Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:32

O‘shlik advokatlar yana bosimga uchrayotganlaridan shikoyat qilmoqda​


"Bir dunyo Qirg‘iziston" tashkiloti rahbari To‘laykan Ismailova qamoqxonada bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan huquq faoli A‘zimjon Asqarov bilan uchrashmoqda.
"Bir dunyo Qirg‘iziston" tashkiloti rahbari To‘laykan Ismailova qamoqxonada bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan huquq faoli A‘zimjon Asqarov bilan uchrashmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan O‘shdagi “Bir dunyo Qirg‘iziston” huquq tashkiloti ofisini tintuv qilish jarayonida O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan huquq faoli A‘zimjon Asqarov hamda ekstremistlikda ayblanib hibsda saqlanayotgan taniqli imom Rashodxon Kamolov ishiga oid hujjatlar musodara qilindi.

Bishkekda 31 mart kuni matbuot anjumani o‘tkazgan huquq faollari “Bir dunyo Qirg‘iziston” nodavlat tashkiloti ofisi tintuvi paytida O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan huquq faoli A‘zimjon Asqarov, ekstremistlikda ayblanib hibsda saqlanayotgan taniqli imom Rashodxon Kamolov, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan kaltaklangan Dilyor Jumaboyev, Hakimjon Obidjonov va uning otasi, mazkur xizmat xodimlari tomonidan pora talab qilingan aravonlik ishbilarmon Boyboboyev ishiga oid hujjatlar va advokatlik surishtiruvi natijalari musodara qilinganini aytdilar.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda aytilishicha, 26 va 27 mart kunlari nodavlat tashkiloti ofisi, advokatlar Valerian Vahitov va Husanboy Soliyevlarning uylari tintuv qilinishiga mazkur shaxslarning amerikalik mustaqil jurnalist Umar Farruh bilan aloqa qilganlari sabab bo‘lgan.

Umar Farruh 25 mart kuni O‘shda milliy ozchiliklarga nisbatan munosabat, Suriyaga ketgan jihodchilar va mahalliy diniy tashkilotlar faoliyatini o‘rgangani uchun ekstremistlikda gumonlanib qo‘lga olingan, ammo oradan ikki kun o‘tgach, uning harakatlarida jinoyat unsurlari topilmagani uchun ozod qilingani aytilgan edi.

Advokat Valerian Vahidovning aytishicha, Umar Farruh bahonasida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chekistlarga oid jinoyat ishlarini ham olib ketgan.

- Men ta‘kidlamoqchimanki, tortib olingan jinoyat ishlari orasida, jumladan, Milliy xavfsizlik qo‘mitasining o‘z xizmat vazifasini suyiste‘mol qilgan uch xodimiga nisbatan to‘plangan hujjatlar ham bor edi. Biz bu xodimlardan jabrlangan fuqarolar huquqlarini himoya qilayotgan edik. Bizning advokatlik surishtiruvimiz natijasida qo‘lga kiritgan barcha hujjatlarimiz hozir milliy xavfsizlik xodimlari qo‘lida. Ayni paytda milliy xavfsizlik xizmatida bizning 105 faylimiz bo‘lgan 5 noutbuk saqlanmoqda. Biz xatto sud jarayonlarida ham ishtirok eta olmay qoldik, - dedi Valerian Vaxitov.

Huquq faollari 4 soat davom etgan mazkur tintuvlar Qirg‘iziston qonunlari, jumladan, "Advokatura to‘g‘risida"gi qonunga zid ravishda o‘tkazilgan, degan iddaoni olg‘a surmoqda. Ammo Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiysi Raxat Sulaymanov tintuvlar sud hukmi bilan o‘tkazilganini hamda tintuv jarayonida bir qator taqiqlangan ekstremistik adabiyotlar topilganini aytdi:

- Bugungi kunda bu materiallar qo‘shimcha teologik ekspertizaga jo‘natildi. Hozir bu masalada ekspertiza ish olib bormoqda, -deb bildirdi Raxat Sulaymanov.

Ayni paytda taniqli huquq faoli To‘laykan Ismailova “Qirg‘izistonda bugungi kungacha muayyan materialni ekstremistik, deb aniqlash vakolatiga ega bo‘lgan legitim tashkilot mavjud emas”, deydi. Unga ko‘ra, bunday institutning yo‘qligi ortidan "huquq-tartibot tuzilmalari xodimlari kambag‘al, lekin dindor odamlarni ko‘plab noqonuniy hibs qilmoqda, ularnig uylaridan topilgan turli diniy adabiyotlar esa ekstremistik adabiyot sifatida talqin qilinmoqda hamda bu ish estremistlikka qarshi kurash sifatida jamoatchilikka taqdim qilinmoqda".

O‘shda advokatlarga nisbatan bu kabi bosimlar avval ham kuzatilgan. 2010-2013 yillar davomida asosan O‘sh voqealarida ayblanib qamalgan etnik o‘zbeklarning advokatlariga jabrlanuvchi tarafdan hujumlar bo‘lgan, ayrim hollarda huquq-tartibot idoralari tomonidan ham bosim ko‘rsatilgani aytilgan.

Valerian Vahitov va Husanboy Soliyev etnik ozchilik vakillariga nisbatan o‘tkazilgan ko‘plab jarayonlarda qatnashgan advokatlar sifatida o‘shliklar orasida mashhur.

XS
SM
MD
LG