Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:56

Moskvada qirg‘iz qizlarni "patriot"lardan himoya qiladigan guruhlar tashkil etildi


"Patriot"lar qirg‘iz qizni xo‘rlayotgan videodan olingan surat.
"Patriot"lar qirg‘iz qizni xo‘rlayotgan videodan olingan surat.

Moskvada boshqa millat vakillari bilan yurgan qirg‘iz qizlarni kaltaklayotgan “patriot”larga qarshi tuzilgan qirg‘iz yoshlarining “Kemenger” va “Jani muun” guruhlari qirg‘izistonlik ayollarni ishdan so‘ng uylariga kuzatib qo‘yish va ularni tahdidlardan himoya qilish majburiyatini oldi. Bungacha “patriot”lar tomonidan, jumladan, o‘zbek yigitlari bilan yurgan qirg‘iz qizlar va qirg‘iz qizlar bilan yurgan o‘zbek yigitlari ham kaltaklangan edi.

Moskvada tashkil qilingan qirg‘iz yoshlarining “Kemenger” va “Jani muun” guruhlari 2 martdan boshlab ishdan kech chiqqan qizlarni “patriot”lardan himoya qilib, uylariga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. “Kemenger” ning o‘zbekcha ma’nosi “Donishmand”, “Jani muun” esa “Yangi avlod” degan ma’noni beradi.

“Kemenger” guruhi vakili Adilet Childebaev o‘zining Facebook sahifasida bu tashabbusga Moskvada ishlab yurgan 130 nafar qirg‘izistonlik yigit qo‘shilganini aytdi. O‘zlarini himoyaga muhtoj, deb his qilgan qizlar va ayollar ish vaqti tugaganidan so‘ng 8 925 459-0001 yoki 8 925 115-4038 telfonlariga qo‘ng‘iroq qilishlari lozim. Shundan so‘ng yigitlar ularni kutib olib, uylarigacha olib borib qo‘yadilar.

Adilet Childebaevning aytishicha, bir kun ichida ularga 26 qiz telefon qilib, himoyaga muhtoj ekanliklarini aytishgan. Ularning barchasi yigitlar himoyasida uylariga yetkazib qo‘yilgan.

Qirg‘iz qizlarini boshqa millat vakili bilan yurishiga qarshi bo‘lgan “patriot”lar 2012 yili Rossiyada paydo bo‘lgan. Ular qizlarni yalong‘och qilib kaltaklab, so‘roq qilayotgan videolarni internetda tarqatib keladi.

Bunga qadar Moskvada o‘zlarini “patriot” deb atab olgan qirg‘iz yigitlar boshqa millat vakillari bilan yurgan qirg‘iz qizlarni kaltaklaganlari ko‘p kuzatilgan. Jumladan, 2015 yilning avgustida o‘zbek yigit bilan yurgan qirg‘iz qiz va qirg‘iz qiz bilan yurgan namanganlik yigit “patriot”lar tomonidan kaltaklangan, shundan so‘ng bu voqea tasvirlangan video ham ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan edi.

Bundan bir necha kun avval fevral oyida boshqa millat vakillari bilan Moskvada sayr qilib yurgan ikki qirg‘iz qizni kaltaklagan uch nafar “patriot” qo‘lga olingani xabar qilindi. Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining Moskvadagi vakili Askat Aliev “patriot”larning qo‘lga olinishida ijtimoiy tarmoqlarning yordami katta bo‘lganini aytdi.

-Biz Facebook orqali kaltaklangan qizlarni topishga muvaffaq bo‘ldik. Jabrlanuvchilar bilan aloqa o‘rnatganimizdan so‘ng ularni kaltaklagan odamlarni qidira boshladik. Bir necha kun ichida Moskvada qizlarni kaltaklagan uch yigit qo‘lga olindi. Ularning barchasi Qirg‘iziston fuqarolari. Ular 1989, 1995 va 1996 yilda tug‘ilgan ekan. Bugungi kunda ular Moskva politsiyasi hibsxonasida saqlanmoqda. Ularning jinoyatlari isbotlansa, Rossiyada sud qilinadi, -dedi Askat Aliev.

Qo‘lga olingan “patriot”lar Moskva politsiyasidagi so‘roq paytida qirg‘iz tilida o‘z qilmishlarini “uyat” sifatida baholab, butun Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘ragan.

-Butun xalq, barcha qirg‘iz eli oldida kechirim so‘rayman. Bundan buyon bunday ishlarni qilmayman. Afsuski, men qilib yurgan ish “patriot”lik emas, balki yigit kishi uchun sharmandalik ekanini kech tushundim, -dedi qo‘lga olinganlardan biri.

Rossiyadagi qirg‘iz qizlarini boshqa millat vakillari bilan yaqin munosabatda bo‘lganlikda ayblab, kaltaklagan va bu “aql kiritish” jarayonini videotasvirga olib, uni internetda tarqatgan yigitlar qo‘lga olingani haqida avval ham xabarlar tarqalgan. Biroq “millat sha’ni uchun qayg‘urgan” bu yigitlarning birontasi ham javobgarlikka tortilgani haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG