Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:26

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janozasiga o‘n minglab odam yig‘ildi​


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janozasi o‘tayotgan hudud odamlar bilan liq to‘la.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janozasi o‘tayotgan hudud odamlar bilan liq to‘la.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janozasi Toshkentdagi Shayx Zayniddin jome (Ko‘kcha) masjidida peshin namozidan keyin o‘qildi. Ozodlikning Toshkentdagi manbalarining aytishicha¸ Shayx Zayniddin jome masjidi atrofi ertalabdan odamlar bilan liq to‘lgan.

Janoza namoziga marhumning o‘g‘li Ismoil Muhammad Yusuf imomlik qildi.

Janoza namozi oldidan nutq qilgan O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov zabardast olimning vafotini “butun Islom olamining ulkan musibati” deb atadi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvarqori Tursunov esa ulug‘ allomaning vafotini “osmonning yerga qulashi”ga mengzadi.

Janozada ishtirok qilish uchun odamlarning devorlardan oshib tushgani haqida ham xabarlar bor.

Tobutni tavof qilaman deb uringan odamlar harakati bois tartibsizlik kelib chiqargan.

O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan ko‘p sonli namozxonlar marhumning tobutiga yelkam tegib qolsin deya urinishgani Anvar qori Tursunovning e‘tiroziga sabab bo‘ldi.

Janoza o‘qilayotgan maydon atrofida xavfsizlik choralari favqulodda kuchaytirilgani ham bildirildi.

10 mart kuni 63 yoshda vafot etgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janozasi o‘qilgan Toshkentdagi Shayx Zayniddin masjidi joylashgan Ko‘kcha mavzesiga eltuvchi yo‘llarda avtomobil qatnovlari to‘xtatildi.

Janoza marosimini kuzatgan toshkentlik muslima ayol Mo‘tabar Ahmedovaning aytishicha O‘zbekistonning yangi tarixida bunaqa katta janoza kuzatilmagan:

-Ko‘kchaga boradigan barcha yo‘llar bekilgani bois haydovchilar mashinasini tashlab piyoda masjidga qarab yurishdi. Ko‘cha odamlar bilan liq to‘ldi. Men esimni taniganimdn beri bunaqa katta janozani ko‘rmaganman¸ deydi suhbatdosh.

Janozada Toshkent shahar imom-hatibi Anvar qori Tursunov doxil diniy arboblar ishtirok etdi.

Bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy saytida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti munosabati bilan ta‘ziya bildirilgan xabar chiqarildi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 63 yoshida vafot etdi.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 63 yoshida vafot etdi.

Xabarda 2015 yil 10 mart kuni kechqurun Toshkentda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yurak xurujidan olamdan ko‘z yumgani ta‘kidlanadi.

Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabarnomasida shayxning hayot va ijod yo‘li bayon etilib, uning islom dini va xalq uchun qilgan xizmatlari e‘tirof etilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning oila a‘zolari, yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etgan.

Hamdardlik mujdalari

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi va Rossiya muftiylar kengashi raisi, shayx Ravil G‘aynuddin shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti munosabati bilan barcha musulmonlarga va olimning yaqinlariga hamdardlik izhor etdi.

“Ustoz Muhammad Sodiq o‘zidan minglab shogirdlar, ilmiy kitoblar qoldirdi. U umrini Islomning haqiqiy yo‘lini o‘rganish va tushuntirishga bag‘ishladi. Uning shogirdlari orasida O‘zbekistonning islom o‘quv yurtlarida o‘qigan, hozirda Rossiyada zabardast bo‘lgan 10dan ortiq olim mavjud. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf doimo xalq bilan birga edi, oddiy musulmonlardan o‘zini olib qochmasdi”, deyiladi Rossiya musulmonlari idorasi saytida chop etilgan hamdardlik bildiruvida.

Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning bir qancha diniy arboblarining hamdardliklari e‘lon qilingan.

Jumladan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham hamdardlik izhor etarkan, marhumning chechen xalqining haqiqiy do‘sti bo‘lganligini ta‘kidlab, u zotning xotirasi uchun poytaxt Grozniy shahridagi ko‘chalardan biriga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini ma‘lum qilgan.

XS
SM
MD
LG