Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:22

Bishkekda O‘sh qirg‘inida o‘zbeklar va qirg‘izlarni qutqarganlar mukofotlandi​


O‘sh qirg‘inida 500ga yaqin odam halok bo‘lgan, minglab uylar yoqib yuborilgan edi.
O‘sh qirg‘inida 500ga yaqin odam halok bo‘lgan, minglab uylar yoqib yuborilgan edi.

Bugun Qirg‘iziston prezidenti 2010 yilgi qonli O‘sh fojealari kunlarida o‘zbeklarni saqlab qolgan qirg‘izlar va qirg‘izlarni qutqarib qolgan o‘zbeklar vakillaridan 12 kishini qabul qiladi va o‘z sovg‘alarini topshirdi. Besh yil oldingi etnik to‘qnashuvlar paytida insoniyligini yo‘qotmagan bu kabi odamlarni mukofotlash tashabbusini bir necha kun oldin o‘shlik huquq faoli Izzatulla Rahmatullayev ko‘targan edi.

"Qahramonlarni aniqlash ishlari davom etadi"

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning matbuot kotibi Janar Akayev bugun Bishkek vaqti bilan soat 11 da besh yil oldingi qonli to‘qnashuvlarda turli millat vakillari hayotini saqlab qolgan va xavfsiz joylarga ko‘chirgan yoki o‘z uyida saqlagan 12 kishini qabul qilganini tasdiqladi.

Тинчлик элчилари президент билан учрашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:46 0:00

Janar Akayevning aytishicha, prezident Atambayev ularga o‘z sovg‘alarini, jumladan, prezident soatlarini topshirdi.

Janar Akayev O‘sh qirg‘ini kunlari o‘zbeklar hayotini saqlab qolgan qirg‘izlar va qirg‘izlarni qutqarib qolgan o‘zbeklar juda ko‘p bo‘lgani, bu kabi odamlarni mukofotlash to‘g‘risidagi tashabbus ko‘tarilganidan so‘ng o‘tgan bir necha kun ichida faqat 12 kishining nomi aniqlanib, ular shoshilinch ravishda Bishkekka prezident bilan uchrashuvga chaqirilganini ma‘lum qildi. Unga ko‘ra, bu kabi mard odamlarni aniqlash ishlari bundan buyon ham davom etadi.

Kimlar mukofotlandi?

Kurmanbek Axmedov – O‘sh voqealari paytida Olabuqadan O‘shga uchta yuk mashinasida oziq-ovqat yetkazib berishni uyushtirgan. Ortga qaytayotganda o‘qqa tutilgan. Ammo shunga qaramay O‘shdan 700 talaba qizni olib chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Muzaffar Isakov – Toshbuloq qishlog‘ida aholiga faol yordam ko‘rsatgan, keyinroq mazkur qishloq rahbarligiga saylangan.

Nazira Mamitova – Jalolobod shahri markazida beshta ko‘p qavatli uyning xavfsizligini ta‘minlagan. O‘zbek oilalarni qirg‘iz xonadonlariga joylashtirgan, etnik ozchilik vakillari bo‘lgan qariyalarga ko‘maklashgan.

Abdumalik Sultonxo‘jayev – qirg‘iz, o‘zbek, ruslardan iborat besh oilani o‘z uyida yashirgan, odamlarni yashirgan uylarga un tarqatgan.

Nikolay Shvab – o‘z uyida turli millat vakillaridan iborat besh oilani yashirgan.

Baygazi Ermatov –O‘sh voqealari paytida o‘z uyida o‘zbek, kurd, tojik va turk millatiga mansub 45 bola va 12 katta yoshdagi odamlarni yashirgan.

Omurbek Akimbayev – besh kun davomida o‘z uyida o‘zbek millatiga mansub 30 odamni yashirgan.

Jakshibay Joroyev – O‘shdagi “Rembittexnika” shirkati yerto‘lasida 9 o‘zbekni yashirgan va 20 odamni O‘zbekistonga o‘tkazib yuborgan.

Baktikan Kubatbekova – o‘z uyida turli millatga mansub 20 odamni yashirgan.

Karomatxon Nishonova – qirg‘in kunlari aholi bilan ishlashni yo‘lga qo‘ygan, tungi navbatchiliklarni uyushtirgan.

Toktokan Turganbayeva – 20 o‘zbek oilasining xavfsizligini ta‘minlagan.

Baxodir Xolmatov – ommaviy tartibsizliklarga barham berishda faol ishtirok etgan, yuzga yaqin qirg‘izlarni xavfsiz joylarga ko‘chirgan, qirg‘iz mahallalaridan olib chiqilgan 500 o‘zbekni vaqtincha xavfsiz yerlarga joylashtirgan.

"Odamlar telefon qilib, o‘zlarini qutqargan insonlar haqida ma‘lumot bermoqda"

Besh yil oldingi etnik to‘qnashuvlar paytida o‘zbeklar va qirg‘izlarni qutqargan odamlarni mukofotlash tashabbusini bir necha kun oldin o‘shlik huquq faoli Izzatulla Rahmatullayev ko‘targan edi.

Izzatulla Rahmatullayevning aytishicha, tashabbus ko‘tarilgan kuni unga prezident ma‘muriyatidan telefon qilishgan hamda bu kabi qahramonlar ro‘yxatini tuzishda yordam berish so‘ralgan. Izzatulla Rahmatullayevning aytishicha, turli manbalar, jumladan, huquq himoyachilari tomonidan suratga olingan hujjatli filmlar hamda hisobotlarda qahramon sifatida nomi tilga olingan shaxslar ro‘yxati tuzilib, ular 9 iyun kuni Bishkekka prezident bilan uchrashuvga taklif qilingan.

- Bu xabar paydo bo‘lganidan so‘ng menga hozir ko‘plab o‘zbeklar va qirg‘izlar telefon qila boshladi. Ular o‘zlarining hayotini saqlab qolgan odamlarning kimligini aytishmoqda. Hozir yangi ro‘yxatni tuzish ustida ish olib borayapmiz, - dedi Izzatulla Rahmatullayev.

XS
SM
MD
LG