Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:09

Istanbulda o‘zbek muhojirlariga bosimni to‘xtatish talab qilindi


11 yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahrida musulmon qochqinlarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyoda musulmonlarga ko‘rsatilayotgan bosimlar, muhojirlarga nisbatan uyushtirilayotgan suiqasdlardan bahs etib, turk rasmiylaridan turkistonlik muhojirlarga qardoshlarcha munosabatda bo‘lishni talab qildilar.

Istanbulning Fatih Sarachxane parkida yakshanba kuni o‘tkazilgan norozilik tadbirida turkiyalik va turkistonliklardan iborat 1000 dan ziyod kishi qatnashdi. Bu haqda Ozodlikka tadbir tashkilotchisi bo‘lgan “Turkiston-Der” jamiyati Bosh kotibi Olim O‘qtoy Chatqal ma‘lum qildi.

Uning aytishicha, norozilik tadbiri uyushtirilishiga o‘tgan oyda Istanbulda o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyga nisbatan uyushtirilgan suiqasd turtki bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulloh Buxoriy o‘tgan yilning 10 dekabrь kuni Istanbulning Zeytunburnu mavzeida otib ketilgandi. Bu suiqasd qabatida Qirg‘iziston, Rossiya va Shvetsiya kabi mamlakatlarda o‘zbek imomlari va muxolifatchilariga qarshi amalga oshirilmish hujumlarni tilga olgan Olim O‘qtoy Chatqal bugungi namoyishda bir qancha talablar yangraganini aytadi.

- Birinchisi – Turkiston jumhuriyatlarida bo‘lgan siyosiy va diniy bosimlarga qarshi, shu zulmlarni, jinoyatlarnidunyoga e‘lon qilish. Ikkinchisi – Turkiyada yashagan turkistonlik qochqinlar, muhojirlarga yaxshi muomala qilishni talab qilamiz turk rasmiylaridan. Chunki ular bizning o‘z qardoshlarimiz bo‘lgan kishilardir. Shuning uchun ularga boshqa begonalarga qilingani kabi muomala qilish to‘g‘ri emas. Vizasi tugagan yoki iqomat muddati tugab qolgan kishilarni O‘zbekistonga, Tojikistonga yoki boshqa bosim bo‘ladigan joylarga deport qilish aslida bir zulm va jinoyat bo‘ladi. Biz turk rasmiylari turkistonlik muhojirlarga ansor bo‘lishsin, deb talab qilamiz, - dedi “Turkiston-Der” jamiyati Bosh kotibi.

Olim O‘qtoy Chatqal bugungi tadbirga matbuot va televideniyedan ko‘plab vakillar kelganini ta‘kidlab, ular vositasida o‘z talablari turk rasmiylari va jamoatchiligiga yetishi hamda o‘z ta‘sirini ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

“Turkiston-Der” jamiyati Bosh kotibiga ko‘ra, “Etar! O‘zbekiston va Rossiyaning muhojirlarga qarshi qaratilgan jinoyatlariga norozilik bildiramiz” shiori ostida o‘tkazilgan bugungi tadbir qator maqsadlarni ko‘zlab o‘tkazilgan.

- Birinchisi, o‘sha jumhuriyatlarda (musulmonlarga nisbatan) bo‘lgan katta zulmlarga diqqat qaratishdir. Ikkinchisi (faqat Turkiyadagi) bir kishi emas, Yevropada, Qirg‘izistonda bo‘lgan suiqasdlarga e‘tibor qaratish uchun qilganmiz, - dedi Olim O‘qtoy Chatqal.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha yil muqaddam Qirg‘izistonda imom Muhammadrafiq Kamolov va jurnalist Alisher Soipov, Rossiyada imom Isomiddin Akbarov va muxolifatchi Fuad Shokiriy, Shvetsiyada esa imom Obid qori Nazarovga nisbatan suiqasdlar uyushtirilgandi.

Istanbuldagi norozilik namoyish ishtirokchilari bu suiqasdlar O‘zbekiston va Rossiya istixborat xizmatlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan, degan qanoatdalar.

Quyida Istanbuldagi namoyishda olingan fotosuratlar bilan tanishishingiz mumkin:​

XS
SM
MD
LG