Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:42

UMS o‘ziga yoqqan raqamni istovchilarga 10 dollarlik xizmat joriy qildi


Yangi ochilgan UMS mobil aloqa operatori ofisi oldida simkarta olish uchun navbat.
Yangi ochilgan UMS mobil aloqa operatori ofisi oldida simkarta olish uchun navbat.

UMS mobil aloqa operatori taklif qilgan raqamlarni yoqtirmagan mijozlar bundan buyon 10 dollarlik "navbatsiz raqam" xizmatidan foydalanib, o‘zi xohlagan "oddiy raqam"ni xarid qilishi mumkin. Shirkatning "marketing hiylasi", deb tanqid qilinayotgan bu xizmatidan sobiq MTSdagi raqamlarni qaytarib olishni istovchilar foydalanishga urinmoqda.

9 dekabrdan boshlab UMS xodimlari taklif qilgan raqamlarni yoqtirmagan mijozlarga 10 dollarlik xizmatni taklif qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan va o‘zini Abdurasul deb tanishtirgan UMS vakiliga ko‘ra, "navbatsiz raqam" deb atalgan tarifdan foydalanishni istovchilardan olinadigan 10 dollar mijoz xohlagan raqamni shirkat bazasidan qidirish va uning bo‘sh yoki band ekanini aniqlab berish uchun olinadi.

- Misol uchun, o‘zingizga kerak bo‘lgan raqamni sistemadan qidirtirasiz. Agar raqam bo‘sh bo‘lsa, ulab berishadi. Siz shu raqamni qidirtirganingiz uchun 10 dollar to‘laysiz. Ya‘ni, mijozlarga avval raqamlar ro‘yxati taklif qilinadi. Undagi variantlar yoqmasa, mijoz "navbatsiz raqam" pullik xizmatidan foydalanishi mumkin, - dedi shirkat vakili.

Ozodlik tinglovchilarning: "Sobiq MTS-O‘zdunrobita shirkatidagi raqamini tiklamoqchi bo‘lganlar bu xizmatdan foydalanishi mumkinmi?" mazmunidagi savolini shirkat vakiliga berdi.

- Ha, albatta. Agar, u raqam bo‘sh bo‘lsa, ulanish uchun belgilangan 3 dollarni, "navbatsiz raqam" xizmati uchun alohida 10 dollarni to‘laysiz. Agar siz izlagan raqam maxsus "maska"da ko‘rsatilgan "chiroyli raqam" bo‘lsa, qidiruv uchun pul to‘lamaysiz. Belgilangan tarifni to‘laysiz, xolos, - dedi UMS xodimi.

Kuzatuvchilar UMS aloqa operatornining "navbatsiz raqam" pullik xizmatini mavjud ehtiyojdan qo‘shimcha pul ishlashni ko‘zlagan "marketing hiylasi" deb tanqid qilmoqda. Ya‘ni, SIM-karta olish uchun idoraga kelgan xaridorga avvaliga cheklangan miqdordagi "oddiy" raqam taklif qilinmoqda va bundan tabiiy ravishda qoniqmagan xaridordan qo‘shimcha haq olinmoqda.

Ayniqsa, bu vaziyatda sobiq MTS-O‘zdunrobita shirkatidan olgan eski raqamiga o‘xshash raqamni olish niyatida borgan mijozlar beixtiyor "navbatsiz raqam" pullik xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ladi. Zero, ikki yarim yil oldin birdan o‘chirilgan eski raqamini tiklamoqchi bo‘lganlar soni esa oz emasligi aytilmoqda.

Shu bois, UMS shirkatining yangi xizmati ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Twitter foydalanuvchilari orasida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

"Yo odamlar kallasi bilan urishib kolibdi yoki UMS. Nima bu odamlarni ustidan kulishmi?" deb yozadi, jumladan, Umarov Baxtiyor ismli foydalanuvchi.

O‘zini Kapitan Mifune, deb nomlagan foydanuvchi esa yangi mobil aloqa operatorini o‘z mijozlaridan har qanday yo‘l bilan bo‘lsin, pul undirishga urinayotganlikda ayblamoqda.

"Menga shunday tuyulayaptimi yoki UMS chindan ham faqat surbetlarcha pul shilish bilan mashg‘ulmi? Qandaydir bir raqam uchun 10 ming "ko‘kidan" so‘raydi, 10 dollarga esa navbatsiz emish", deb yozadi ajablanganini yashirmagan foydalanuvchi.

"Moliyaviy direktori o‘zbekka o‘xshaydi", deb kinoya qildi Furqat ismli o‘zbekistonlik Tvitter foydalanuvchisi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga ko‘ra, uzundan-uzun navbatlar arimayotgan UMS ofislari oldida navbatini pullayotgan ucharlarning norasmiy xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

"Eng qizig‘i, navbati yaqinlashib qolgan bir bola kelib, oka joyimni beraman, ko‘ngildan chiqarib berarsiz, deb taklif qildi", deb yozadi Kama Noir ismli Tvitter foydalanuvchisi.

Yangi aloqa operatorining chiroyli kombinatsiyaga ega raqamlarni 100 dollardan 10 ming dollargacha sotishi ham foydalanuvchilar e‘tiroziga sabab bo‘lgan edi.

UMS brendi ostida 1 dekabrdan O‘zbekiston bozoriga qaytgan MTS shirkatining yangi ochilgan ofislari oldida boshlangan navbatlar ur-yiqitga aylanib ketgani haqida xabar bergan edik.

Rossiyaning MTS shirkati qariyb ikki yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonda tiklagan faoliyatini shu taxlit tanqidlar ostida boshlamoqda.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi - O‘zdunrobita 2012 yilda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va boshqa moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hukumat tarafidan yopib qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG