Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:41

Bekobodlik Zohirjon militsionerlar tomonidan kaltaklanganini aytmoqda


Bekobodga bozorlik qilish uchun borgan Zohir Xudoyqulov dehqon bozorida mahsulotlari musodara qilingan ayollarga yuqori organlarga shikoyat yozishni tavsiya qilgani uchun uchastkovoy tomonidan bir necha soat davomida kaltaklanganini iddao qilmoqda.

Bekobod tumanidagi Taqachi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Zohir Xudoyqulovning Ozodlik radiosiga bildirishicha, u 8 yanvar kuni Bekobod dehqon bozoriga bozorlik qilish uchun borgan. U yerda Zohir Xudoyqulov militsiya xodimlari ayrim savdogar ayollar sotayotgan oziq-ovqat mahsulotlari musodara qilinayotgani ustidan chiqqan. Suhbatdoshimiz militsiya xodimlarining o‘zaro gaplaridan mahsulotlar qariyalar uyi foydasiga musodara qilinayotganini anglagan. Bir ozdan so‘ng Xudoyqulov bozordagi militsiya uchastkasi oldida o‘nga yaqin ayollar to‘planib turganini ko‘rgan. U ayollardan nega bu yerda turganlarini so‘raganida, savdogar ayollar unga mahsulotlari musodara qilinayotganini aytgan. Shundan so‘ng Zohir Xudoyqulov savdogar ayollarga “agar mahsulotingiz noqonuniy musodara qilingan bo‘lsa, bu yerda turish o‘rniga yuqori organlarga shikoyat yozing”, deb maslahat bergan. Mana shu gapdan so‘ng uni militsiya xodimlari qo‘lga olib, bir necha soat davomida qattiq kaltaklagan.

- Men ayollarga haq bo‘lsalaring shikoyat qilinglar, dedim. Shu gapni aytdimu ketdim. Bir vaqt pomidor olayotsam uch-to‘rtta militsioner kelib: “Uchastkaga yuring, o‘sha yerda gaplashamiz”, deb kuch bilan olib ketdi. Uchastkada uchastkovoy “Seni 15 sutkaga jo‘nataman”, deb do‘q qildi. “Senga qonun kerakmi, hozir senga qonunni ko‘rsataman”, deb qo‘l ostidagi militsionerlarga “Bu bizning ishimizga to‘sqinlik qildi, degan protokol yozishasan”, deb buyruq berdi, - dedi Zohir Hudoyqulov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, shundan so‘ng uni tuman militsiya bo‘limiga olib borishgan.

- Soat 12.30lar atrofida militsiya bo‘limiga olib kirib ketishdi. Bu yerda meni soat uchlargacha do‘pposlab kaltaklashdi, - dedi Zohir Xudoyqulov.

Toshkentlik huquq faoli Shuhrat Rustamovning aytishicha, militsiya xodimlari kaltaklaridan ichki a‘zolari qattiq lat yegan Zohir Xudoyqulov tumandagi kasalxonalardan biriga murojaat qilgan, lekin shifokorlarga uni militsiya xodimlari kaltaklaganini aytmagan.

- UZIda tekshirganlarida uning buyragida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lgani aniqlangan. Istima chiqa boshlagan. U kasalxonaga kelganidan ozroq vaqt o‘tib, militsiyaning jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari kasalxonaga kelib, shifokorlardan Xudoyqulovni kasalxonadan chiqarishni talab qilgan. Xullas u yerda ham bir –ikki soat janjal bo‘lgan, - dedi huquq faoli.

Shuhrat Rustamovning aytishicha, ayni paytda Zohir Xudoyqulov Toshkentdagi kasalxonalardan birida davolanmoqda. Uning ishi bo‘yicha ma‘lumotlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga jo‘natilgan.

Mazkur maqola tayyorlanayotgan paytda O‘zbekistonning So‘x ekslavidagi maktablardan birining direktori Ozodlik muxbiriga sim qoqdi. O‘zini Sadriddin deb tanishtirgan maktab direktorining aytishicha, So‘x tumanidagi qishloqlardan birida ham xuddi shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan. Suhbatdoshimizning aytishicha, So‘x tumani Sharqobod qishlog‘i uchastkovoyi mahalliy maktab direktorini gap qaytargani uchun 15 sutkaga qamab qo‘ygan.

-Bizda Sharqobod degan qishloq bor. Mana shu qishloqdagi maktabning direktori Juma Jamol degan shoir, yozuvchi odam edi. Avvallari tuman gazetasida jurnalist bo‘lib ishlagan, So‘xda obro‘si juda katta odam. Bilmadik, uchastkavoy militsionerning unda bir adovati bormi, gap qaytargani uchun 15 sutkaga qamab qo‘yibdi. Axir bu tumanda taniqli bo‘lgan ziyoli, shoir odamga nisbatan xurmatsizlik-ku, - dedi suhbatdosh.

Ozodlik muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun So‘x tumani rasmiylariga murojaat qildi. Biroq rasmiylar majlislarda band ekanliklarini aytishib, bu voqea yuzasidan izoh berishni istamadi.

XS
SM
MD
LG