Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:03

Dunyoning 8 shirkati Qirg‘izistondan 1,5 milliard dollar talab qilmoqda


Qirg‘iziston adliya vaziri Almambet Shikmamatovning ma‘lum qilishicha, bugungi kunda Qirg‘izistonga qarshi 8 shirkat 1, 5 milliard dollarlik da‘vo arizasi bilan xalqaro sudlarga murojaat qilgan. Vazir 2010 yilgi aprel inqilobidan so‘ng mazkur shirkatlar faoliyati Qirg‘iziston hukumati tomonidan to‘xtatib qo‘yilgani ortidan ular sudga murojaat qilganini aytdi. Adliya vazirining iddao qilishicha, 8 shirkatning barchasi sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning ayni paytda Londonda qochqinlikda yurgan o‘g‘li Maksim Bakiyev bilan hamkorlikda ishlagan.

-Mana shu sakkiz shirkat Qirg‘izistonda Maksim Bakiyev va uning do‘sti Gurevichning qo‘llab-quvvatlashi bilan faoliyat yuritgan. Shuning uchun ham bu shirkatlarni hukumat milliylashtirishga majbur bo‘lgan. Bizda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi, bu shirkatlar faoliyati noqonuniy bo‘lganini isbotlab, ularni milliylashtirish, ikkinchisi esa, xalqaro sudlardan qo‘rqib, yirik korxonalarni xalqaro tovlamachilarning ixtiyorida qoldirish. Biz birinchi yo‘lni tanladik, -dedi Almambet Shikmamatov.

Biroq shu kungacha Qirg‘iziston bu kabi ishlar ko‘rib chiqilayotgan Xalqaro sudlarda yutilib qolmoqda. Masalan, Moskva Xalqaro arbitraji Qirg‘iziston hukumatini Turkiya shirkatiga 11 million dollar, latviyalik tadbirkor Belokonga 16,5 million dollar to‘lab berishga majbur qiluvchi qarorlarni chiqargan. Bundan tashqari Kanada sudi Qirg‘izistondagi eng yirik “Qumtor” oltin koni aktsiyalarini hibsga olgan. Moskva arbitraji Kanadaning “Stens enerji korp” shirkati foydasiga Qirg‘izistondan 118 million dollar undirib berish haqida qaror chiqargan.

Xalqaro sudlarning shirkatlar foydasiga hukm chiqarayotgani tashqi qarzi xavfli ko‘rsatkichga yaqinlab qolgan va iqtisodi zaif Qirg‘iziston uchun qattiq zarba bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston Moliya vaziri Olga Lavrova noyabr oyida Qirg‘izistonning tashqi qarzi Ichki yalpi mahsulotning 60 foiziga yaqinlab, pul miqdorida 3 milliard 400 million dollardan oshgani haqida ma‘lumot bergan edi.

Qirg‘iziston Moliya vaziri Olga Lavrova ochiqlagan ma‘lumotlarda aytilishicha, Qirg‘iziston Xitoydan 1 milliard 42 million dollar, Rossiyadan 300 million dollar, Yaponiyadan 253 million dollar, Germaniya va Turkiyaning har biridan 100 million dollar qarzdor. Bundan tashqari Qirg‘izistonga Jahon banki 700 million dollar, Osiyo banki 600 million dollar, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 200 million dollar qarz bergan.

Agar bu qarzlarga shirkatlarning sudlardagi da‘volari qo‘shilsa, u holda Qirg‘izistonning tashqi to‘lovlari miqdori 5 milliard dollardan oshib ketadi.

XS
SM
MD
LG