Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:06

MXX So‘xga Qirg‘izistondan pilotsiz uchqich o‘tganiga e‘tiroz bildirdi​


Belarus chegarachilari Polsha bilan chegara hududida pilotsiz boshqariladigan uchuvchi apparatni ishga tushurishmoqda.
Belarus chegarachilari Polsha bilan chegara hududida pilotsiz boshqariladigan uchuvchi apparatni ishga tushurishmoqda.

Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston qurshovidagi eksklavi So‘x tumanida 16 dekabr kuni noma‘lum uchuvchisiz apparat harakati qayd etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi axborot xizmati ma‘lum qildi. Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatda Bishkek rasmiysi bunday bayonotni rad qildi.

MXXning Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi tarqatgan xabarda aytilishicha, 2014 yilning 16 dekabr kuni kunduzgi soat 11:15 da Qirg‘izistonning Botken viloyati tomondan oq rangli uchuvchisiz apparat noqonuniy ravishda O‘zbekiston hududiga uchib o‘tgan. Apparat 250 metr balandlikda ichkariga 7,5 kilometr kirib, soat 12:15 da Qirg‘iziston hududiga qaytib o‘tgan.

Qirg‘izston Davlat chegara xizmati qirg‘iz-o‘zbek chegarasida bunday voqea yuz bermaganini bildirmoqda. Xizmatning jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘limi rahbari Gulmira Bo‘rubayevaning Ozodlikka aytishicha, uchuvchisiz apparatning Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududiga noqonuniy tarzda o‘tgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroqdir:

- Uchuvchisiz apparatning qirg‘iz-o‘zbek chegarasini buzib O‘zbekiston hududiga o‘tgani biz tarafimizdan qayd etilmagan. Qirg‘ig‘istonga tegishli bo‘lgan uchuvchisiz apparatning chegarani buzib o‘tgani haqidagi ma‘lumot esa to‘g‘ri emas. Bu ma‘lumot haqiqatdan yiroq, dedi Gulmira Bo‘rubayeva.

Ismini ochiqlashni istamagan so‘xlik Ozodlik bilan suhbatda bir necha kun avval Qirg‘iziston tarafidan So‘x tumaniga uchib o‘tgan noma‘lum uchuvchi apparatni so‘xliklarning ko‘pi ko‘rganini tasdiqladi:

- Men bu narsani o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Soat kunduzgi 11-12 larni orasida edi. Ko‘chada turgan edik, tepamizga qarasak o‘sha narsa ketayapti. Na tovushi bor, na boshqasi bor. Rosa hayron qoldik. Nima ekan¸ deb qarab turdik. Bu narsa Qirg‘izistondagi Haydarkan tomondan keldi, dedi suhbatdosh.

Unga ko‘ra, uchuvchisiz apparat So‘x osmonida bir soatdan ko‘p uchganidan so‘ng Qirg‘iziston hududiga qatib o‘tib ketgan:

- Yolg‘on gapirmasam, men bir soat, bir yarim soat uchganini ko‘rdim o‘sha narsani. Adashmasam 500 metr balandlikda uchdi. Samolyotdan kichkinaroq, lekin ko‘rinishi samolyotga o‘xshaydi. Rangi oq. Keyin Qirg‘izistonga qaytib uchib ketdi, dedi So‘x eksklavi turg‘uni.

Uning aytishicha, noma‘lum apparat so‘nggi bir necha kun ichida Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududiga ikki marta uchib o‘tgan:

- Kechami, kechadan oldinmi - yana o‘tda o‘sha narsa. Shuni men ikki marta ko‘ryapman. Nimaligini bilmadim endi, deydi ismini ochiqlashni istamagan suhbatdosh.

Milliy Xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi 16 dekabrda ro‘y bergan voqea bo‘yicha e‘lon qilgan ma‘lumotida yana shunday holat yuz bersa, O‘zbekiston o‘z havo hududini himoya qilish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rish huquqidan foydalanishga majbur bo‘lishini bildirgan.

O‘zbekiston chegarasida pilotsiz boshqariladigan uchuvchi apparatlar bilan bog‘liq mojaro ilk bor ro‘y berayotgani yo‘q. 2012 yilning fevral oyida Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistoga qarashli dron qozoq chegarasini buzib, mamlakat havo hududiga noqonuniy o‘tganiga oid xabar bergan edi.

Bundan bir oy oldin, 2014 yilning 26 noyabrida Vazirlar Mahkamasi pilotsiz boshqariladigan uchuvchi apparatlarni O‘zbekistonga olib kirish, realizatsiya qilish va ulardan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG