Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:47

O‘zbekistonlik 10 yashar qiz Volgada cho‘kayotgan ikki bolani qutqarib qoldi​​


O‘zbekistonlik Alfiya Tojiboyeva Engels shahar masjidining old o‘quvchilaridan biri.
O‘zbekistonlik Alfiya Tojiboyeva Engels shahar masjidining old o‘quvchilaridan biri.

Rossiyani Saratov viloyati Engels shahrida istiqomat qilayotgan 10 yashar o‘zbekistonlik Alfiya Tojiboyeva muzlagan Volga daresida cho‘kayotgan ikki yosh bolani qutqarib qoldi. Haqiqiy qaxramonga aylangan Alfiya shahar ma‘muriyati va u o‘qiyotgan maktab tomonidan munosib taqdirlanishi xabar qilinmoqda. Onasi farroshlik qiladigan Engels shahar masjidi vakillari Ozodlikka bu qizaloq Qur‘oni Karim hofizasi ekanini ham aytib berishdi.

O‘tgan seshanba, 10 fevral kuni soat 15lar atrofida Saratov viloyatining Engels shaharchasida 7 yoshli Dasha Tanginova va uning 6 yashar ukasi Misha yoshi kattaroq Alfiyani Volga bo‘yiga sayr qilgani chaqirgan.

Alfiya Tojiboyeva
Alfiya Tojiboyeva

Alfiyaning qarshiligiga qaramasdan yupqa muz ustiga chiqqan bolalar birdan suv ostiga ketgan. Ularni tortib olishga ko‘zi yetmagan Alfiya o‘zini suvga otgan va cho‘kayotgan bolalar uning ustiga tirmashib suvdan chiqib olgan.

- Men ularga “elkamga chiq”, dedim. Avval quruqlikka Dasha, uning ortidan Misha chiqib oldi. Keyin men o‘zim chiqdim. Bu juda tez sodir bo‘ldiki, umuman sovuqni sezmabman,- deya eslaydi Alfiya.

Suvga tushgan bolalarni birinchi bo‘lib daryo bo‘yida aylanib yurgan er-xotin Yevgeniy va Valentina Shipovlar ko‘rib qolgan. Shipovlar bolalarni ko‘tarib daryo yaqinidagi birinchi bino – mahalliy tibbiyot kollejiga olib kiradi.

Engels tibbiyot kollejining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor muovini Tatyana Sorokina o‘sha kungi voqeani eslar ekan, kollej o‘qituvchilari va talabalar birgalikda jiqqa ho‘l bo‘lgan bolalarga birinchi yordam ko‘rsatishganini aytib berdi:

Misha va Dasha Tanginovlar kollej xodimlari bilan
Misha va Dasha Tanginovlar kollej xodimlari bilan

- Talabalar, laborantlarimiz bolalarga yordam ko‘rsata boshladi, kiyim-kechaklarini quritdik, spirt bilan artdik, issiq suvda isitdik va choy berdik. Shipovlar avvaliga katta yo‘lda ketayotgan mashinalarni to‘xtata boshlagan ekan, ammo to‘xtagan taksi haydovchisi avtomobil saloni xo‘l bo‘lishini aytib, bolalarni sovuqda tashlab ketgan. Keyin ular bizning kollejga yugurib kelgan. Talabalarimiz ustilaridagi quruq kiyimlarni yechib berdi, men ularni hatto shu ahvolda fotosuratga olishga ulgurdim,- deydi Svetlana Sorokina.

Kollej xodimasi kuni kecha bu hodisa to‘g‘risida markaziy televideniye muxbirlari kelib, reportaj tayyorlaganini ham ma‘lum qildi.

Spirt bilan artilgan, issiq choy ichgan va quruq kiyimga kiyintirilgan bolalar shundan keyingina shifoxonaga olib borilgan. Shifoxona vakillari sovuqda turib qolgan Misha va Dasha biroz shamollab qolgani, Alfiya esa onasi qaramog‘iga uyga jo‘natilganini bildirishdi.

Saratovlik Yevgeniy va Valentina Shipovlar
Saratovlik Yevgeniy va Valentina Shipovlar

Ushbu hodisadan bir kun o‘tar-o‘tmas, Engels shahar jome masjidi jamoasi vakillari Tojiboyevlar oilasidan xabar olgani bordi va musulmonlar tomonidan yig‘ilgan 22 ming rubl yordam pulni taqdim etdi.

Saratov viloyatining Sovetskiy tuman masjidi imomi Ravshan Tursunxo‘jayev shamollagan bolalar shu kuni kasalxonaga olib borilgan, ammo yaxshi davolamasdan uyga jo‘natilgani sababli Alfiyaning shamollashi qaytadan qo‘zigan, deydi.

- O‘sha kuni mediklar bolalarni ko‘zdan kechirganda biroz noprofessional ish tutgan: yaxshiroq tekshirish o‘rniga ularga darrov javob berib yuborishgan. Bir-ikki kun o‘tmasdan asorati ta‘sir qilib, qizcha angina-temperaturalari boshlanib ketibdi. Uchinchi kuni bolani shifoxonaga olib ketishdi – ikki kundan beri o‘sha yerda. Ayolimdan so‘radim, telefon qilib hol-ahvol so‘ragin, deb. Shu voqeadan keyin borib ko‘rishib keldik. Mening ayolim yaxshiroq taniydi – ular 10 yillar oldin kelib qolgan O‘zbekistondan. Shu yerda ishlab yurishibdi. Qizchaning onasi, yaka ikki ukasi bor,- deydi Saratov viloyatining Sovetskiy tuman masjidi imomi Ravshan Tursunxo‘jayev.

7 yoshli Dasha Tanginova va uning 6 yashar ukasi Misha
7 yoshli Dasha Tanginova va uning 6 yashar ukasi Misha

Suhbatdoshning bildirishicha, Alfiya Tojiboyeva Engels Jome masjidi qoshidagi diniy maktabning eng a‘lo tolibalaridandir. Imom Alfiyaning ota-onasi o‘ta kamtarin inson ekanini gapirar ekan, ular hatto o‘zlariga bo‘lgan bunday e‘tibordan noqulay bo‘layotgani va shaxsan intervyu berishga tortinayotganini aytdi.

- Bir vaqtlari, endi ko‘chib kelib ish topolmayotgan paytda, onasi Albina bizda masjidda farrosh bo‘lib ishlagan. Hozir u boshqa joyda ishlaydi. Men o‘zim ham o‘sha Engelsdagi kotta masjidda dars beraman. Ikki yil oldin o‘sha masjidda Qur‘on bo‘yicha konkurs o‘tkazganmiz. Bu qizcha qizlar orasida birinchi o‘rinni olgan edi. Hofiza bo‘lmasa ham, adashmasam, ikki nominatsiya bo‘yicha chiroyli o‘qib, birinchi o‘rinni egallagan. U shu masjidda “Islom asoslari”dan ta‘lim oladi,- deydi imom Ravshan Tursunxo‘jayev.

Ma‘lum bo‘lishicha, Tojiboyevlar oilasi bundan bir necha yil oldin Rossiya fuqaroligini olgan.

Engels shahri ma‘muriyati xodimlari mardlik ko‘rsatgan Alfiya Tojiboyevani munosib taqdirlamoqchi ekanini ma‘lum qilishdi. Shahar hokimligining Ta‘lim-tarbiya ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari muovini Yuliya Taushankova 19-sonli maktabning 4 “a” o‘quvchisi Alfiya Tojiboyeva munosib taqdirlanishi to‘g‘risida tegishli qaror allaqachon ijroga berilganini Ozodlikka bildirdi.

O‘zbekistonlik qizaloq o‘qiyotgan maktabda ham Alfiya sog‘ayib ketganidan keyin maktab yig‘ilishida taqdirlanishini bildirishdi.

XS
SM
MD
LG