Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:19

Arslonbobda uylar tintuv qilinishiga qarshi miting o‘tkazildi


Арслонбобдаги митингда 300дан ортиқ одам иштирок этди.
Арслонбобдаги митингда 300дан ортиқ одам иштирок этди.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumanidagi asosan etnik o‘zbeklar istiqomat qiluvchi Arslonbob qishlog‘i aholisi 5 yanvar kuni militsiya xodimlarining qishloqdagi uylarda tintuv o‘tkazganiga qarshi norozlik mitinggi uyushtirdi. Uyi tintuv qilingan arslonbobliklar militsiya xodimlarining harakatlarini “millatchilik ko‘rinishi” sifatida baholamoqda.

5 yanvar kuni Arslonbob qishlog‘i markazida o‘tkazilgan mitingda uch yuzdan ortiq odam ishtirok etgan. Mitingda so‘zga chiqqanlar militsiya xodimlarining qishloqda bir necha marta tintuv o‘tkizganlaridan va qishloq aholisi “terrorchilar sifatida gumonlanayotgani”dan norozi ekanliklarini aytishdi.

-Bugun Haqni haq degani uchun qancha- qancha erkaklar terrorist bo‘ldimi birodarlar? Urushga ketayotganda hamma avtomatlarni yig‘ib kelib, o‘ttiz-qirqta melisa bitta kichkina qishloqqa kirib keladimi, - dedi mitingda so‘zga chiqqan norozilardan biri.

Uyi tintilgan Hasanboy To‘xtasinov militsiya harakatlarini tanqid qildi. Hasanboy To‘xtasinovning aytishicha, militsiya xodimlari hech qanday dalil-isbotsiz uni “Hizbut Tahrir” partiyasiga a’zolikda ayblashgan.

- Men qonunga qarshi harakatlarni qilmaganman, birorta joyda varaqa yoki disk bilan qo‘lga tushmaganman. Ayblashdan oldin Qirg‘iziston hukumati mening “Hizbut Tahrir”ga a’zoligimni isbotlab berishi kerak-ku. Biz juda norozimiz. Nega ular bizni “Hizbut Tahrir”ga a’zolikda ayblab, bola-chaqalarimizni qo‘rqitib, yig‘latib, ayollarimizni dod-voy soldirib, uylarimizda tintuv o‘tkizib, xalqning yuragiga qo‘rquv solayapti? Biz mana shunday adolatsiz mamlakatda yashayapmizmi?- dedi uyi tintilgan Hasanboy To‘xtasinov.

Uyi tintuv qilinganlardan yana biri - 60 yoshli Azimjon To‘xtasinov militsiya xodimlari “millat ajratayapdi”, deb hisoblaydi. Uning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga aytishicha: “Birinchi marta bunday bo‘layotgani yo‘q. Militsionerlar ko‘p marta bostirib kelishgan. Bunday ishlar qachon to‘xtatiladi, noma’lum bo‘lib qolmoqda. Arslanbob qishlog‘ida asosan o‘zbek millatiga mansub odamlar yashaydi. Organ xodimlari to‘p-to‘p bo‘lib kelib uylarni tintuv qilishi xalqda noto‘g‘ri fikrlarni paydo qilayapti”.

Arslanbobliklar mitingga chiqishlaridan bir kun oldin, ya’ni 4 yanvar kuni Bozorqo‘rg‘on tuman markazida ham yuzga yaqin kishi militsiya xodimlari tomonidan uylar tintuv qilinayotganiga qarshi norozilik namoyishiga chiqqan edi.

Jalolobod viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylari Jalolobod shahri, Suzoq, Bozorqo‘rg‘on va Novken tumanlarida 30 va 31 dekabr kunlari haqiqatan ham bir qator uylar tintilganini tasdiqladi. Militsiyaga ko‘ra, uyi tintilganlarning barchasi diniy-ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda gumonlangan shaxslardir.

-Uy tintilganlar “Hizbut Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotining a’zosi sifatida ro‘yxatga olingan shaxslardir. Uyni tintuv qilishdan oldin uy egalaridan: “Noqonuniy narsalaringiz bo‘lsa o‘z ixtiyoringiz bilan militsiya topshiring”, - deb iltimos qilindi. Ular bosh tortganidan so‘ng kirishga majbur bo‘lganmiz. Tintuv operatsiyalari qonuniy asosda, mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida o‘tkazildi, -dedi Jalolobod militsiyasi matbuot kotibi Miktibek Turdukulov.

Huquq-tartibot tuzilmalarining ikki kunlik qo‘shma amaliyoti paytida jami 17 xonadon tintuv qilingan. Militsiya rasmiylari tintuv paytida 200ga yaqin ekstremistik mazmundagi kitob, varaqa, flesh karta, disklar va “Beksa-12” rusumidagi qurol musodara qilinganini bildirmoqda. Qurol arslonboblik Akbar Asqarovga tegishli bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Akbar Asqarovning mazkur qurolni uyda saqlash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarda Jalolobod viloyati bo‘yicha 500 odam diniy-esktremistik guruh a’zosi sifatida ro‘yxatda turishi aytiladi. Ularning qirq nafarga yaqini Arslonbob qishlog‘ida yashovchi shaxslardir.

XS
SM
MD
LG