariga ko‘ra, Ahmedov Safyannikovga musht otishi natijasida, jabrlanuvchi boshi bilan beton plitaga yiqilgani oqibatida keyinchalik kasalxonada vafot etgan.

May oyida ro‘y bergan hodisa Moskva viloyatida rus millatchilari tarafidan tartibsizliklarning uyushtirilishiga olib kelgan edi.

Bu voqeadan keyin Jahongir Ahmedov O‘zbekistonga ketib qolishga ulgurgan edi. Lekin u O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishiga qaramasdan, bu mamlakatda hibsga olinib, Rossiyaga qaytarib berilgan edi.

Rossiyada, ayniqsa, futbol ishqibozlari millatchilik kayfiyati bilan tanilgan va ular tarafidan markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga nisbatan zo‘ravonliklar sodir etilishi odatiy holga aylangan.

XS
SM
MD
LG