Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:04

Karimov: O‘zbekistonda har uch odamning ikkisida uyali telefon bor


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov mamlakatda har uch odamning ikki nafari mobil telefoniga egaligi va bu aholining turmush farovonligi tobora oshayotganidan dalolat ekanini ta‘kidladi.

O‘zbekistonda 20 million odam uyali telefon xizmatidan foydalanmoqda. Internetdan foydalanuvchilar soni esa 10,2 millionga yetgan. Bu haqdagi statistik ma‘lumotlar 16 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov og‘zidan yangradi.

O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining 16 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘inda mamlakatda 20 million odam uyali telefon xizmatidan foydalanishi va bu aholi ravnaqi belgisi ekanini qayd etdi.

Janob Karimovga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda har bir oilaga o‘rtacha 3-4tadan uyali telefon to‘g‘ri kelmoqda.

- O‘tgan yilda 500ta yangi baza stantsiyasi ishga tushirilganidan so‘ng O‘zbekistonda mazkur yuqori texnalogiyali aloqa tizimidan foydalanuvchilar soni 20 millionga yetdi, aholiga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmati hajmi esa 26 foizga oshdi,- dedi Karimov.

Janob Karimov, shuningdek, O‘zbekistonda Internet narxi avvlgi yillardagidan 11,6 foizga kamaygani bois ushbu tarmoqdan foydalanuvchilar soni 10,2 millionga yetganini ta‘kidladi.

- Mamlakat Internet tarmog‘ida ma‘lumotlarni o‘tkazish quvvati to‘rt baravar oshdi, tezlik esa 1 yarim baravar ortdi, - dedi Karimov.

Bundan avvalgi chiqishlarida janob Karimov O‘zbekistonda har uch oilaning biri yengil avtomobilga egaligi haqida gapirgandi.

Aholi farovonligi uyali telefonlar soni bilan o‘lchanmaydi

O‘zbekistonlik Tohir Sobirovning ishonishicha, prezident Islom Karimov keltirgan statistika to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Lekin aholi ravnaqi va farovonligi mashinalar yoki uyali telefonlar soni bilan o‘lchanmaydi.

- To‘g‘ri hozir O‘zbekistonda maktab o‘quvchisida ham uyali telefon bor. Ko‘pchilik eng so‘nggi IPhone yoki Samsung apparatlarini ko‘tarib yuribdi. Qishloqqa borsangiz ham shu. O‘rtog‘im bor, qishloqda yashaydi. Uyi yiqilaman, deb turibdi, qo‘lida Samsung S5. O‘zi non-choyga yashaydi. Nimasi farovonlik buni, - deydi o‘zbekistonlik Tohir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston statistikasida 20 million abonent qayd etilgani bilan shuncha odam uyali telefon xizmatidan foydalanishini anglatmaydi.

- Hozir o‘lik nomerlar ko‘paygan. SIM kartani olib, bir-ikki kun foydalanganidan so‘ng, boshqasini oladiganlar ko‘p. Bundan tashqari bir odam uch-to‘rtta nomer olib qo‘ygani bor, - deydi Tohir Sobirov.

Aksar o‘zbekistonliklar abonentlar soni ortgani bilan aloqa sifati yaxshilanmaganini aytishadi.

- MTSni o‘rnida ochilgan UMS da aloqa yaxshiroq bo‘ladi deb umid qilgan edik, baribir avvalgi MTSdagiday emas. Bundan tashqari qimmat. Internet tezligi ham risoladagiday emas, - deydi UMS mijozlaridan biri.

O‘zbekistonda mobil aloqa sifati MTS O‘zbekiston mamlakatdan chiqib ketganidan so‘ng yomonlashdi.

Soliqlarni to‘lamaslik kabi bir qator qonunbuzarliklarda ayblangan MTS O‘zbekiston 2013 yilda litsenziyadan mahrum etilgandi.

O‘zbekistondagi mobil aloqa bozorining 40 foizi aynan shu shirkatga to‘g‘ri kelgan.

Natijada bir kunni o‘zida 10 millionga yaqin mijoz mobil telefon aloqasidan uzilib qolgandi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik foydalanuvchilar Internet xizmati narxi ham baland ekanidan nolishadi.

Qimmatligi bois ko‘pchilik undan foydala olmayotir. Hozirgi vaqtda Internetdan foydalanish bahosi O‘zbekistonda kunduzi soatiga o‘rtacha 600 so‘m, kechki paytda 400 so‘m, tunda 250 so‘m va azonda 200 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu narxlarni oylik maoshlarga solishtirganda O‘zbekistonda buni hammaning cho‘ntagi ko‘taravermayapti.

XS
SM
MD
LG