Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:45

Qozog‘istondagi avariyada O‘shdagi bir oilaning 5 a‘zosi halok bo‘ldi​


Olmaota - Yekaterinburg yo‘lida sodir bo‘lgan avtomobil to‘qnashuvida halok bo‘lgan o‘shlik 62 yoshli Mavjuda O‘rinboyeva, uning 34 yoshli qizi va balog‘atga yetmagan uch nevarasining jasadi halokatdan uch kun o‘tib Qirg‘izistonga olib kelindi.

O‘shning Shamshod mavzesida istiqomat qilgan 62 yoshli Mavjuda O‘rinboyeva 18 aprel kuni 34 yoshli qizi va 3 nabirasini olib Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida ishlovchi o‘g‘lining oldiga borish uchun yo‘lga chiqqan edi. 19 aprel kuni ular mingan avtomashina Qozog‘iston hududiga o‘tganidan so‘ng halokatga uchradi va bu oilaning safarga chiqqan barcha a‘zolari halok bo‘ldi.

Qirg‘iziston Favqulotda vaziyatlar vazirligi bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda jasadlar Qozog‘istondan Qirg‘izistonga olib kelingan. Bugun ularning jasadi O‘shga olib kelinib dafn etilishi kutilmoqda.

Jasadlarni vafot etgan bolalarning otasi Rahimjon O‘rinboyev olib kelmoqda. Halok bo‘lgan oilaninig yaqinlaridan biri Abdumannop ota bo‘lib o‘tgan voqea haqida mana bularni gapirib berdi:

-18 aprel kuni shomda mana shu yerdan ketgan edi. Shanba kuni shomda telefon qilibdi, “Biz Bishkekdan Qozog‘istonga o‘tdik”, debdi. Shu ketgan bo‘yi ertasiga soat o‘nlarda shunday bo‘ldi, deb eshitdik.

- Kimdan eshtinglar sizlar?

- Narimon uchastkasidan uchastka melitsiyalari kelib “Shamshod ko‘chasida O‘rinboyevlar bormi”, deb so‘rabdi. “Ha bor”, deb ko‘rsatib berishgan ekan. OblGAIni oldida katta o‘g‘lini uyi bor edi. Uni chaqirib kelishibdi. Keyin militsionerlar qo‘rqib ketmasin deb, asta surishtirib, yotig‘i bilan aytishibdi. Keyin u ham nima qilishni bilmay bizga aytdi. Keyin kuyov bolaga, o‘lgan Gavxaroyning eri Bishkekda ishlardi, unga telefon qildik. Dod - faryod qilib mashina bilan o‘sha avariya bo‘lgan yerga ketgan, - deydi vafot etgan O‘rinboyevlar yaqinlaridan biri Abdumannop ota.

Fojea 19 aprel kuni taxminan soat kunduzgi o‘nlar chamasi Qozog‘istonning Jambul viloyati Mo‘yunqum tumanida sobir bo‘lgan. Unda “Gazel-2705” va “Mersedes-Bens” sprinter rusumidagi avtomashinalar to‘qnashib ketgan. Qirg‘izistonliklar “Mersedes-Bens” kichik avtobusida bo‘lgan.

Olmaota - Yekatirinburg yo‘lida sodir bo‘lgan avariya natijasida jami 16 kishi vafot etgan.

Vafot etganlarning 15 nafari va jabrlanganlarning besh nafari Qirg‘iziston fuqarosi ekani aniqlangan. Halokat oqibati yuzaga kelgan yong‘inda bir necha odam tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan. Hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda. Biroq ularning ham qirg‘izistonlik bo‘lishi mumkinligi tahmin qilinmoqda. Vafot etganlardan bir nafari Qozog‘iston fuqarosi ekani aniqlangan. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Abdisharip Bekilov ma‘lum qildi.

Unga ko‘ra fojeadan jabrlanganlar Qozog‘istonning Qaraganda viloyati Priozersk shahar kasalxonasiga yotqizilgan.

Abdisharip Bekilovga ko‘ra, Qirg‘iziston Favqulotda vaziyatlar vazirligi tomonidan voqeada vafot etgan qirg‘izistonliklar jasadini olib kelish uchun Qozog‘istonga maxsus avtomashina yuborilgan.

Rasmiyning aytishicha,vafot etganlar orasida o‘shlik O‘rinboyevlarning uch farzandidan tashqari yana boshqa yosh bolalar bo‘lishi ham mumkin:

- Kimligi noaniq qolayotgan jasadlar orasida ham yosh bolalar bo‘lishi mumkin. Negaki o‘zinglar sur‘atda ko‘rganinglardek, odamlarning jasadi tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan. Hozirda bizda qancha odam kuygani to‘g‘risida ham aniq ma‘lumot yo‘q. Negaki avtomashinada qancha odam bo‘lgani to‘g‘risida aniq ma‘lumot bo‘lmayapti. Sababi O‘shdan chiqqan mashinada o‘n to‘qqiz, yigirma, ba‘zi ma‘lumotlar bo‘yicha o‘n sakkiz odam bo‘lishi mumkin. Hozirda Qozog‘istondagi hamkasblarimiz bu masalada aniqlashtirish ishlarini olib borayapti, - deydi Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Abdisharip Bekilov.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev mazkur avtoavariyada halok bo‘lgan barcha qirg‘izistonliklarning yaqinlariga ta‘ziya bildirdi. Shuningdek, prezident marhumlarni vataniga olib kelish hukumat hisobidan amalga oshirilishini bildirib, tegishli tashkilotlarga bu borada ko‘rsatma berdi.

XS
SM
MD
LG